Ramzan Qodirov, chechen izi va Interpol. Allamjonovga kim o‘q uzdi?

Prezident Shavkat Mirziyoyevga yaqin shaxslardan biri hisoblangan Komil Allamjonovga suiqasddan uch hafta o‘tib na hodisa tafsilotlari va na motivlari ochiqlandi. Rasmiy xabarlarda hatto Komil Allamjonov nomi tilga olingani yo‘q.

Allamjonov yaqin-yaqingacha rahbarlaridan bo‘lgan Prezident administratsiyasi va mamlakatdagi xavfsizlikka mas’ul qudratli DXX bu borada sukut saqlayapti.

Ozodlik hodisa yuzasidan o‘z surishtiruvini o‘tkazdi.

Farg‘onadagi “Seul”dan - Janubiy Koreya poytaxtiga…

O‘zbekistonning yaqin tarixidagi eng shov-shuvli siyosiy qotillik urinishi sifatida ko‘rilayotgan Prezident Mirziyoyev administratsiyasining sobiq mulozimi Komil Allamjonovga suiqasddan uch hafta o‘tib, ilk bor nomi Ozodlik surishtiruvida yangragan Javlon Yunusov Janubiy Koreyada ushlangani o‘rtaga chiqmoqda.

Javlon Yunusov Ozodlikning dastlabki surishtiruvidan keyin Interpol qidiruviga berilgan.

Qidiruv e’loni qizil rangda bo‘lib, bu qidirilayotgan shaxsga o‘ta og‘ir jinoyatni sodir etish ayblovi qo‘yilayotganini anglatadi.

Interpol qaydicha, Toshkent shahrida tug‘ilgan 36 yashar Javlon Yunusov qasddan odam o‘ldirishga suiqasdda gumon qilinmoqda.

Qizil rangdagi e’lonni Interpolga a’zo mamlakatlar muayyan shaxsni hibsga olish uchun huquqiy asos sifatida ko‘radilar.

O‘zbekiston huquq-taribot idoralaridagi bir-biridan mustaqil ikki manba Javlon Yunusov Koreyada hibsga olinganini tasdiqladi.

Ozodlik muxbiri bog‘langan Seuldagi O‘zbekiston elchixonasi vakili ham hibs faktini inkor qilmadi, ammo tafsilotlarni ochiqlagani yo‘q.

Tergovning o‘ta maxfiy sur’atda olib borilayotgani, O‘zbekiston Bosh prokuraturasi suiqasd hodisasi bilan bog‘liq har qanday axborotga rasman monopoliya o‘rnatgani inobatga olinsa, bu ajablanarli emas.

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridagi manba Yunusovning hibsga olinishini “tergovdagi muhim burilish” deb atadi.

Qibraydagi suiqasd urinishi sodir etilgan joy

26-oktyabr kuni O‘zbekiston Bosh prokuraturasi Qibray tumanida “Range Rover” rusumli avtomashinaga bir necha marta o‘q uzilgani, hodisada hech kim jabrlanmaganini ma’lum qilgan edi.

Ozodlik manbalari bu hujum prezident Shavkat Mirziyoyevga yaqin shaxslardan biri, uning to‘ng‘ich qizi Saida Mirziyoyeva bilan 7 yil tandemda ishlab kelgan Komil Allamjonovga suiqasd maqsadida amalga oshirilganini ta’kidlashdi.

Bosh prokuratura hodisaga oid ketma-ket 4 ta bayonot e’lon qildi, biroq ularda Komil Allamjonov ismi tilga olinmadi.

Suiqasddan bir kun o‘tib, 27-oktyabr kuni tarmoqlarda tarqatilgan videodagi ikki shaxs Qibraydagi suiqasd Komil Allamjonovga qarshi qaratilganini aytib, jinoyatga namoyishkorona iqror bo‘lishdi.

Ular jinoyat motivlari borasida o‘zlarining farazlarini ham ilgari surishdi.

