Aholi daromadlari tushib ketgan O‘zbekistonda o‘sayotgan yagona narsa: Narx-navo

O‘zbekistonda so‘nggi 1 oy ichida, aholi kundalik ravishda keng iste’mol qiladigan oziq-ovqat mahsulotlari, ayniqsa o‘simlik yog‘i, kartoshka, shakar, go‘sht narxi muttasil ko‘tarilib borayotgani kuzatilmoqda.

Har yili bahor mavsumi va Ramazon oyida oziq ovqat narxining oshishi kuzatiladi. Ammo bu yil pandemiya bois, dunyoda ortayotgan narx-navo hamda mamlakatlararo savdo aloqalarining cheklangani bozor narxiga keskin ta’sir qilgan.

Senat raisi bosh prokurordan kundan kunga oshib borayotgan yog‘ va oziq-ovqat mahsulotlari narxini nazoratga olishni so‘radi. Ammo iqtisodchilarga ko‘ra, hukumat ko‘rayotgan ma’muriy choralar bozordagi narx o‘sishini to‘xtatmaydi, aksincha tezlashtiradi.

Barqaror o‘sish

Ozodlikning Toshkent bozorlaridagi narxlarni o‘rgangan mobil muxbiriga ko‘ra, shu kunda narxi dramatik tarzda oshib borayotgan oziq-ovqat mahsulotlari - kungaboqar ki paxta yog‘i, kartoshka, shakar va go‘sht bo‘lib qolmoqda.

Boshqa oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari narxida ham 5 foizdan - 15 foizga qadar o‘sish bor.

27 - aprel kuni Toshkent bozorlarida xususan, go‘shtning o‘rtacha narxi: suyakli mol go‘shti 68-70 ming, laxm mol go‘shti 75 ming, qo‘y go‘shti 70 ming - 75 ming bo‘ldi.

“Go‘sht narxi stabil o‘syapti. O‘tgan yili shu paytda 50 ming - 55 ming bo‘lgan suyakli mol go‘shti hozir 68-70 ming bo‘ldi. Yomon tarafi go‘sht narxi oshgandan keyin tushmaydi. Uni sun’iy ravishda arzonlatib ham bo‘lmaydi. Esingizda bo‘lsa, urinishdi bunga. Lekin ish bermadi”, deydi mobil muxbir.

Shu kunlarda bozorda kartoshka narxi ham qimmat - o‘rtacha yiriklikdagi eski kartoshka (o‘tgan yilgi hosil) 10 ming so‘m.

“O‘tgan yili shu paytlarda 1 yarim ming so‘mga ham olsa bo‘lardi. Aholi eng ko‘p xarid qilayotgan mahsulot, yog‘ va undan keyin, kartoshka. Hozir yangi kartoshka chiqishni boshladi, bu yog‘iga mahsulot ko‘payib, narx ham tushishi kerak aslida. Lekin bu yil narx juda tushib ketmasa kerak, chunki o‘tgan yili hosil bo‘lmagan. Bu yil ham bahor sovuq keldi. Hozir bozorda Pokiston, Rossiya, hatto Erondan kelgan kartoshka ham bor”, deydi Toshkent bozorlarini kezgan mobil muxbir.

Xaridorlarni qiynayotgan yana bir qimmat mahsulot shakar bo‘lib qolmoqda.

“Shakarning o‘rtacha narxi 8200 - 8300 ming so‘m. 1 yarim oycha oldin 7500 - 8000 so‘m edi. Aslida murabbo mavsumi kelyapti, shakar narxi oshadi. Bu yil qulupnaylar ham o‘tgan yilgiga qaraganda ancha qimmat narx bilan boshladi - yangi chiqqanda 200 ming so‘m, saralari 300 ming so‘m bo‘ldi, hatto. Hozir ancha tushib qoldi, 60 ming, sarasi 100 ming so‘m. Tunov kuni Chirchiqdan kelyapman, yo‘l chetida turib sotayotganlar kilosiga 60 ming so‘m, deydi. Rahmat bozordan olarman, dedim”, deydi mobil muxbir.

Aprel oyi ichida kungaboqar va paxta yog‘i - narxi ham 30 - 38 foizgacha oshib ketgan eng qimmat va eng ko‘p iste’mol qilinadigan mahsulot bo‘lib qolmoqda.

“Kungaboqar yog‘i 1 oy oldin 1 litri 20 ming so‘m edi. Ramazon oyining boshida, birdan 24 ming so‘m ham bo‘ldi. Hozir 22 ming so‘m. Yog‘ni narxini hukumat nazorat qilishga urinyapti, prokuratura ham aralashgan. Shunga stabil 22 ming so‘m bo‘lib turibdi”, deydi bozorlardagi narxni o‘rgangan mobil muxbir.

