Prezident Shavkat Mirziyoyev Andijon viloyatiga qilgan safari davomida Izboskan tumanidagi “And Gold” tikuv-trikotaj kombinatini borib ko‘rdi.
Davlat rahbarining bu korxonaga tashrifiga tayyorgarlik jarayonidan xabardor andijonlikning Ozodlikka bildirishicha, bu yerga yon-atrofdagi mahallalardan xotin-qizlar olib kelingan va ularga prezident tashrifi davomida “tikuvchi qizlar” rolini o‘ynab berish topshirilgan.
Ozodlik tashrif davomida Prezident bilan shaxsan muloqot qilgan ayol bilan gaplashdi.
Prezident yangi korxonani ko‘zdan kechirdi
17−18 - iyun kunlari Andijon viloyatiga borgan Shavkat Mirziyoyev o‘z safarini Izboskan tumanining chekka qishlog‘ida joylashgan Qo‘g‘ay mahallasidan boshladi.
Qo‘g‘ay mahallasida, aytilishicha, bundan bir necha kun oldin eng zamonaviy texnika va texnologiyalar bilan jihozlangan “And Gold” tikuv-trikotaj fabrikasi ishga tushirilgan.
Davlat rahbari matbuot xizmati prezidentning Izboskandagi yangi trikotaj fabrikasiga tashrifi to‘g‘risida tayyorlagan videolavhada Shavkat Mirziyoyev ulkan “And Gold” korxonasida ketayotganini, tikuv sexida bir xildagi ishchi kiyimda ishlayotgan yuzlab xotin-qizlarni ko‘rish mumkin.
Prezident uni peshvoz olgani chiqqan ayollardan biri bilan qo‘l berib so‘rashadi va “Kayfiyatlar qanday? Yurakdan menga ayting!” deb so‘raydi.
- Yurakdan aytsam, men O‘zbekistonda yashayotganimdan judayam xursandman! – deydi burro ovozda tikuvchi opa.
Ozodlik bu ayolni topdi. U bilan qilingan muloqot bilan birozdan so‘ng tanishasiz.
Keyin prezidenttsex bo‘ylab yurishni davom etadi, tikuvchi qizlar bilan so‘zlashadi.
- Mana shunday yonib turgan ko‘zlaringizni ko‘rib, men xursandman! Ish o‘rganyapsizmi, qiynalmayapsizmi? Mana shunday hammangizni ko‘zlaringizni ko‘rib, ishonch paydo bo‘lganini ko‘rib, o‘zim ham xursandman. Hali bu katta ishlarimizning boshlanishi, - deydi mamnunligini yashirmagan prezident.
Keyingi qizlarimiz prezidentga yaqin-atrofda yashashi, sharoitlari yaxshiligini qo‘lini ko‘ksidan uzmasdan aytadi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston prezidenti ishchi xotin-qizlarga oyliklari bir necha barobar oshirishni va’da berdi.
- Bugun Andijonga mana shunday korxonalarni ko‘proq qilib, sizlarning daromadlaringni ikki karra oshirib, bir-ikki million emas - oyliklaringiz 3-4 million olish harakati uchun kelganman. Yo‘limiz ravon, yo‘limiz aniq! – deydi Shavkat Mirziyoyev, tikuv fabrikasi jamoasi bilan xayrlashar ekan.
17 - iyun kuniyoq ushbu korxona binosida Andijon viloyatida sanoat tarmoqlarini rivojlantirish chora-tadbirlari taqdimoti ham bo‘lib o‘tdi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, “And Gold” tikuv-trikotaj kombinatining yangi binosi umumiy qiymati 2,5 million dollar sarmoya hisobiga qurilib, eng zamonaviy uskunalar o‘rnatilgan.
Korxona 1200 kishini ish bilan ta’minlash va yiliga 3,5 mln dollarlik mahsulot eksport qilish quvvatiga ega ekanligi aytildi.
Ayni damda korxonaga 830 nafar xotin-qiz ishga jalb qilingani hamda Rossiya va Xitoy bilan kalava ip yetkazib berish bo‘ycha shartnoma imzolagani bildirildi.
"Prezident oldida ko‘zbo‘yamachilik bo‘ldi!"
Biroq, Ozodlik tahririyatiga Telegram kanali orqali murojaat qilgan andijonliklardan biri prezident Shavkat Mirziyoyevning viloyatga qilgan tashrifiga Izboskan tumanida katta “ko‘zbo‘yamachilik” uyushtirilganini iddao qildi.