Keyinroq suiqasd ijrochilari ekani anglashilgan bu ikkovlon hibsga olingani ma’lum bo‘ldi.

Ozodlik ushbu videodagi oq ko‘ylakli yigit Shohruh Ahmedov ismli shaxs ekanini aniqladi.

Shohruh Ahmedov Koreyada ushlangan Javlon Yunusovning qo‘riqchisi va haydovchi hisoblanadi.

Qibraydagi suiqasd sahnasidan yashirinishga muvaffaq bo‘lgan va Ozodlik surishtiruvida Farg‘ona vodiysiga qochgani o‘rtaga chiqqan Shohruh Ahmedov bilan sherigi o‘tirgan mashina Javlon Yunusovning fuqaroviy xotini hisoblanadigan Natalya Fen oilasiga qarashli Farg‘onadagi “Seul” kafesi yonidan topilgan.

Umarov va "Ofis" bilan bog‘liq iddaolar

Ozodlik manbalari Javlon Yunusovni Otabek Umarovning vodiy bo‘yicha “o‘ng qo‘li” ekanini iddao qilishgan.

U Umarovga aloqadorligi iddao qilingan "qudratli ofis"da ta’sirga ega shaxslardan biri sifatida ta’riflanadi.

Ozodlik ixtiyorida bu iddaolarni tasdiqlaydigan yoki inkor qiladigan hujjat mavjud emas.

Ozodlikning dastlabki surishtiruvidan 11 kun o‘tib, na Otabek Umarov va na unga aloqador rasmiy va tijoriy tuzilmalar va na boshqa o‘zbek rasmiylari bu iddaolarni rad etganlari yo‘q. Ozodlikning bu haqdagi videosurishtiruvini hozirga qadar 1.5 milliondan ko‘proq odam ko‘rdi.

Javlon Yunusovning O‘zbekiston va Koreyadagi bizneslari

Ozodlik manbalari Javlon Yunusovni O‘zbekistondagi farmatsevtika tizimiga norasmiy kurator deb ham ta’riflamoqda.

Rasmiy hujjatga ko‘ra, 36 yashar Javlon Yusupov Jinoyat Kodeksining 168- moddasi (Firibgarlik) va 105 -moddasi (Qasddan badanga o‘rtacha og‘ir shikast yetkazish) bilan bir necha bor sudlangan.

Ammo sudlanganlik ayblovi Yunusov biznesining gullab yashnashiga halaqit qilmagan.

Ochiq reyestrdagi hujjatlarda Javlon Yunusov Toshkent shahrida ro‘yxatga olingan jami 18 ta kompaniyaning ta’sischisi ekanini ko‘rish mumkin.

Hozirda Yunusovga tegishli 15 ta kompaniya faoliyat ko‘rsatayotgani va ularning ayrimlari farmatsevtika bilan bog‘likligi ma’lum.

Jumladan, 2022-yil 27-yanvar kuni asos solingan "IMUN GREEN-PHARMA" mas’uliyati cheklangan jamiyatida Javlon Yunusov rahbar sifatida qayd qilingan.

"MARXAMAT MED PHARM" shirkatida esa Yunusov 33.20 % ulushga ega.

Yunusov biznesi rang-barang bo‘lib, qurilish, donli ekinlar yetishtirish, binolarni ijaraga berish kabi o‘ndan ziyod yo‘nalishni o‘z ichiga olgan.

Yunusovga qarashli "JAVLON IDEAL BIZNES" shirkatida pivo savdosi bo‘lsa, "MAX LEATHER PRODUCTION" firmasi fitnes klublar faoliyati bilan shug‘ullanadi.

Toshkentdagi manbalarga ko‘ra, Javlon Yunusov Janubiy Koreyada hibsga olingach, uning Toshkentdagi bizneslariga reydlar o‘tkazilgan. Ozodlik ushbu shirkatlarning bir nechtasiga qo‘ng‘iroq qildi, biroq bu borada ma’lumot olishning imkoni bo‘lmadi.