Mutaxassislar ayrim oziq-ovqat mahsulotlari narxi 34 foizgacha ko‘tarilganini aytmoqda. Ayni paytda, nooziq-ovqat mahsulotlari narxi ham 5 - 10 foiz atrofida oshgani kuzatilmoqda.

Dollar narxi, pandemiya, Ramazon, bahorgi “ilik uzildi”

Bozordagi sotuvchilaru o‘zbekistonlik iqtisodchilar har yili bahor oylarida mahsulotlar qimmatlashi kuzatiladigan bozorlardagi narxga bu yil kompleks omillar ta’sir ko‘rsatayotganini aytmoqdalar.

“Eski jo‘va“ bozorida quruq meva sotadigan sotuvchi bu sabablarni soddagina qilib shunday ifodaladi:

“Dollar oshdi - bu birinchi sabab. Pandemiya - o‘tgan yilidan beri bir tekisdan narxlarni oshiryapti. Keyin Ramazon oyi boshlandi, bundan tashqari har yili bahorgi “ilik uzildi” paytida narxlar oshadi o‘zi. Dunyoda ham pandemiyani deb narx oshgan, deyishyaptiku. Bu yil bozorda ahvol og‘ir. Quruq mevalar ham 100 so‘m - 200 so‘m oshdi. Dollar oshdida. Kuzdan boshlab, quruq mevalaram oshib ketadi, ko‘rasiz. Chunki, bu yil mevalarni sovuq urdi, hali meva-chevayam mo‘l ko‘l bo‘lmaydi bu yil”.

Toshkentlik iqtisodchi Toshbek, O‘zbekiston bozorlaridagi narxlar mavjud vaziyat va og‘ir iqtisodiy ahvol bilan bog‘liq qator omillarga bog‘liqligini aytadi:

“Birinchi navbatda mavsum, o‘tgan yilgi zahiralar tugab, yangisi chiqib ulgurmagan payt. Ikkinchidan, pandemiya bois, ta’minot zanjirida bo‘lgan uzilish yoki cheklovlar sabab tanqisliklar yuz berdi o‘tgan yili, ayrimlari hanuz davom etyapti. Bundan tashqari, inflyatsiyaning keskin o‘sishi yoki bojxona cheklovlari, import cheklovlari. Ya’ni, hozir bozor har tomondan bosim ostida qolgan va bu tabiiyki, narxda aks etyapti. Ya’ni, yog‘ yoki go‘sht narxi pandemiya sabab yoki faqat import qisqargani sabab oshdi, deb aytolmaymiz”.

Iqtisodchi, bundan tashqari, mamlakatda yillardan buyon bozorning erkinlashishiga yo‘l qo‘ymayotgan monopoliya va hukumatning monopol guruhlarni quvvatlab kelishi muammosini yana qayd etdi:

“Masalan, go‘shtni olsak. Qozog‘istondan qoramol importi qisqardi, bu narx oshishiga sabab bo‘lgan bitta omil. Bu yil yem-hashak qimmatladi, shuning uchun vohada ham chorva masalasi og‘irlashdi, bu ham. Ayni paytda, chorvaga yem ta’minoti - masalan, uzoq yillar davomida alohida shirkatlarga ruxsat va imtiyozlar berildi. Istalgan hajmda faqat alohida shirkatlar olib kelardi. Bunaqa shirkatlarning ro‘yxati bor edi. Hozir vaziyat sal o‘zgargan bo‘lsa ham, lekin bozorda 100 foiz raqobat muhiti, shirkatlar orasida erkin raqobat muhitini hali beri ko‘rmaydiganga o‘xshab turibmiz”.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Iqtisodchi Toshbek: zarur iste’mol mollari importiga cheklovni bekor qilish kerak

529 turdagi mahsulot importiga taqiqni bekor qilish so‘ralmoqda

Ammot qo‘mita tilga olgan omillarni qayd etayotgan mamlakatdagi qator iqtisodchilar, aslida aynan birlamchi iste’mol tovarlari importiga cheklovni bekor qilish va bu sohani egallab olgan monopol shirkatlarga zudlikda barham berish zarurligi, aks holda ahvol o‘ta og‘irlashishini aytmoqdalar.

Jumladan, Kun.uz nashriga intervyu bergan qtisodchi Otabek Bakirov, 500 dan ortiq import tovar va xizmatlarni davlat xaridlari sifatida sotib olishga qo‘yilgan taqiq ham bugunggi kunga kelib bozorda narxlar oshishiga ta’sir qilganini ta’kidlaydi.

Joriy yil, 29 - yanvar kuni qabul qilingan Vazirlar Mahkamasi 41-sonli qarori bilan 529 turdagi import tovar va xizmatlarini davlat xaridlari sifatida sotib olishga cheklov o‘rnatildi.

