“Dok-1 Maks” ishi: Uchta vazir almashdi, hanuz siyosiy javobgar yo‘q

O‘zbekistonda Hindistonda ishlab chiqarilgan yo‘tal siropidan o‘lgan bolalar soni rasman 69 nafarga yetdi.

Toshkentda 5-yanvarda o‘tgan sudda, shu kungacha “Dok-1 Maks” siropidan yana kamida 18 nafar bola nogiron bo‘lib qolgani ochiqlandi.

Bunga qadar o‘lgan bolalar soni 65 nafar deyilgan, nogironlik haqida aytilmagandi. Jamoatchilik asl raqam bundan ko‘p bo‘lishi mumkinligini aytib keladi.

Yosh bolalarning “Dok-1 Maks”dan oylar davomida zaharlanib, oylar davomida vafot etishi - O‘zbekistonda oxirgi yillarda farmatsevtika va sog‘liqni saqlash sohasidagi eng yirik inqirozga sabab bo‘lgan.

5-yanvar kuni Toshkent shahar sudida Hindistonning Marion Biotech kompaniyasi ishlab chiqargan yo‘tal siropidan yosh bolalar o‘limi bo‘yicha sud qayta boshlandi.

Sudlovga bolalarning ushbu siropdan nogiron bo‘lib qolganiga oid yangi jinoyat ishi hamda 17 nafar ayblanuvchi qo‘shildi. Fojiaga oid yangi raqamlar aytildi.

Aslida “Dok-1 Maks” siropidan bolalarning ommaviy zaharlanishi 2022- yil, oktabrda boshlangan. O‘shanda 65 bola o‘lgani aytilgandi.

Dastlabki sud 2023-yilning 11-avgustida boshlangan. Unda 21 nafar shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 12 ta moddasidagi ayblov bo‘yicha mahkama tergovi boshlangan.

Tergovni Davlat xavfsizlik xizmati olib borgan. Ayblanuvchilar orasida bu dorini Hindistondan olib kelgan “Quramax Medikal” MCHJ direktori hindistonlik S. R. P. hamda O‘zbekiston Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining sobiq direktori Sardor Kariyevlar bor.

Bundan tashqari, “Quramax Medikal” MCHJ va “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” davlat unitar korxonasida ishlagan boshqa mas’ul xodimlar sudga tortilgan.

Hozirgacha 10 dan ortiq sud masjlisi bo‘ldi. 1-dekabrda o‘tgan oxirgi sud majlisida ish qayta tergovga yo‘llandi va bir oylik tanaffus e’lon qilindi.

Shu kungacha, jamoatchilikka aytilgan rasmiy bayonotlarga ko‘ra, xorijdan kelgan import “Dok-1 Maks” siropidan yosh bolalar o‘limiga sabab - dozadir.

Ya’ni, ayni dori tarkibida xavfli dozada etilenglikol va dietilenglikol moddalari borligi aniqlangan.

Bu moddalarni xavfli dozada iste’mol qilgan taqdirda, odam 3 kun ichida komaga tushib, keyinchalik vafot etishi mumkin.

Bu doridan zaharlanish, 2023-yilning sentabr-oktabr oylarida, O‘zbekistondan tashqari - Gambiya, Indoneziya va Hindistonning o‘zida ham qayd etilgan.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

OzodNazar: “Doc-1 Max”нинг 65 қурбони; Ҳавоси ифлос пойтахт; Тиббиётга оид 46 фармон


Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti 2023-yil, 11-yanvarda Marion Biotech shirkati chiqargan ikkala siropni ham ichmaslikni tavsiya qilgandi.

Toshkentdagi sudda ma’lum bo‘lishicha, o‘zbekistonlik shifokorlar vaziyatni ancha oldin anglagan va Sog‘liqni saqlash vazirligini dekabr oyidayoq ogohlantirgan.

Jumladan, 27-oktabr kuni sudda ko‘rsatma bergan mulozim - Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Mamatqul Azizovga ko‘ra, siropni ichgan boladagi ilk o‘lim o‘tgan yilning 29- sentabrida qayd etilgan.

