Britaniya qirolichasi Yelizaveta II 8-sentabr oqshomida 96 yoshida vafot etdi. Bu haqda Bukingem saroyi ma’lum qildi.
Qirolicha 1952-yilda taxtga o‘tirgan bo‘lib, Buyuk Britaniya va Angliya tarixidagi eng uzoq hukmronlik qilgan monarx hisoblanadi.
Yelizaveta II roppa-rosa 70 yil taxtda o‘tirdi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
“Qirolicha bugun Balmoralda tinchgina jon berdi”, deyiladi 8-sentabr kungi qirollik oilasi xabarida.
Yelizaveta II ning to‘ng‘ich o‘g‘li – sobiq Uels shahzodasi Charlz yangi qirol sifatida motam marosimiga boshchilik qiladi.
Vrachlar nazorati ostida bo‘lgan Yelizaveta II ahvoli keskin yomonlashgani haqida 8- sentabr kuni kunduzi ma’lum bo‘lgandi.
So‘nggi bir necha oy mobaynida Yelizaveta II sog‘lig‘ida muammolar kuzatilgan, 2021-yil oktabrida u oxirgi 8 yil ichida ilk bor Londondagi kasalxonalardan biriga yotqizilgan va o‘sha yerda bir kecha-kunduz qolgan.
Shundan so‘ng qirolicha vrachlar tavsiyasi bilan uzoq joylarga safar qilishdan bosh tortgan va omma oldiga hassaga tayangan holda chiqa boshlagan.
Avvalroq qirolichaning barcha farzandlari hamda qirollik oilasining boshqa a’zolari Shotlandiyadagi Balmoral qasriga yetib borishgan.
Qirolicha toj kiyganiga 70 yil to‘lgani munosabati bilan iyun oyi boshida tashkil qilingan tantanalarda deyarli ishtirok etmadi.
Iyul oyida esa, garchi oldindan rejalashtirilgan bo‘lsa-da, Birmingemdagi Hamdo‘stlik o‘yinlarining ochilish marosimida qatnashishdan voz kechdi.
O‘tgan haftada ham Yelizaveta II Shotlandiya shimoli-sharqidagi Bremor qishlog‘ida o‘tkazilgan an’anaviy Tog‘liklar o‘yinlariga bormadi.
Yelizaveta II 6-sentabr kuni sobiq tashqi ishlar vaziri Liz Trassni bosh vazir lavozimiga tayinlagan edi. U Trassga keyingi hukumatni tuzishni topshirgan.
Mazkur uchrashuv qirolichaning Shotlandiyadagi qarorgohida – Balmoral saroyida bo‘lib o‘tdi. Bundan avvalroq Yelizaveta II bu saroyda Boris Jonsonning iste’fosini qabul qilgan.
Odatda Britaniya monarxi bosh vazirlarni Bukingem saroyi yoki Vindzor qasrida tayinlar edi, biroq bu safar qirolicha sog‘ligi sabab shu qarorga kelingan.
Yelizaveta II bundan 70 yil avval – 1952-yilning 6- fevralida taxtga o‘tirgan. U Britaniya hamda Hamdo‘stlik mamlakatlari hisoblanadigan qator davlatlar, jumladan, Kanada, Avstraliya va Yangi Zelandiyaning qirolichasi hisoblanadi.
Shu kuni uning otasi qirol Georg VI vafot etgan edi. O‘shanda 25 yoshli malika Yelizaveta Britaniya mustamlakasi hisoblangan Keniyada safarda edi. Londonga u qirolicha sifatida qaytdi. Biroq unga rasman toj kiydirish marosimi 1953- yilning 2-iyunida o‘tkazildi.
Yelizaveta II Britaniya tarixida eng uzoq muddat taxtda o‘tirgan shaxs sifatida tarixga kirdi. Uning qirolichalik davrida mamlakatda 14 ta bosh vazir almashdi, Britaniyaning ko‘plab mustamlakalari mustaqillikka erishdi va Hamdo‘stlik ittifoqiga kirgan qator davlatlar o‘zlarini Respublika deb e’lon qildi.
Qirolicha Yelizavetaning o‘g‘li Charlz taxt vorisi hisoblanadi. Yelizaveta o‘zining taxtga o‘tirganining 70 yillik yubileyi munosabati bilan xalqqa qilgan murojaatida, vaqti kelib Charlz taxtga o‘tirgach, uning rafiqasi Kamilla Parker-Boulzni qirolicha-konsort deb hisoblashni iltimos qildi. Kornuol gersoginyasi bo‘lgan Kamilla Parker-Boulzga belgilangan tartibga ko‘ra, qirolicha maqomi berilmaydi.
Biroq u qirolicha-konsort sifatida Charlz bilan teng ijtimoiy maqomga ega bo‘ladi, lekin siyosiy vakolatlar va taxt vorisi bo‘lish huquqi unda mavjud emas.