Tatariston Oliy sudi 18-iyun kuni Ozodlikning tatar-boshqird xizmati jurnalisti Alsu Kurmashevani hibsxonada qoldirish haqida qaror chiqardi. Bu haqda “Kommersant’” gazetasi jurnalistning advokatidan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.
Advokat Alsu Kurmasheva o‘ziga nisbatan ehtiyot chorasi “hech bo‘lmaganda uy qamog‘i”ga almashtirilishini istayotganini aytgan. Ozodlikning Idel.Realii loyihasi qaydicha, jurnalist ayol ustidan sud majlisi yopiq tarzda o‘tkazilgan.
Pirovardida Tatariston Oliy sudi sudyasi Rizvan Yusupov Qozon shahridagi Sovet tuman sudining may oyi oxirida chiqarilgan Alsu Kurmasheva hibs muddatini 5-avgustgacha uzaytirishga oid qarorini qonuniy, deb topgan.
Alsu Kurmasheva yetti oydan buyon — o‘tgan yilning 18-oktyabridan beri hibsxonada tutib turilibdi. Unga qarshi ikkita — “xorijiy agentlar” reyestriga kiritish uchun o‘zi haqida ma’lumotlar topshirmaganlik hamda armiya to‘g‘risida “feyk” tarqatganlik ayblovlari bilan jinoyat ishi ochilgan. Jurnalist ayol mazkur ayblovlarni rad etib kelmoqda.
Avvalgi sud majlisida Alsu Kurmasheva o‘zini tobora yomonroq his qilayotganini aytgan edi. Jurnalist ayol amaliyotga ehtiyoji borligini urg‘ulagan. Kurmasheva farzandlarning ovozini so‘nggi bor 2023-yil oktyabrida eshitganini qayd etgan. Unga yaqinlariga qo‘ng‘iroq qilishga ruxsat berilmagan.
Jurnalist ayolning oilasi Pragada istiqomat qiladi. Rossiya fuqaroligidan tashqari AQSH fuqaroligiga ega bo‘lgan Alsu Kurmasheva oxirgi yillarda shu shaharda yashab, ishlayotgan edi. U Rossiyaga o‘tgan yilning may oyida kasal onasidan xabar olish uchun uchib borgandi. Dastavval uning mamlakatdan chiqib ketishiga to‘sqinlik qilingan, oktyabr oyida esa u qo‘lga olingan.
Ozod Yevropa/Ozodlik radiosi korporatsiyasi prezidenti Stiven Kapus Alsu Kurmashevaning hibs muddati uzaytirilgani yuzasidan izoh bera turib, Kurmashevaga nisbatan “keraksiz va ayovsiz bu ta’qib chog‘idagi adolatsizliklar soni kundan-kunga oshib bormoqda. Alsuning AQSH fuqarosi o‘laroq asosiy huquqlari uni qamoqqa tashlagan va 227 kundan buyon tutib turgan Rossiya rasmiylari tomonidan buzildi. Bu vaqt mobaynida Alsuga hatto sevgan eri va bolalariga qo‘ng‘iroq qilishga bir marta bo‘lsa ham imkon berishmagan, uni AQSH konsullik yordamidan va elementar zaruriy tibbiy yordamdan mahrum qilishgan. Alsu shu tobda asossiz ayblovlar bilan Rossiya qamoqxonasida panjara ortida emas, balki Pragadagi uyida qizlariga maktab imtihonlariga tayyorlanishda yordam berayotgan bo‘lishi kerak edi”, deya bildirgan.
Aprel oyi oxirlarida AQSH prezidenti Jo Bayden Vladimir Putinni Alsu Kurmasheva hamda Rossiyadagi tergov hibsxonasida tutib turilgan The Wall Street Journal nashri jurnalisti Evan Gershkovichni ozod qilishga chaqirgan. “Jurnalistikaning jinoyat emasligi mutlaqo aniq”, deya ta’kidlagan Bayden.
Shu yilning 25-aprelida Yevroparlament deputatlari Kurmasheva va Gershkovich doxil Rossiyada tutib turilgan siyosiy mahbuslarning barchasini “zudlik bilan va shartsiz ozod qilish”ga chaqiruvchi rezolyutsiyani ma’qullagan edi.
Alsuning qo‘lga olinishi avvalroq Kanada, Chexiya, Fransiya, Polsha va Shvetsiya hukumatlari, shuningdek, YIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati oliy vakili, Yevropa parlamenti prezidenti, YXHTning OAV erkinligi bo‘yicha vakili va BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari qoralab chiqishgan. Yevropa kengashining jurnalistika himoyasi va jurnalistlar xavfsizligiga ko‘maklashish platformasi Alsuni ozod qilish bo‘yicha o‘z chaqirig‘ini yoyinlagan.
Shu bilan birga, Amnesty International, Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi, Freedom House, PЕN-Amerika, Chegara bilmas muxbirlar, Xalqaro jurnalistlar federatsiyasi, Xalqaro matbuot instituti kabi xalqaro tashkilotlar ham Alsuning qo‘lga olinishini qoralab, uni zudlik bilan ozod qilishga chaqirishgan.