Yunusovning tadbirkorlik faoliyatidan yaxshi xabardor manbalarga ko‘ra, uning Janubiy Koreyada ham bizneslari bo‘lgan. Jumladan, u Suvon shahridagi plastik tovarlar ishlab chiqaruvchi JV Korea shirkati bilan hamkorlik qilib kelgan. Yunusov 2018-yilda ta’sis qilgan ABU BAKR PRODUCTION firmasi plastik qadoqlash mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

Koreyadagi Ozodlik manbalariga ko‘ra, Javlon Yunusovning Seul shahrida ham bir qancha ko‘chmas mulklari bor.

Manbalar Yunusovning Koreyada oshig‘i olchi bo‘lishida uning fuqaroviy xotini ekani aytilayotgan Natalya Fenning hissasi katta ekanini aytishmoqda.

Natalya Fen O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi sobiq elchisi, marhum Vitaliy Fenning qizi bo‘ladi.

Vitaliy Fen 1996-yildan 2013-yilga qadar O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi bosh diplomati lavozimida ishlagan.

"Paysalga solinayotgan" ekstraditsiya

Janubiy Koreyaga serqatnov o‘zbek elitasiga yaqin Seuldagi manbaga ko‘ra, Javlon Yunusov Koreyada ushlangani bilan uni O‘zbekistonga topshirish masalasi “paysalga solinmoqda”.

“Fenlar oilasi Seuldagi “avtoritetlar” bilan juda yaqin. Odatda, Interpol qidiruvidagi shaxslar ushlansa, Koreya mediasida darrov shov-shuv bo‘ladi. Lekin Yunusovning ushlangani xabarini chiqarishmadi. Eshitishimizga qaraganda, ishga inson huquqlari faollarini aralashtirishgan. Yunusovni O‘zbekistonga topshirmasdan, unga siyosiy boshpana berilishiga erishishmoqchi shekilli”, deydi Seuldagi manba.

Javlon Yunusovni O‘zbekistonga topshirish masalasi qiyin kechayotganini Toshkentdagi huquq-tartibot idoralaridagi manbalar ham tasdiqladi.

Yunusovning fuqaroviy xotini ekani aytilayotgan Natalya Fen otasi Janubiy Koreyada elchi bo‘lgan payti Seulda yashagan.

Manbalarning ta’kidlashicha, o‘sha yillarda Koreyada oilasi bilan birga yashagan prezident Mirziyoyevning kenja qizi Shahnoza Mirziyoyeva Natalya Fen bilan yaqin dugona bo‘lgan.

Manbalar bu yaqinlik ular O‘zbekistonga qaytganidan so‘ng ham davom etganini aytishadi. Shahnoza otasi hokimiyatga kelgach, qaysi lavozimda ishlamasin, dugonasi Natalya Fen ham u bilan bir yerda ishlab kelgan.

Jumladan, Shahnoza Mirziyoyeva 2017-yilda O‘zbekistonda yangi tashkil qilingan Maktabgacha ta’lim vaziriligida mas’ul lavozimga tayinlangan.

2020-yil oktyabrida olingan rasmiy suratlarda Natalya Fen ham ushbu vazirlikda ishlaganini ko‘rish mumkin.

Manbalar Natalya Fen Otabek Umarov bilan ham yaqin munosabatlarda ekanini iddao qilmoqda.

“Natasha Fen Otabek Umarov avariyaga uchragan payt uning Koreyada davolanishini tashkillashtirib bergan. Bunga minnatdorchilik sifatida Umarov keyinchalik Natashaga shokolad rangli “GLS Mercedes Maybach” avtomobilini sovg‘a qilgan. Natasha Fen hozir shu mashinada yuradi”, dedi hukumatdagi manba.

Hukumatdagi manbaga ko‘ra, Qibraydagi suiqasdga oid Ozodlikning dastlabki surishtiruvida tilga olingan shaxslarning deyarli barchasi jumladan, Natalya Fen ham tergovga chaqirilgan. Manbalar Fendan ko‘rsatma olinib, qo‘yib yuborilganini aytmoqda.

