Amsterdamda isroillik futbol ishqibozlari hujumga uchradi

Isroilning “Makkabi Tel-Aviv” futbol klubi ishqibozlari, Amsterdam, 2024-yil 7-noyabri

Yevroligada o‘ynayotgan Isroilning “Makkabi Tel-Aviv” va Niderlandiyaning “Ayaks” klublari o‘rtasidagi futbol o‘yinidan keyin Amsterdamda isroillik futbol ishqibozlariga niqob taqib olgan kishilar hujum qilishdi. Hujumchilarning ayrimlari Falastin bayroqlarini ko‘tarib olishgan bo‘lib, ular Falastinni yoqlovchi shiorlarni qichqirib aytishgan. Hujumchilar isroilliklar yashayotgan mehmonxonaga ham bostirib kirishga urinishgan. Bu haqda The Times of Israel nashri xabar qildi.

“Yediot Axronot” nashrining yozishicha, o‘yin oldidan Isroil klubi ishqibozlari ko‘chaga osilgan Falastin bayrog‘ini yechib olishgan. O‘yindan so‘ng isroilliklar shaharning bir necha joyida hujumga uchrashgan. Jabrlanuvchilar kaltaklangani va pichoqdan yaralangani aytilmoqda.

Isroil Ichki ishlar vazirligi Niderlandiya rasmiylaridan olingan ma’lumotga tayangan holda, hodicha chog‘ida 10 kishi jarohat olgani, yana ikki kishi hujumdan so‘ng bedarak yo‘qolganini ma’lum qilgan.

Niderlandiya politsiyasi vakillari shahar markazidagi mushtlashuvlar to‘g‘risida o‘zlarida bir necha xabar kelib tushganini ma’lum qilishgan. Politsiyachilar ma’lumotiga ko‘ra, tartibsizliklar ortidan 57 kishi qo‘lga olingan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu isroillik fuqarolarni mamlakatga qaytarish uchun zudlik bilan Niderlandiyaga ikkita uchoq yo‘llash haqida topshiriq bergan. Netanyahu Niderlandiya rasmiylaridan Isroil fuqarolari xavfsizligini ta’minlash uchun tartibsizliklar ishtirokchilariga nisbatan “tez va qat’iy choralar” ko‘rishni talab qilgan. Isroil TIV esa Amsterdamda yurgan isroilliklarni mehmonxonani tark etmaslikka chaqirgan.

Isroilning BMTdagi elchisi Denni Danon X ijtimoiy tarmog‘ida hujum kadrlarini yoyinlagan.

Bu biz kurashayotgan radikal terrorchilik tarafdorlarining haqiqiy basharasidir”, deb yozgan u.

Niderlandiya parlamentidagi o‘ngchi “Erkinlik partiyasi” lideri Gert Vilders Amsterdam ko‘chalarida sodir bo‘lgan voqeani yoppasiga “ur-kaltak” deb atagan.

Biz Yevropaning G‘azosiga aylandik. Falastin bayroqlarini tutgan musulmonlar yahudiylarni ovlamoqda. Rasmiylar Isroil fuqarolarini himoya qilolmaganlari uchun javobgarlikka tortiladi”, deya bildirgan u.