Ammo, o‘sha kezda bu o‘limga aynan “Dok-1 Maks” siropi sabab bo‘lgani noma’lum edi.

“2022-yil 15-dekabrgacha «Dok-1 Maks»ning zaharli ta’siri borligini bilmasdik. Bolalar o‘tkir buyrak yetishmovchiligi bilan murojaat qila boshladi. Samarqand viloyati bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida bolalar gemodializi markazi bo‘lgani uchun qo‘shni viloyatlar — Surxondaryo, Qashqadaryo, Navoiy va Jizzax viloyatlaridan ham o‘tkir buyrak yetishmovchiligi bilan kasallar kela boshladi”, deya sudda ko‘rsatma bergan Samarqand bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Mamatqul Azizov.

Aslida, O‘zbekistonga chetdan kelgan «Dok-1 Maks» preparatining o‘limchil ta’sirini birinchilardan bo‘lib anglagan shifokor Mamatqul Azizovdir.

"Gazeta.uz" Internet nashri Mamatqul Azizovning sudda bergan ko‘rsatmasini to‘liq chop etdi.

Azizov ko‘rsatmasiga qaraganda, samarqandlik shifokorlarda ilk shubha 2023-yilning sentabrida paydo bo‘lgan.

O‘shandayoq Samarqand tibbiyot markazi yuqori tashkilot - Bolalar milliy markaziga buyrak yetishmovchiligidan bolalar o‘layotgani haqida xabar bergan.

Azizovga ko‘ra, yuqoridan esa “bu COVID-19 oqibatida bo‘lib turgani to‘g‘risida axborot” olingan:

“Bu [javob] bizni qoniqtirmadi. Undan keyin biz dekabrning birinchi dekadasida retrospektiv tahlil o‘tkazdik. Retrospektiv tahlil — bugungi holatni undan oldingi holatlar bilan taqqoslab, uning mazmuniga yetish. Tahlillar shuni ko‘rsatdiki, 18 ta, 19 ta bola — o‘lganlar, tirik qolganlarning onasiga shu dorini ko‘rsatsak, hammasi tanidi. Bolalar 4 kun, 5 kun temperatura qilgandan keyin dorilar iste’mol qilgan”, deya keltiradi "Gazeta.uz" nashri Mamatqul Azizovning suddagi ko‘rsatmasidan.

Azizov sudda, o‘z jamoasi 14-dekabr oqshom surishtiruvni tugallab, 15- dekabrda Sog‘liqni saqlash vazirligiga murojaat yo‘llaganini aytdi.

Samarqand viloyat bolalar ko‘ptarmoqli tibbiyot markazi bosh vrachi M. Azizovning xati

Samarqandlik shifokorlarning ana shu murojaati tarmoqlarda e’lon qilib yuborilgan va shundagina keng jamoatchilik “o‘lim siropi”dan xabar topgandi.

Azizovning aytishicha, 22-dekabr kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi bir nechta xodimlardan iborat ishchi guruh viloyatga borib, holatni o‘rgangan.

Sog‘liqni saqlash vazirligi o‘sha kun - 22-dekabrdan Hindistonning «Marion Biotech» shirkati tomonidan ishlangan “Dok-1 Maks” tabletka hamda limon va asal ta’mli sirop dori vositalari savdosini vaqtincha to‘xtatib, ekspertiza boshlanganini bildirgandi.

27-dekabrga kelib, «Dok-1 Maks» vositasi tarkibida etilenglikol va dietilenglikol borligi aniqlangach, DXX Jinoyat Kodeksining 186-3 moddasi 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishini ochdi.

Biroq, shunday buyon “o‘lim siropi”ning O‘zbekistonga kirib kelishiyu bolalar o‘limiga sabab bo‘lishiga mas’ullar hanuz aniqlanmadi.

Avvaliga 65 nafar, hozirga kelib esa 69 nafar bola o‘limiga sabab bo‘lgan jinoyatchilar kimlar, dorini kim olib kelgan va tekshirmay sotuvga chiqargan - hanuz noma’lum.

Ammo, bu orada qator mas’ullar ishdan olindi. Sog‘liqni saqlash vaziri esa 2 marta almashtirildi.