Allamjonovning qo‘riqchilari nima uchun 15 sutkaga qamaldi?

Allamjonovga suiqasd ijrochilari ekaniga iqror bo‘lgan ikki shaxs va boshqa hibsga olinganlarning keyingi taqdiri haqida hozircha biror ma’lumot yo‘q. Bosh prokuratura hozirga qadar suiqasd yuzasidan biron rasmiy farazni ilgari surgani yo‘q.

Ozodlik suiqasd ortidan yana 7 kishi 15 sutkaga qamalganini aniqladi.

Hozirda ozodlikka chiqarilgan bu shaxslarning suiqasdga qanday aloqasi borligi ma’lum emas. O‘zbekiston huquq tartibot idoralari nafaqat bu savol, balki umuman qamoqqa olish fakti borasida hech qanday ma’lumot bergani yo‘q.

Suiqasd yuz bergan 26-oktyabr kuni Qibraydagi kafelardan birida ushlangan va 15 sutkaga qamalgan 7 kishidan birining qarindoshi ekanini aytgan shaxs Ozodlikka mana bularni ma’lum qildi:

“26-oktyabr kuni Komil Allamjonovning yetti ishchisini ROVDga chaqirib qamab qo‘yishdi. Ular orasida bizning ham qarindoshimiz bor edi. Ular bilan umuman aloqaga chiqib bo‘lmadi. Nima bo‘lganini, qayerda ekanini bilolmadik. 15 sutkadan keyin, o‘tgan kuni uylariga kelishdi. Keyin bildik nima bo‘lganini”.

Manbaning aytishicha, qamalganlar orasida Bosh prokuraturaning rasmiy xabarida o‘qqa uchragani aytilgan “Range Rover” haydovchisi ham bo‘lgan.

Suiqasddan so‘ng Allamjonovning yetti ishchisi 15 sutkaga qamalgan.

Shuningdek, Allamjonovning uch nafar qo‘riqchisi, ish yurituvchisi, oshpazi va hammomchi ham hibsga olingan. Qibray tuman jinoyat ishlari bo‘yicha sudi yetti kishining barchasiga 15 sutkalik qamoq jazosi tayinlagan.

Ozodlik Qibray sudiga bog‘lanib, bu yetti kishi ma’muriy huquqbuzarlikda ayblanganini aniqladi. Sud xodimiga ko‘ra, yetti kishining barchasi 183- (Mayda bezorilik) va 194-(Ichki ishlar organlari xodimining qonuniy talablarini bajarmaslik) moddalarida ayblangan bo‘lib, ular 15 sutkalik qamoqdan tashqari 375 ming so‘m miqdoridagi jarimaga ham tortilgan.

Sud xodimi mahkamaga oid boshqa tafsilotlarni ochiqlashni istamadi. Qamalganlardan birining qarindoshi ulardan Allamjonovga qarshi “kompromat” talab qilinganini iddao qildi:

“Ularga qo‘yilgan ayb suiqasd bilan umuman bog‘liq emas. Hammasini qaysidir kafe oldida janjal chiqarganlikda ayblashgan. Sud qarorida shunday soxta ayblovni yozishgan. Advokat berishmagan. Ichkarida ularni rosa qiynashgan. 24 soat davomida uxlatmasdan, so‘roq qilishgan. Qo‘llariga “naruchnik” taqib, peshonasini yerga tirab qo‘yib, to‘nqayib yotishga majburlashgan. Ulardan Allamjonovga qarshi “kompromat” talab qilishgan. Allamjonov kimlar bilan uchrashadi, qayerga boradi, uyiga kimlar keladi, deb so‘rashgan. Hammasi ezilib, bir ahvolda chiqishdi ichkaridan”.

