AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi joriy yilning 10-iyunidan vizaga ariza topshirish bo‘yicha yangi tizim ishga tushirilganini e’lon qildi.
Elchixona matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mazkur tizim yordamida murojaatchilar viza bo‘yicha ma’lumotga ega bo‘lish, talab etilgan viza uchun ma’muriy to‘lovni amalga oshirish, viza bo‘yicha suhbat sanasini belgilash hamda yetkazib berish xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Vizaga ariza topshirishning yangicha jarayoniga muvofiq, murojaatchi barcha zaruriy to‘lovlarni suhbatga yozilish qayd etilguniga qadar to‘lashi kerak bo‘ladi. Murojaatchilarga viza uchun to‘lovni quyidagi yo‘llar bilan amalga oshirish imkoniyati beriladi:
- “Tenge Bank”ning barcha filiallarida naqd pul orqali (To‘lovlar AQSH Elchixonasida qabul qilinmaydi).
- Veb-saytda AQSH dollarida plastik karta orqali.
Yangi tizim 10-iyundan boshlab https://ais.usvisa-info.com/ veb-saytida 2-iyul va undan keyingi sanalar uchun barcha noimmigratsion viza suhbatlari sanasini belgilash uchun faoliyat yurita boshlaydi.
“Yangi suhbat tizimi orqali suhbatsiz vizaga murojaat etish talablariga javob beruvchi murojaatchilar yetkazib berish xizmati yordamida hujjatlarini Konsullik bo‘limiga topshirishlari hamda hujjatlarini belgilangan tegishli bo‘linmadan qabul qilib olishlari mumkin bo‘ladi”, deyilgan elchixona xabarnomasida.
Amerikalik diplomatlar avvalgi suhbat tizimidan foydalangan holda iyun oyi uchun suhbat sanasini belgilagan viza murojaatchilari belgilangan sanada viza suhbatiga kelishlari va viza uchun to‘lovni binoning ichida suhbatdan avval amalga oshirishlari lozimligini eslatganlar.