Dushanba kuni “Amazon” shirkati asoschisi Jeff Bezos o‘zi asos solgan “Blue Origin” fazo shirkati amalga oshiradigan ilk parvozda o‘zi uchishini bildirdi.
“Men besh yoshimdan beri fazoga sayohat qilishni orzu qilaman. 20 - iyul kuni ukam bilan birga shunday sayohatga otlanaman”, dedi Bezos o‘zining “Instagram” sahifasida.
“Blue Origin” shirkati Bezos va uning ukasi Mark kompaniyaning “New Shepard” kapsulasining birinchi ekipajli parvozida sayohat qilishini bildirdi.
Kompaniya uchinchi o‘rindiqni kim oshdi savdosida sotmoqda. 10 - iyun kuni taklif qilingan narx 4 million dollardan o‘zib ketdi.
Sayohat jami 10 daqiqa davom etadi, uning to‘rt daqiqasini yo‘lovchilar Yer atmosferasi va fazo o‘rtasidagi chegara hisoblanuvchi Karman chizig‘idan narida o‘tkazadi.
Kapsula ko‘tarilganidan keyin, buster raketadan ajralib chiqadi, so‘ng 100 kilometrdan yuqori balandlikda to‘rt daqiqa davomida uchadi.
Buster avtonom ravishda uchirish maydonidan ikki mil uzoqlikdagi maydonchaga qaytib qo‘nadi. Kapsula esa uchta katta parashyut bilan Yerga qo‘nadi.
“New Shepard” kemasi bilan bugunga qadar o‘ndan ziyod marta ekipajsiz parvoz sinovlari o‘tkazildi.
Qayta foydalaniladigan suborbital raketa tizimiga 60 yil oldin fazoga chiqqan birinchi amerikalik Alan Shepard nomi berilgan.
Kim oshdi savdosidan tushgan mablag‘ “Blue Origin” shirkatining “Club of the Future” xayriya jamg‘armasiga beriladi. Jamg‘arma yoshlar orasida ilm-fan va texnologiyani targ‘ib qilib keladi.
Birinchi parvoz uchun auksion o‘tkaziladi, lekin keyingi parvozlar uchun chiptalar sotuvga qo‘yiladi.
Milliarderlar raqobati
Uchuvchisi bo‘lmagan va avtomatlashtirilgan kapsulaga o‘rnatilgan ko‘plab kameralar parvozni yozib oladi.
“Blue Origin” fazoga parvoz chiptasi narxini hali e’lon qilmagan, ammo shirkat mijozlari asosan badavlat odamlar bo‘lishi kutilmoqda.
Britaniyalik milliarder Richard Branson tomonidan asos solingan “Virgin Galactic” kompaniyasi ham mijozlarni suborbital parvozlarga olib chiqishga qodir kosmik kemani ishlab chiqqan. Bugunga qadar qariyb 600 kishi shirkatdan chipta xarid qilgan. Chiptalar narxi 200–250 ming dollarni tashkil qiladi.
Tadbirkor Ilon Mask asos solgan “SpaceX” shirkati ham orbital parvozlarni rejalamoqda. Millionlab dollarga tushadigan parvozlar mijozlarni yanada olisga olib borishi kutilmoqda.
Bezos joriy yil boshida “Amazon” kompaniyasining bosh direktori lavozimidan ketishini va “Blue Origin” kabi boshqa loyihalarga ko‘proq vaqt sarflashini e’lon qilgan edi.