AQSHda Bayden va Trampning ilk debati bo‘lib o‘tdi

Jo Bayden bilan Donald Tramp o‘rtasidagi debatdan lavha

Qo‘shma Shtatlarda 27-iyun kuni demokratlar partiyasidan prezidentlikka nomzod Jo Bayden bilan respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod Donald Tramp o‘rtasida ilk debat bo‘lib o‘tdi.

CNN telekompaniyasi tomonidan uyushtirilgan debatda boshlovchilar nomzodlarga amerikaliklar uchun eng dolzarb bo‘lgan muammolar — inflyatsiya darajasining yuqoriligi, ayollar uchun abort huquqi, noqonuniy migratsiya, Ukrainaga yordam, afroamerikaliklar muammolari, bolali oilalarni dastaklash, iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, saylov natijalarini hurmat qilish va boshqa masalalarga daxldor savollarga javob berishni taklif qilishdi. Ammo ikkala nomzod ham bir yarim soat davom etgan debatlarda avvaldan hozirlangan tezislarni takrorlab, mazkur savollarning ko‘piga javob berishdan qochishdi.

Prezident Bayden o‘zining rahbarligi ostida mamlakat COVID pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan retsessiya oqibatlariga qarshi muvaffaqiyatli kurash olib borgani, o‘z ma’muriyati siyosati tufayli inflyatsiya darajasi pasayayotgani, u keksa yoshdagi amerikaliklar uchun dori-darmon narxlarini pasaytirishga muvaffaq bo‘lganini aytdi.

Bayden prezidentlikka qayta saylangudek bo‘lsa, ijtimoiy dasturlarni moliyalashtirish uchun yuqori daromadli amerikaliklar uchun soliqlarni oshirishni va’da qildi.

Sobiq prezident Donald Tramp esa aslida hozirgi iqtisodiy o‘sish uchun tamal uning prezidentligi chog‘ida soliqlarni pasaytirish va iqtisodiyotdagi davlat boshqaruvini qisqartirish evaziga qo‘yilganini bildirdi. U Jo Baydenni noqonuniy migratsiya muammolariga nisbatan loqaydlikda va hatto buni rag‘batlantirganlikda aybladi. Trampga ko‘ra, bu muammo kam ta’minlangan amerikaliklarga katta zarar yetkazmoqda.

Debatlardagi eng hassos epizodlardan biri Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga oid muhokama bo‘ldi. Donald Tramp, agar u Oq uyda bo‘lganida, Rossiya Ukrainaga bostirib kirmagan bo‘lishini bir necha bor takrorladi. Unga ko‘ra, AQSH armiyasining Afg‘onistondan “sharmandalarcha” chiqib ketishi Putinga Ukrainaga qarshi urush boshlash jur’atini bergan. Tramp fikricha, Bayden siyosati ishlarni uchinchi jahon urushi tomon olib bormoqda.

Bunga javoban Bayden “Trampning xatti-harakatlari, uning Ukraina yordam berishni istamasligi Putinni NATOga a’zo mamlakatlarga bostirib kirishga rag‘batlantirishi va uchinchi jahon urushiga olib kelishi mumkin” deya raqibiga e’tiroz bildirdi.

Debat boshlovchisining savoliga javoban Tramp u Putin tomonidan taklif etilgan urushni tinch yo‘l bilan tugatish rejasiga qo‘shilmasligi aytdi. U Rossiya prezidentini jinoyatchi deb atagan, biroq prezidentlikka qayta saylangan taqdirda, prezidentlik lavozimiga rasman kirishmay turiboq Ukrainadagi urushni to‘xtatishi mumkinligini yana bir bor takrorladi.

Kuzatuvchi va sharhlovchilarning ilk munosabatidan kelib chiqilsa, prezident Bayden bu debatda ochiq mag‘lubiyatga uchragan. Raqibidan farqli ravishda u doim ham o‘z fikrini oxirigacha ifodalay olmagan, ba’zan kerakli so‘zlarni qidirib qolgan, javoblarda kalovlangan. Baydenning saylovoldi shtabi vakillari buni prezident debatga shamollagan holda chiqqani bilan izohlashgan.

Prezidentlikka nomzodlarning ilk debati ortidan The Wall Street Journal gazetasi “Bayden debat chog‘ida Tramp tomonidan chilparchin qilindi” sarlavhasi bilan chiqdi. New York Times nashri esa Bayden debatda “no‘noqlarcha chiqish” qilgani, demokratlar partiyasi esa “sarosima”da ekani haqida yozmoqda.

AQSH prezidenti lavozimiga nomzodlar o‘rtasidagi ikkinchi debat sentyabr oyida bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.