Ozodlik ushbu iddaolar yuzasidan Qibray tumani Ichki ishlar bo‘limidan izoh ololmadi. Ozodlik bog‘langan xodim yozma murojaat qilish shartligini aytish bilan cheklandi.

Videodagi ikkinchi shaxs kim?

Rasmiy bayonotda aytilgan suiqasdga aloqadorlikda gumonlanib hibsga olingan yana to‘rt kishi haqida Ozodlik ixiyorida hozircha ma’lumot yo‘q. Lekin Ozodlik suiqasdga urinishni bo‘yniga olgan ikkinchi yigitning ham shaxsini aniqlashga muvaffaq bo‘ldi.

Bu - Jahongirov Ismoil Karimjonovich. Huquq-tartibot idoralaridagi manbaga ko‘ra, Toshkentning Chilonzor tumanida yashagan Jahongirov muqaddam sudlangan.

Qibrayda otilgan o‘qning Grozniydagi aks-sadosi

Jahongirovning sherigi Shohruh Ahmedov esa vodiylik bo‘lib, Ozodlik tasarrufida uning shaxsini tasdiqlovchi ikkita hujjat mavjud.

Hujjatlarda qayd qilinishicha, Shohruh Ahmedov 2019-yildan boshlab Turkiyada yashagan va u yerda qarzlarni undirish bo‘yicha ta’magirlik bilan shug‘ullangan.

Ozodlik Shohruh Ahmedovning 2021-yilda Turkiyada Ramzan Qodirov tanqidchilariga qarshi uyushtirilgan shov- shuvli suiqasd rejasiga aloqadorlikda ayblanib, hibsga olingani va yetti oy qamoqda o‘tirganini aniqlagan.

Turk matbuotida “rus josuslari mojarosi” deb atalgan ushbu hodisada Ahmedov bilan birga yetti nafar chechenlar ayblangan. Turkiya nashrlari 15 yildan 20 yilgacha qamoq jazosi so‘ralgan bu shasxlarning kutilmaganda sud zalidan ozod qilinishini Checheniston prezidenti Ramzan Qodirovning shaxsan aralashuviga bog‘lagan.

10-noyabr kuni Checheniston rahbari Ramzan Qodirov Allamjonovga suiqasdda o‘zining qo‘li yo‘qligini iddao qilib chiqdi:

“G‘arbparast va ayrim muxolifatchi OAVlar tergov natijasini kutmasdan voqeada “chechenlar izi bor” degan taxminni puflab shishirishdi, keyin esa “iz” go‘yoki menga olib kelishini iddao qila boshladilar. Bu ig‘vo xabarlarga javob bermoqchi emasman. Boz ustiga O‘zbekistonda, muhtaram prezident Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning dono siyosati tufayli barcha sohalar, jumladan axborot va huquqni muhofaza qilish sohalarida ishlar a’lo darajada yo‘lga qo‘yilgan. Faqat shuni qo‘shimcha qilamanki, agar men rostdan ham nimanidir rejalaganimda ishni oxiriga yetkazmay va 100 foizlik natijaga erishmay qo‘ymasdim”.

Ramzan Qodirov Telegramdagi postida Ozodlik surishtiruvida tilga olingan jihatlarni izohsiz qoldirgan. Jumladan, Qodirov Turkiyada suiqasdda ayblangan Shohruh Ahmedov doxil chechenistonlik guruh a’zolari qo‘lga olinganidan ko‘p o‘tmay, Istanbulga norasmiy safar qilgani sababini ochiqlamagan va umuman “josuslik” mojarosiga avval ham Qodirov rasmiy izoh bermagan.

Turkiya matbuotidagi xabarlarga ko‘ra, olti kishilik guruh o‘sha yil martida hibsga olingan chechenistonlik Hamzat Dokuyev va Badrudin Kimayev bilan ham hamkorlikda ishlagan.