U “And Gold”da prezidentni qarshi olgan “tikuvchi qizlar” aslida tikuvchi qizlar emasligini aytdi:
- Davlat rahbarimizning Andijon viloyatining Izboskan tumanidagi tashrifiga tayyorgarlik rosa chiroyli ko‘rinishda bo‘lib o‘tdi. Lekin tuman hokimi S.Ismoilov muhtaram Prezidentimizga yolg‘on ma’lumot berish maqsadida tumandagi MFYda ishlovchi mutaxassis va kotibalarga topshiriq qilib, yangi ishga tushgan “And Gold” korxonasining tikuvchi ayollari bo‘lib berishni aytib, prezidentimizni aldaganiga guvoh bo‘ldik. Nahotki Izboskan tuman hokimi ko‘z bo‘yamachilik uchun Beshterak MFYning ayollarini “ishlovchi mutaxassis” deb yolg‘on ma’lumot berishdan qo‘rqmaydi?! U yerda 5 oy o‘qiyotganlar prezident oldida turganlarning 5 foizi, qolgan 95 foizi – mahallaning kotibasi, mahalladagi xotin-qizlar, yosh-qari raislari jalb qilingan. Hammasiga bir xil kiyim berildi, dedi ismini ochiqlamaslikni so‘ragan andijonliklardan biri.
Suhbatdosh e’tiborimizni videodagi birinchi bo‘lib prezident Mirziyoyev bilan qo‘l berib so‘rashgan ayolga qaratdi:
- Ish o‘rni yaratilganini, ishlayotganini aytgan, “Men shu yerda ishlayotganimdan xursandman!” deb gapirgan o‘sha ayol aslida u yerda ishlamaydi: u mahalla komitetida ishlaydi. Bu yolg‘on-ku! Prezident bilan uchrashuvdan oldin maxsus tayyorgarlik ko‘rilib, nima deyish unga o‘rgatildi. “Shunday gapirasiz, muammolar aytilmaydi, faqat xursandchilik bilan minnatdorchilik bildirasizlar!”, deyildi. Qolgan qizlar ham “ shu yerda ishlayman, oylik olyapman, juda xursandman”, deb aytishi kerakligi uqtirildi. U korxona endi ishga tushdi, bir kun oldin ochilgan edi, hali ish boshlagani yo‘q bu korxona. Bu korxona eksportga trikotaj, bolalar trikotaji va boshqalarni ishlab chiqaradi. Prezident ketganidan keyin hammasi borib mahallasida o‘zini ishini qilib o‘tiribdi, dedi andijonlik.
Suhbatdosh bu qizlarning aksari Izboskan tumanida mavjud 64 ta mahalla fuqarolar yig‘inidan olib kelingani, “demak ulardan kamida 128 nafari MFY kotibalari va mutaxassislari” ekanini iddao qildi.
Ozodlik 17 - iyun kuni “And Gold” korxonasida prezident oldida ko‘rinish bergan ayol Beshterak MFYning Nozima ismli mutaxassisi bo‘lgani tasdig‘ini topdi. Nozima opa mahallasidan yana 13 qizni hokimlik buyrug‘i bilan fabrikaga olib borgani va o‘sha yerga ishga kirganini aytdi:
- Men u joyga yangi ishga bordim. Nasib qilsa, ishlaymiz endi. Men upakovkachi bo‘lib ishga kirdim. Bir oylik shartli ishga olishdi. “Hammangiz sinov muddatidan yaxshi o‘tsangiz, oylik olaverasiz. Sinov muddati “oylik bermaymiz” degani emas”, deyishdi. Ishlaganiga qarab oyligi 700 dan 1 milliongacha bo‘lishi mumkin ekan. Men “And Gold” ga mahalladan tikish–bichish qo‘lidan keladigan 13 qizni olib bordim va o‘shalarga qarash mening vazifam edi, - dedi Nozima opa.
Beshterak MFYda oila va xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mutaxassis bo‘lib ishlaydigan Nozima opaning aytishicha, barcha borganlardan pasportlari olingan va kompyuterda ularning ro‘yxati tuzilgan. Biroq, na Nozima va na boshqa ishchi qizlar bilan mehnat shartnomasi yoki boshqa turdagi rasmiy shartnoma imzolanmagani ma’lum bo‘ldi.
Ozodlikning “Mahalladagi ishingiz nima bo‘ladi – kim u ishni bajaradi?”, degan savoliga, mahalla qo‘mitasi faoli:
- Men mahallada bu ishimda 2013 - yildan beri ishlayman. U yerga o‘zimdan o‘zim borib qolganim yo‘q. Bizga “Ishsiz qizlarni ishga jalb qilinglar!”, deyishdi. Men har kuni soat 7 da uyimdan chiqib, mahalla aholisi bilan suhbatlashib, raisga “Men fabrikaga ketyapman!”, deb soat 2 gacha fabrikada qizlar bilan suhbatlashib, upakovkani o‘rganib, keyin mahallaga kelib, soat 7 gacha mahalladagi ishlarimni qilyapman.
Nozima opa mahallada bu qizlardan tashqari yana 192 xotin-qiz “ishsiz” deb ro‘yxatga olinganini bildirdi.
Ozodlik prezident Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekistonning boshqa mintaqalarida ham prezident tashrifi oldidan bu kabi “tayyorgarlik” ishlari olib borilgani to‘g‘risida xabar berib kelgan.
Xususan, prezident Shavkat Mirziyoyevning Andijon viloyatiga 17–18 - iyun kungi tashrifi munosabati bilan ekilgan daraxtlar prezident ketganidan so‘ng qayta ko‘chirib olinayotgani to‘g‘risida ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolar va viloyat hokimligining bu holatga rasmiy munosabatini e’lon qilgan edi.