O‘tgan yilning 27-dekabrida “o‘lim siropi” uchun xalqdan kechirim so‘ragan Behzod Musayev 30- dekabrda prezident farmoni bilan Sog‘liqni saqlash vaziri lavozimidan olindi.

Ammo, bu ketish rasman «Dok-1 Maks» vositasidan bolalar o‘limiga bog‘lanmadi. Musayev esa darhol davlat byudjetidan eng ko‘p mablag‘ ajratiladigan yana bir ijtimoiy kompleks - Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri etib tayinladi.

Musayev SSV vaziri sifatida uzr so‘rab qilgan chiqishida, «Dok-1 Maks» bilan bog‘liq bolalar o‘limi uchun mas’uliyatni o‘zidan soqit qilgan, mas’uliyatni birinchilardan bo‘lib o‘lim siropidan shubhalangan va buni tekshirgan samarqandlik shifokorlar zimmasiga yuklagandi.

O‘shanda samarqandlik professor Mamatqul Azizov va yana 6 hamkasbi ishdan olindi. Ammo professor 2023-yilning 13-yanvarida, Musayev vazirlikdan ketgach, yana ishiga qayta tiklandi.

Bundan tashqari, Musayev o‘rniga vazir qilib tayinlangan Amrillo Inoyatov ham ishdan ketdi.

Inoyatov 5-yanvar - Toshkent shahar sudi “Dok-1 Maks”dan bolalar o‘limi bo‘yicha kengaygan jinoyat ishini ko‘rishni boshlagan kunda ishdan olindi.

Bu haqda prezident farmonida ham SSVga hatto bir yil rahbarlik qilmagan Inoyatovning ishdan olinishi sabablari ochiqlanmadi.

Vaholangki, Inoyatov bolalar yo‘tal siropidan zaharlangan kezda vazir o‘rinbosari bo‘lib ishlayotgan edi.

Har ikki sobiq vazir - Amrillo Inoyatov ham, Behzod Musayev ham - aslida “o‘lim siropi” qanday qilib mamlakatga olib kirildiyu bolalar nega oylar davomida zaharlandi, degan savollarga aniq javob bermadi.

Bu ikki rahbarning ishdan olishi bu muammoga bog‘lanmadi va o‘nlab, ehtimol, yuzlab bola doridan zaharlanib, o‘nlab norasida o‘limi yuz berganda normal jamiyatlarda kuzatiladigan qadamni ham tashlamadi - iste’fo bermadi.

Aksincha, Amrillo Inoyatov davrida o‘zbekistonlik bolalar yana bir dori vositasi - “Antistrumin” tabletkasidan ommaviy zaharlandi.

2023-yilning 20-sentabrida O‘zbekistonda bolalarga tarkibida yod moddasi bo‘lgan “Antistrumin” yod preparati berila boshlangan edi.

21-sentabrda Namanganning Chust tumanida “Antistrumin” iste’mol qilgan kamida 71 nafar bola zaharlanishda gumon qilinib kasalxonaga yotqizildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda bunday holat boshqa viloyatlarda ham qayd etilgani aytila boshladi.

Bunda ham Sog‘liqni saqlash vazirligi, xuddi “Dok-1 Maks” fojiasida kuzatilgani kabi oradan ikki oy o‘tgachgina bolalar preparatdan zaharlanganini tan oldi.


Bu esa hali izi qurimagan “Dok-1 Maks” fojiasidan keyin norozilikni yanada alangalatdi va farmatsevtika sohasi sistemali muammolar yig‘ilib qolganini yuzaga chiqargan hodisa bo‘ldi.

Aksar mutaxassislar muammo ildizi dori-darmon savdosi tibbiyotga aloqasi yo‘q bo‘lgan shaxslar qo‘liga o‘tib qolgani va o‘ta korrupsiyalashgan yopiq sohaga aylantirib olingani e’tibor qaratmoqda.

O‘zbekiston hukumati mahalliy nashrlar va ijtimoiy tarmoqlarda “Dok-1 Maks” tufayli bolalar o‘limi yuzasidan milliy motam e’lon qilish haqidagi chaqiriqlarni e’tiborsiz qoldirgan.