Turk matbuotiga sizdirilgan “Josuslik mojarosi” nomli ishga doir 25 varaqlik ayblov xulosasiga ko‘ra, guruh boshchisi Bislan Rasayev ko‘rsatmalarni Rossiya Davlat Dumasi deputati Adam Delimxanovdan olib turgan. Delimxanov Checheniston rahbari Ramzan Qodirovga yaqin qarindosh va muhim ittifoqchi hisoblanadi.

Shuningdek, tergov jarayonida Bislan Rasayevning qator qotilliklar sabab xalqaro qidiruvda bo‘lgan kriminal avtoretitet Kazbek Dukuyev bilan ham hamkorligi borligi aniqlangan. Turk matbuoti surishtiruviga ko‘ra, Delimxanov va Dukuyevning 20 yil ichida sodir etilgan oltita suiqasdda qo‘li bo‘lgan.

Turk matbuotiga ko‘ra, Shohruh Ahmedov Turkiyadagi kriminal dunyoda “Shoh” laqabi bilan tanilgan bo‘lib, u guruh yetakchisi hisoblangan Bislan Rasayev bilan yaqin hamkorlik qilgan.

Ramzan Qodirovning tahdidi

Chechen guruhi lideri bilan hamkorlik qilgani aytilgan Shohruh Ahmedovning O‘zbekistonga kelib, prezidentga yaqin shaxslardan biriga suiqasdni bo‘yniga olgani ko‘plab savollarni tug‘diradi.

Ammo o‘zbek rasmiylari hozircha bu borada sukut saqlarkan, Checheniston rahbari Komil Allamjonovga qarshi suiqasd yuzasidan bayonot bilan chiqdi.

Ammo anglashilgani, Qodirovni Allamjonovga suiqasdni kim sodir etgani va uning motivlari qiziqtirmaydi, balki bu haqdagi jurnalistik surishtiruvni kimlar qilayotgani muhimroq.

Ramzan Qodirov o‘zini Putinning sodiq askari sifatida taqdim qilib keladi

O‘zini "Putinning sodiq askari" sifatida taqdim qiladigan Ramzan Qodirov o‘z uslubida tahdid qilishni ham unutmagan:

“Men bu ig‘volarni qandaydir uchinchi shaxslarning siyosiy o‘yin quroli va mamlakatlarimiz orasiga nifoq solishga urinish deb bilaman. Ushbu fitna ortidan G‘arb soxtakorligi uslubidagi boshqa xabar va maqolalar ham chiqishiga aminman. Ammo, nima bo‘lmasin, men va O‘zbekistondagi qadrdon birodarlarim birgalikda ushbu ig‘vo xabarlar ortida kim turganini albatta aniqlaymiz. Ish allaqachon boshlangan”.

O‘zbekiston rasmiylari hozirgacha Ramzan Qodirovning bayonotiga munosabat bildirganlari yo‘q. Xorijiy davlat, bu o‘rinda Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi subyekt bo‘lgan Checheniston rahbarining O‘zbekistondagi tergovga aralashuvi, kamida g‘alati.

Ramzan Qodirov tanqidchisiga suiqasd rejasida gumon qilinib ushlangan va Turkiyada josuslik mojarosi deb atalgan shov-shuvli jinoyat ishi figuranti bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi Shohruh Ahmedovning O‘zbekistonga qaytib, bemalol yurishi esa undan ham g‘alatiroq.

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralari hozircha bularning birontasiga izoh bergani yo‘q.

Suiqasd ortidan UZB raqamlari nega yig‘ishtirib olinyapti?

Surishtiruvimizda aniqlangan faktlarning bir uchi o‘zbekistonlik aksar avtomobil egalari orzu qiladigan, qator norasmiy imtiyozlarga ega UZB seriyali davlat raqamlariga borib taqaldi.

O‘zbekiston huquq-tartibot idoralaridagi Ozodlik manbalarining aytishicha, 26-oktyabr kuni Allamjonovga qarshi suiqasdda ishlatilgan qurollar, dastlabki taxminlarga ko‘ra, Qirg‘izistondan olib kirilgan.

