AQSH vitse-prezidenti Kamala Harris Yuliya Navalnaya bilan gaplashdi

AQSH vitse-prezidenti Kamala Harris

AQSH vitse-prezidenti Kamala Harris 1-avgust kuni Rossiya qamoqxonalaridan 16 nafar siyosiy mahbus ozod qilingani ortidan siyosatchi Aleksey Navalniyning bevasi Yuliya Navalnaya bilan suhbatlashdi. Payshanba kuni qamoqdan ozod bo‘lganlar orasida uch nafar amerikalik, besh nafar germaniyalik va yetti nafar rossiyalik bor edi. Bunga oid ma’lumot Oq uy saytida yoyinlangan.

Vitse-prezident siyosiy tutqunlarning ozodlikka chiqqanini olqishlab, Rossiya va butun dunyoda ozodlik uchun kurashayotganlarni dastaklashda davom etishini tasdiqladi.

Harris erining Rossiyada adolat va qonun ustuvorligi uchun olib borgan ishini davom ettirayotgan Navalnayaning jasoratini yuqori baholadi”, deyilgan Oq uy bayonotida.

Kamala Harris 2024-yil fevralida xavfsizlik bo‘yicha Myunxenda o‘tkazilgan konferensiyada – Navalniy Rossiya qamoqxonasida vafot etgani ma’lum bo‘lganidan keyin bir necha soat o‘tib Yuliya Navalnaya bilan uchrashgan edi. Vitse-prezident TIME jurnalining 2024-yildagi 100 nafar eng nufuzli odamga bag‘ishlangan maxsus soni uchun Yuliya Navalnaya haqida maqola yozgan, deyilgan “Amerika ovozi” xabarida.

Navalnaya avvalroq Rossiya qamoqxonasidan siyosiy mahbuslarning ozod qilinishini “ulkan baxt” deb atagan edi.

Har bir siyosiy mahbusning ozod qilinishi bu ulkan g‘alaba va xursandchilikdir. Hech kim Putinning tutquni bo‘lmasligi, qiynoqlarga tutilmasligi va Putin qamoqxonasida o‘lmasligi lozim”, deb yozgan u X ijtimoiy tarmog‘idagi o‘z postida. Bu haqda xabar qilgan “Amerika ovozi”ning rus xizmati G‘arb bilan Moskva o‘rtasida mahkum almashuvini “sovuq urush davridan buyon amalga oshirilgan eng yirik [almashuv]” deb atagan.