AQSh qora ro‘yxatga kiritgan va o‘z aybini sudda tan olgan “Rayim million” 3 ming dollar jarima evaziga ozod qilindi

Ozodlik radiosi qirg‘iz hizmati Rayimbek Matraimov asos solgan korrupsiyaviy sxema haqida qator jurnalistik surishtiruvlarni e’lon qilgan.

AQSh tomonidan yirik korrupsioner sifatida qora ro‘yxatga tirkalgan Qirg‘iziston bojxona xizmati raisining sobiq o‘rinbosari Rayimbek Matraimov 11 - fevral kuni Bishkek shahar Birinchi May tuman sudi qarori bilan 260 ming so‘m (3 ming dollar) miqdorida jarimaga tortilib, sud zalidan ozod qilindi.

“Rayim million” degan nom bilan mashxur bo‘lgan sobiq amaldorning muzlatib qo‘yilgan aktivlari, bank hisoblari va mol-mulki unga qaytariladigan bo‘ldi. Rayimbek Matraimov sudda korrupsiya bo‘yicha barcha ayblovlarni tan oldi.

2020 - yilning 9 - dekabrida AQSh Moliya vazirligi Rayimbek Matraimov jahondagi yirik korrupsionerlardan biri sifatida “qora ro‘yxat”ga kiritilganini e’lon qilgan edi.

O‘sha paytdagi AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo 10 - dekabrda Rayimbek Matraimov va uning xotini Uulkan Turgunova “Magnitskiy ro‘yxati”ga kiritilganini rasman e’lon qilgan.

Ozodlik radiosi qirg‘iz hizmati Rayimbek Matraimov asos solgan korrupsiyaviy sxema haqida qator jurnalistik surishtiruvlarni e’lon qilgan.

Qirg‘izistonning o‘tgan yili oktabr oyida iste’fo berishga majbur bo‘lgan prezidenti So‘o‘ro‘nbay Jeenbekov esa, Raim millionni jazoga tortish talabi bilan o‘tkazilgan mitinglarni e’tiborga olmay, Matraimovni jazoga tortish uchun “faktlar yetarli emas”ligini aytib kelgan.

Ozodlik radiosi qirg‘iz hizmati surishtiruvlarida Raimbek Matraimov korrupsiyaviy sxema asosida Qirg‘izistondan kamida 700 million dollarni noqonuniy ravishda chet elga olib chiqib ketgani aytiladi.

Bishkek shahar Birinchi May tuman sudi Rayimbek Matraimovni 260 ming so‘m (taqriban 3 ming dollar) miqdorida jarimaga tortdi. Sud hukmi bilan uning muzlatib qo‘yilgan aktivlari, bank hisoblari va mol-mulki hibsdan chiqarildi. Hukmni sudya Gulzat Diyqanbayeva o‘qib eshittirdi.

Sud hukmi bilan Raimbek Matraimovga mamlakatdan chiqib ketishga to‘sqinlik qiluvchi qaror ham bekor qilindi. Rayimbek Matraimov sudda korrupsiya bo‘yicha barcha ayblovlarni tan oldi.

Sudya Gulzat Diyqanbaeva sudlanuvchi Rayimbek Matraimov tergov bilan hamkorlik qilishga rozi bo‘lganini e’tirof etgan holda, sud tergovini yuritmasdan hukm e’lon qilinishini bildirdi.

Davlat ayblovchisi sifatida sudda ishtirok etgan prokuror esa Matraimov korrupsioner sifatida Qirg‘iziston davlatchiligiga keltirilgan ziyonni to‘liq to‘lab berganini aytish bilan cheklandi.

Jurnalistik surishtiruvlar jarayonida Matraimov kamida 700 million dollarni Qirg‘izistondan noqonuniy olib chiqib ketgani iddao qilingan.

Milliy xavfsizlik xizmati va prokuratura Rayimbek Matraimov Qirg‘izistonga 2 milliard so‘m, taqriban 25 million dollar zarar keltirgan degan versiyani olg‘a surib, Matraimov bu mablag‘ni to‘lig‘i bilan davlat hazinasiga qaytarganini aytmoqda.

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi Davlat bojxona qo‘mitasidagi korrupsiya faktlari bo‘yicha 2020 - yil 17 - oktabr kuni ochilgan sudgacha tergov doirasida 20 - oktabr kuni Raimbek Matraimov qo‘lga olingani haqida ma’lum qilgandi. Xabarnomada bu korrupsion sxemalarga aloqador 40 chog‘li kishi aniqlangani, ularning qayerda ekani va shaxsi ma’lumligi haqida bildirgan.

Keyinroq qo‘mita Matraimov tergov hisob-kitobiga ko‘ra 2 milliard so‘m (taqriban 25 million AQSh dollari) miqdoridagi davlatga yetkazilgan zararni 2020 - yil noyabr oyi oxirigacha qoplashga tayyorligini ma’lum qilgan.

Rayim Matraimov Ozodlik radiosining qirg‘iz xizmati, Uyushgan jinoyatchilik va korrupsiyani tadqiq qilish dasturi (OCCRP) hamda Bishkekdagi Kloop axborot sayti 2019 - yildan beri hamkorlikda o‘tkazgan jurnalistik surishtiruvlar natijasida bir qator korrupsion sxemalar orqali noqonuniy boyiganligi iddao qilib kelinayotgan edi.

Mazkur jurnalistik surishtiruv ortidan Qirg‘izistonda korrupsiyaga qarshi ko‘p ming kishilik namoyishlar bo‘lib o‘tgan.

AQSh 2020 - yilning 10 - dekabrida Qirg‘iziston bojxona xizmati raisining sobiq o‘rinbosari Raimbek Matraimov va uning xotini Uulkan Turgunovaga nisbatan “Magnitskiy ro‘yxati” doirasida sanksiya joriy qildi.

AQSh davlat kotibi Mayk Pompeo o‘sha kuni “Tvitter” sahifasida: “Bugun men sobiq qirg‘iz amaldori Raimbek Matraimov bilan uning xotinini korrupsiyaviy tandem tuzgani uchun “Magnitskiy ro‘yxati”ga kiritdim. AQSh korrupsiyaga qarshi kurashadi va jahonda inson huquqlarini buzganlar uchun javobgarlikni kuchaytiradi”, - deb yozgandi.

AQSh Moliya vazirligi e’lon qilgan bildiruvda aytilishicha, Matraimov Qirg‘izistonda keng miqyosli korrupsiyaviy sxemani tuzgan va pul yuvishda ishtirok etgan.

Rasmiy bildiruvda 49 yoshli Matraimov mamlakatdan noqonuniy ravishda kamida 700 million dollarni olib chiqib ketgan, bojxona to‘lovlarini chetlab o‘tish maqsadida mansabdor shaxslarni sotib olgan va pul yuvgan, deb aytiladi.

AQShda 2012 - yilda qabul qilingan Magnitskiy qonuni asosida “qora ro‘yxat”ga inson huquqlarini buzgan va jiddiy korrupsiyaviy sxemalarga aralashgan shaxslar kiritiladi.