Ozodlikda qurollarning chegaradan qanday, qaysi yo‘l bilan olib o‘tilganiga oid ma’lumot yo‘q. Biroq manbalar chegaradan o‘tkazilgan qurollarni mamlakat ichkarisiga olib kirishda aynan UZB seriyali davlat raqami taqilgan transport vositasidan foydalanilganini taxmin qilishmoqda.

“UZB nomerini GAI to‘xtatishi mumkin emas. Hamma joyda ular uchun yashil chiroq. UZB nomeri hatto diplomatik nomerdan ham kuchli. Mashinangizda bunday nomer bo‘lsa, hech kim sizni tekshirmaydi. “Pokusheniye” ishida ham jinoyatchilar UZB nomeri taqilgan mashinada qurollarni qirg‘iz chegarasidan Farg‘onaga olib o‘tishgani haqidagi versiya tekshirilmoqda. UZB nomeri bo‘lsa, har qanday jinoyatni amalga oshirish mumkin”, deydi huquq-tartibot idorasidagi manba.

Ozodlikka ma’lum bo‘lishicha, suiqasd ishida UZB raqamlari bilan bog‘liq versiya paydo bo‘lishi ortidan mamlakatda maxsus reyd o‘tkazilgan.

2-noyabr kuni boshlangan reydlarda yuzlab yuridik va jismoniy shaxslardan UZB seriyali davlat raqamlari qaytarib olingan.

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining Ozodlik bog‘langan mulozimi UZB raqamlariga qarshi reydlar o‘tkazilganini tasdiqladi va buni ushbu seriyadagi davlat raqamlari “suiiste’mol qilingani” bilan izohladi.

Qonunchilikka muvofiq, UZB raqami davlat hokimiyatining markaziy idoralari rahbarlariga berilishi lozim. Biroq tanish-bilishchilik yo‘li bilan bu raqam ko‘zga ko‘ringan taniqli shaxslarga, tadbirkorlarga ham berib yuborilgan. Vazirlik rasmiysi shu kabi shaxslardangina UZB raqamlari qaytarib olinayotganini bildirdi.

Aslida UZB seriyali davlat raqamlari bilan bog‘liq vaziyat 2021-yil avgustida AOKAda o‘tgan matbuot brifingida ko‘tarilgandi.

O‘sha paytda Ichki ishlar vazirligi Yo‘l harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi boshlig‘i Olimjon Saidov UZB raqamlari ham oddiy raqam ekani va istalgan shaxs olishi mumkinligini aytgan.


Ozodlik suhbatlashgan bir-biridan mustaqil uch manba UZB seriyali davlat raqamlari norasmiy ravishda Otabek Umarov tomonidan nazorat qilinganini iddao qildi.

“Keyingi paytda Umarov UZB nomerlarini o‘ziniki qilib olgandi. Umarov kimni bu nomerga loyiq deb bilsa, o‘shanga berilardi. Uning ruxsatisiz, hech kim bu nomerni ololmagan. Cho‘ntagida puli bor boyvachchalarning hammasida shu nomer. Reket ham shu nomer bilan qilindi, kriminali ham shu nomer bilan amalga oshirildi. Kontrabanda ham shu nomer yordamida bo‘ldi”, deydi huquq-tartibot idorasidagi manba.

Ozodlik UZB seriyali davlat raqamlari yig‘ishtirib olinayotgani borasida O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati boshlig‘i Shohruh G‘iyosovga murojaat qildi.

“Axborot xaqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Davlat raqamlarini olinishining yoki berilishining o‘rnatilgan tartibi mavjud, shunga rioya etiladi”, dedi Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati boshlig‘i Shohruh G‘iyosov.

G‘iyosov UZB seriyali raqamlar Otabek Umarov tomonidan nazorat qilingani haqidagi iddaolarni rad qildi.

Rasmiylar sukunati

Huquq-tartibot idoralaridagi manbalarga ko‘ra, jinoyat ishida Ozodlikning dastlabki surishtiruvida tilga olingan jihatlar, jumladan, hujumchilarning “Plan A” va “Plan B” rejalari ham o‘rganilmoqda.