Bu mahsulotlar ro‘yxatida, shu kunda bozorda narxi juda yuqori bo‘lib turgan kungaboqar, paxta, zaytun va araxis yog‘lari kiritilgan.

“Bizda o‘zimizning mahalliy ishlab chiqaruvchilar ko‘pi bilan 300 ming tonna o‘simlik yog‘i ishlab chiqaradi, aholining talabi esa 400 ming tonna. Bundan tashqari, tarkibiga o‘simlik yog‘i solinadigan oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar, oshxona va restoranlarning ham talabi bor — taxminan 250 ming tonna. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar jami 650-700 ming tonnalik talabning, eng ko‘pi bilan, xomashyo yetarli bo‘lsa, 300 ming tonnasini qoplay oladi, xolos. Shunday sharoitda cheklov kiritishning o‘zi noto‘g‘ri edi”, dedi mahalliy nashr bilan suhbatda Bakirov.

O‘simlik yog‘i masalasidagi krizisni sharhlagan iqtisodchi, import cheklovini bekor qilish bilan birga, mamlakat bozorlaridagi narxlarni ma’muriy yo‘l bilane tartibga solish urinishi ham teskari natija berishidan ogohlantiradi:

“Eng asosiysi, o‘simlik yog‘i narxlarini ma’muriy yo‘l bilan cheklashdan tiyilish kerak. Ishlab chiqaruvchilarga ham, vositachi, ulgurji sotuvchilarga ham, importchilarga ham, chakana sotuvchilarga ham narxni cheklash borasida vazifalar qo‘yilishi, bosim uyushtirilishi faqat teskari samara beradi, narx o‘sishini yanada tezlashtiradi”.


Narx-navoni Prokuratura, Markaziy Bank va Senat nazorat qilmoqchi

23 - aprel kuni Senatning 14-yalpi majlisida, rais Tanzila Norboyeva aholida oziq-ovqat mahsulotlari, ayniqsa yog‘ narxining oshishiga norozilik kuchayib borayotganini tilga oldi.

Bozorlardagi narxlar masalasi alohida muhokama qilingan yig‘ilishda Norboyeva ijtimoiy tarmoqlarda aks etgan norozlikni alohida ta’kidlarkan, bosh prokuroridan narx-navo nazoratga olishni so‘radi.

Shu yig‘ilishda chiqish qilgan Markaziy bank raisi Mamarizo Nurmurodov va bosh prokuror Nig‘matilla Yo‘ldoshevlar, oziq-ovqat narxlarini ushlab turish uchun davlat siyosati darajasida yagona chora dasturlar paketi hozirlanayotganini bildirdi.

24 - aprel kuni Senat o‘simlik yog‘ini QQS-qo‘shilgan qiymat solig‘idan 8 oyga ozod qilish haqidagi qonunni ma’qulladi. Rasmiy ma’lumotga ko‘ra, o‘tgan bir yil davomida O‘zbekistonda kungaboqor yog‘i narxi o‘rtacha 38 foizga qimmatlagan.

Jumladan, O‘zbekiston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi fikricha, jahon bo‘ylab oziq-ovqat narxlari, shu jumladan yog‘ narxi ko‘tarilgani mahalliy savdo tashkilotlari uchun narxlar past davrda olib kelingan mahsulotni ham qimmat sotishga bahona bo‘lmoqda. Federatsiya vakili, mahalliy ishlab chiqaruvchilar bir kecha-kunduzdayoq narxlarni keskin ko‘tarib olayotganini aytarkan, "ularning narxni oshirib olishiga asos yo‘q", dedi.

Ayni paytda, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi bayonoticha, "ichki bozorlarda narxlar keskin o‘sishiga birinchi navbatda tashqi jahon bozorlarida narxlar oshishi va o‘tgan hosil yilida etishtirish hajmlari nisbatan kamroq bo‘lishi" sabab bo‘lmoqda.

Hozir dunyo bo‘ylab koronavirus pandemiyasi bilan kurashayotgan ko‘plab iqtisodiy zaif davlatlarda - iqtisodiy tanazzul, oshib borayotgan talab va nobarqaror ta’minot zanjiri tufayli - oziq-ovqat mahsulotlari narxi keskin ko‘tarildi.

Ba’zi mamlakatlarda esa pandemiya tufayli mushkul ahvolga tushib qolgan xaridorlar uchun inflyatsiya “dard ustiga chipqon” bo‘lmoqda.

Jumladan, O‘zbekistonda ham bu yilgi narx o‘sishi aholi real daromadlarining keskin tushib ketishi manzarasida ro‘y bermoqda.