AQSH prezidenti Jo Bayden bilan Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ikki mamlakat o‘rtasida 10 yillik xavfsizlik sohasidagi hamkorlikka oid shartnomani imzolashdi.
Shartnomani imzolash marosimi Italiyada bo‘lib o‘tayotgan “Katta yettilik” (G7) sammiti tegrasida o‘tkazildi. Zelenskiy dunyodagi yetti yetakchi demokratik mamlakat liderlari majlisiga taklif qilingan bo‘lib, bu yerda boshqa masalalar qatori Rossiya bilan urushda Ukrainani dastaklash masalasi ham muhokama qilingan.
Reuters agentligi qaydicha, shartnoma matnida to‘g‘ridan to‘g‘ri hujjat NATOga kirish tomon ilgarilashda Ukrainaga ko‘maklashishga yo‘naltirilgani eslatilgan.
Hujjatda, Shimoliy Atlantika shartnomasida ko‘zda tutilganidek, Ukrainaga qarshi urush boshlanganida uni harbiy jihatdan dastaklashga oid majburiyat yo‘q. Unda bu kabi urush yoki tajovuz tahdidi tug‘ilgan taqdirda, Ukrainaning mudofaa salohiyatini kuchaytirish maqsadida qanday choralar ko‘rilishi mumkinligini belgilash uchun 24 soat ichida konsultatsiyalar berish mexanizmi ko‘zda tutilgan.
Shartnomada AQSHning Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligiga sodiqligi ham yana bir bor tasdiqlangan. Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga uzoq muddatli qurol-aslaha yetkazib berish, uning harbiylarini o‘qitish va maslahatlar bilan yordam berish majburiyatini zimmasiga olgan.
The Washington Post nashri shartnomaning Kongress tomonidan ma’qullanishi ko‘zda tutilmagani uchun u istalgan payt AQSHning istalgan keyingi prezidenti tomonidan bekor qilishini mumkinligini eslatgan.
Shartnoma imzolanishi ortidan so‘zga chiqqan Jo Bayden Ukrainada tinchlikka erishish uning tajovuzdan o‘zini himoya qila olish salohiyatiga bog‘liq ekanini, tinchlikning o‘zi esa suverenitet va BMT nizomini hurmat qilish tamoyillariga asoslanishi lozimligini bildirgan. Baydenga ko‘ra, G7 mamlakatlari avvalda bo‘lgani kabi Ukrainani dastaklash fikrida sobitdir, Italiyadagi sammit qarorlari esa Ukraina muvaffaqiyati uchun mustahkam tamal barpo etadi.
O‘z navbatida Zelenskiy shartnoma imzolangan kunni “tarixiy” kun deb atagan hamda AQSH bilan tuzilgan bitim Ukraina mustaqillikka erishganidan buyon tuzilgan eng muhim ikki tomonlama shartnoma bo‘lganini qayd etgan.