Anomal ob-havo: Mevalar 80%gacha hosilini yo‘qotdi, bog‘bonlar hukumat yordamidan umid qilmoqda

Qiyg‘oc gullagan mevali daraxtlar kuchli qor va sovuq natijasida o‘z hosilidan ayrildi.

Keyingi bir oy mobaynida O‘zbekistonda kuzatilgan anomal issiq natijasida kurtaklab, hatto gullashga ulgurgan mevali daraxtlar 24 - fevralda boshlangan qor va sovuq oqibatida o‘z hosilini yo‘qotdi.

EastFruit meva-sabzavot biznesi portali hisob-kitobicha, O‘zbekistonda keyingi kunlarda kuzatilayotgan sovuq oqibatida mevali daraxtlar 80 foizgacha o‘z hosilini yo‘qotgan.

Bog‘bonlar Ozodlik bilan suhbatda bu yil hosil juda kam bo‘lishidan xavotir bildirishdi.

Gidrometeorologiya xizmati xabar berishicha, 24 - fevralda Rossiyaning Volgabo‘yi mintaqasidan O‘zbekistonga kirib kelgan sovuq va nam havo 27 - fevralgacha davom etadi.

Mamlakat shimolida havo harorati -25 darajagacha tushib ketgan.

Meteorologlarga ko‘ra, bu kabi anomal harorat keyingi 6 yil ichida ilk bor kuzatilyapti.

Ayni paytda O‘zbekistonning tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi saqlanib turibdi.

Bog‘bonlar: Xonavayron bo‘ldik

Samarqandlik bog‘bon Nodir akaning aytishicha, bog‘idagi o‘rik bilan olma daraxtlari sovuq natijasida o‘z hosilini to‘la yo‘qotgan:

“Bizda sovuq minus 20 darajagacha yetdi. O‘rik erta pishadigan navi edi. Hammasi gullab, meva tugishni ham boshlagandi. Olma ham to‘la gullab bo‘lgandi. Yanvar oxirida boshlangan issiq 1 oy davom etdi. Gullamagan meva qolmadi. O‘rikning kechki navlari ham g‘unchalay boshlagandi. Hammasini sovuq urib ketdi”.

Buxorolik bog‘bon Xurshid akaning aytishicha, anomal ob-havo oqibatida viloyatdagi bog‘bonlar katta zarar ko‘rgan:

“Mening uzumzorim bor. Toklarni ko‘mgandim, zarar ko‘rmadi deb umid qilaman. Lekin atrofimdagi bog‘bonlar toklarini ko‘mmagandi. Fevralning issiq kunlari ko‘pchilik toklarini qirqishni boshlagandi. Ularnikini sovuq urib ketdi. Tanishim bilan hozirgina telefonda gaplashdim, o‘rigi bilan olmasini sovuq urib ketibdi. 5000-7000 dollar zarar ko‘rgan. Bu 1 gektar bog‘i bor fermerning ko‘rgan zarari”.

EastFruit meva-sabzavot biznesi portali hisob-kitobicha, sovuq oqibatida mevali daraxtlar navi va turiga qarab, 30 foizdan 80 foizgacha hosilini yo‘qotgan bo‘lishi mumkin:

  • bodom hosilining 55-60 foizi;
  • gullagan o‘rik navlarining 70-80 foizi;
  • o‘rikning hali gullamagan (kechki) navlarining 30-35 foizi;
  • olxo‘rining 35-40 foizi.

“Hukumat yordami zarur”

Jizzaxlik bog‘bon Rasul aka xonavayron bo‘lgan fermerlarga hukumat yordami zarurligini aytadi:

“O‘tgan yili ham uzumlarga kasallik kelib, o‘zidan o‘zi qovjirab qolgandi. Bu yil ham hosilsiz qoldik. Agar hukumat yordam bermasa, hamma bog‘bonlar bankrot bo‘ladi”.

Buxorolik Xurshid aka ham bog‘bonlarga hukumat yordam qo‘lini cho‘zishi lozimligini aytadi:

“Bizda agrotizimni sug‘urtalash juda yomon yo‘lga qo‘yilgan. Bog‘larni sug‘urta qildirganingiz bilan hech qaysi firma sizga sug‘urta pulini bermaydi. Ular bilan sudlashib, bir tiyin ham pul ololmaganman. Deyarli hech bir bog‘bon bog‘ini sug‘urta qildirmagan. Bog‘larga davlat rejasi yo‘q, lekin bog‘bonning cho‘ntagi zarar ko‘rdi. Agrotexnika harajati, soliq to‘lovlari bor. Agar hukumat qandaydir imtiyoz bermasa, bog‘bonlar xonavayron bo‘ladi. Balki bog‘dagi mevalar orasiga nimadir ekib, harajatlarni qoplash mumkindir. Lekin nima ekishni ham bilmaymiz. Hukumat mutaxassislar yordamida bog‘bonlarga zarur maslahatlar bersa yaxshi bo‘lardi”.

Ozodlik suhbatlashgan bog‘bonlar taxminicha, joriy yilda daraxtlar kurtaklarini sovuq urishi oqibatida mevalar narxi qimmat bo‘lishi mumkin.

Daraxtlarni sovuqdan asrash choralari

Gidrometeorologiya xizmatining havo sovishi haqidagi xabaridan so‘ng bog‘bon-fermerlar o‘z hosillarini asrab qolish uchun turli choralarni qo‘llashgan.

“O‘riklarning tagiga suv quyib qo‘ydik. Azaldan shunaqa qilingan sovuq qattiq keladigan paytlari. Lekin bu chora yordam bermadi”, deydi bog‘bonlardan biri.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolardan birida, Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanidagi bog‘bonlar bog‘larini asrash maqsadida daraxtlar orasiga o‘t yoqib qo‘ygani aks etgan.

Qishloq xo‘jaligi vazirligi ham keskin ob-havo sharoitida qishloq xo‘jaligi ekinlari va daraxtlarni saqlash bo‘yicha tavsiyalarni berdi. Vazirlik tavsiyalari orasida ham bog‘larga mahalliy o‘g‘it aralash hashak, paxol, shox-shabbalar uyumlarini to‘plab, ularni tutatish qayd qilingan.

O‘zgidromet xabari va FVV ogohlantiruvi

O‘zgidromet xabariga ko‘ra, 24 - fevral kuni boshlangan sovuq havo 26 - fevralda ham davom etgan.

25 - fevral kuni O‘zbekistonning ayrim hududlarida -25 daraja sovuq bo‘lgan.

O‘zgidromet havo harorati dam olish kunlari ko‘tarilishi mumkinligini xabar qildi.

Ayni paytda FVVligi xabariga ko‘ra, O‘zbekistonning tog‘li hududlarida qor ko‘chishi xavfi saqlanib turibdi.

FVV Qamchiq dovonida harakatlanadigan haydovchilarni ehtiyot bo‘lishga chaqirdi. Kecha dovondagi yo‘llarning sirpanchiqligi sabab handaqqa tushib ketgan ikkita mashina qutqarib olingan. FVV baxtsiz hodisa natijasida qurbonlar bo‘lmagani haqida yozdi.

Hududgazta'minot AJ ham harorat pasaygani sabab gaz quyish shoxobchalarining ish vaqtini qisqartirib, soat 05:00 dan soat 15:00 gacha qilib belgiladi.