AQSH Mudofaa vazirligi Aleut arxipelagi tarkibiga kiruvchi Shemya oroliga 130 nafar harbiy xizmatchini safarbar qildi.
Alyaska shtatining Ankorija shahridan 2000 km masofada joylashgan orolga HIMARS raketalari bilan qurollangan harbiy bo‘linma joylashtirilishi Rossiyaning mintaqada harbiy faolligi oshishiga javob ekani aytilmoqda.
“Assoshieyted Press” axborot agentligi xabariga ko‘ra, so‘nggi haftalarda Alyaska shtati yaqinida Rossiyaga tegishli sakkizta harbiy samolyot va to‘rt kema, jumladan, ikki suvosti kemasi harakati qayd etilgan. Ma’lum bo‘lishicha, Rossiya Xitoy bilan hamkorlikda “Okean-24” harbiy-dengiz mashg‘ulotlari o‘tkazayotir.
“Alyaska yaqinida va mintaqada ehtimoliy dushmanlarning mashg‘ulotlari ko‘payib borayotgan bir paytda Shemya orolidagi amaliyotimiz Hind–Tinch okeanlari mintaqasidagi hodisalarga tezkor javob qaytarishga shay ekanimizni namoyish etadi”, deb bayonot bergan Alyaskada joylashgan 11-harbiy desant diviziyasi qo‘mondoni, general Jozef Hilbert.
AQSH Kongressida Alyaska shtatini tamsil etib kelayotgan senator Den Sallivanga ko‘ra, Pentagon Aleut orollarining g‘arbiy qismidagi vaziyatni nazorat qilish uchun esmines va sohilni qo‘riqlash xizmati kemasini ham yuborgan.
Qo‘shma Shtatlar harbiylari Shemya orolida joylashgan radar majumasi orqali Rossiyaning Kamchatka yarim orolidagi raketa poligonini kuzatib boradi.
AQSHning Aleut arxipelagi tarkibiga kiruvchi Adak orolidagi yagona harbiy bazasi 1997-yilda yopilgan edi. Mintaqada Rossiya va Xitoy faollashib borayotgani sabab harbiy bazani qayta ochish taklifi ilgari surilmoqda.