AQSHda o‘qiyotgan o‘zbekistonliklar soni qariyb 12 foizga oshdi

Illyustrativ surat

AQSHda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni 2023-2024-o‘quv yilida 1219 nafarni tashkil etgan. Xalqaro ta’lim instituti tomonidan hozirlangan “Ochiq eshiklar” hisobotiga ko‘ra, bu o‘tgan yilga nisbatan 11,9 foizga ko‘pdir.

Okean ortidagi o‘zbekistonlik talabalarning 703 nafari bakalavriat, 350 nafari magistratura bosqichida tahsil olmoqda. 134 nafar talaba fakultativ o‘quv kurslariga, 32 nafari esa nodavlat ta’lim yo‘nalishlariga qabul qilingan.

Xalqaro ta’lim instituti hisobotida qayd etilishicha, joriy o‘quv yilida AQSH universitetlarida jami 1,1 milliondan ziyod xorijlik talaba o‘qimoqda. Chet ellik talabalar soni bo‘yicha Hindiston (331,6 ming nafar yoki 29,4 foiz), Xitoy (277,3 ming nafar yoki 24,6 foiz) va Janubiy Koreya (43,1 ming nafar yoki 3,8 foiz) yuqori o‘rinlarni egallagan.

Qo‘shma Shtatlar oliy o‘quv yurtlarida O‘zbekiston vakillari yil sayin ko‘payib borayotganini kuzatish mumkin.

2021-2022-o‘quv yilida 631 nafar o‘zbekistonlik talaba AQSH oliy ta’lim muassasalarida tahsil olgan bo‘lsa 2022-23-o‘quv yilida ular soni 1089 nafarga yetgan.

Avvalroq Germaniyadagi “Statista” tashkiloti O‘zbekiston xorijda ta’lim olayotgan talabalar soni bo‘yicha dunyoda beshinchi o‘ringa chiqqanini ma’lum qilgandi. Tashkilotga ko‘ra, chet elda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar soni 110 mingdan oshadi.