Ozodlikning hukumatdagi manbasiga ko‘ra, Allamjonovga suiqasd yuzasidan tergovni shaxsan prezident Mirziyoyev o‘z nazoratiga olgan, ammo bu haqda rasmiy ma’lumot berilgani yo‘q.

Allamjonovning uyi suiqasddan beri kuchaytirilgan tartibda qo‘riqlanayotganini uning mahallasida yashovchi aholi vakillari ham tasdiqlashmoqda.

Avvalroq Ozodlikning hukumatdagi manbasi Allamjonov bilan Otabek Umarov hamda DXX o‘rtasida “urush” borligini iddao qilgan.

Bu "urush"ning motivi Ozodlikka ma’lum emas.

Prezident Mirziyoyevga yaqin shaxslardan biri hisoblangan Komil Allamjonovga suiqasddan qariyb 3 hafta o‘tib ham na hodisa tafsilotlari va na motivlari ochiqlandi. Rasmiy xabarlarda hatto Komil Allamjonov nomi tilga olingani yo‘q.

Allamjonov yaqin-yaqingacha rahbarlaridan bo‘lgan Prezident administratsiyasi va mamlakatdagi xavfsizlikka ma’sul qudratli DXX bu borada sukut saqlamoqda.

"Tabu" mavzu

O‘zbek matbuoti ham Allamjonovga suiqasd mavzusida sukut saqlamoqda. Bu sukunatni Ozodlikka sharhlagan o‘zbek jurnalistlariga ko‘ra, Qibraydagi suiqasd hodisasi mahalliy matbuot uchun yopiq mavzuga aylangan.

“Ko‘pchilikni Gvardeyskiyga bitta-bitta chaqirib, bosim qilishdi. Hozir ham kuchli bosimdamiz. O‘zi so‘nggi paytlarda kuchayib kelayotgan bosim Allamjonovga suiqasddan keyin battar bo‘ldi. Nafaqat suiqasd haqida, umuman Allamjonov ismini tilga olmaysizlar, deyishdi. Bu tabu hozir”, deydi o‘zbekistonlik jurnalist.

Suiqasddan keyin bir necha kun tarmoqlarda shiddat bilan yoyilgan “Qibraydagi suiqasdni Allamjonovning o‘zi qilgan, maqsad o‘zini piar qilish edi” degan iddao bosh prokuratura ogohlantiruvidan so‘ng bosilganday bo‘ldi.

Suiqasddan bir kun o‘tib, parlament saylovida ovoz bergani aks etgan suratni tarmoqlarga joylagan Komil Allamjonovning o‘zi ham suiqasd yuzasidan biron bayonot bergani yo‘q.

Ozodlikning Komil Allamjonovga bog‘lanish va undan u yoki bu ko‘rinishda izoh olish urinishlari hozircha natija bermadi.

Hozirgacha suiqasd yuzasidan biron dalil, jumladan, hukumatdagi odamlarni hodisaga bog‘lovchi bironta aniq, jamoatchilikka ma’lum dalil mavjud emas.

Otabek Umarov Ozodlikning bundan oldingi qator surishtiruvlarini javobsiz qoldirgan. Suiqasddan buyon o‘tgan vaqt davomida Toshkentdagi o‘zi tashkilotchilaridan bo‘lgan MMA chempionatida ko‘rinish bermagani Ozodlik e’tiborini tortdi.

So‘nggi hodisalar fonida Instagramda millionlab folloverlarga ega Umarovning sahifalari ham oldingidek foto va videolar bilan to‘lib toshmadi.

Ammo ta’kidlaymiz, Umarov yoki hukumatdagi biron shaxsni Qibraydagi suiqasdga bog‘lovchi jamoatchilikka ma’lum dalil mavjud emas va Ozodlik bu borada barcha tomonlar, jumladan, rasmiylarning izohiga ochiq.