AQSHda Usama bin Ladin ovi tafsilotlari ochiqlandi

Usama bin Ladinning bu fotosurati 1998-yil 26-mayida Afg‘onistonda o‘tkazilgan matbuot anjumanida olingan

AQSHda Milliy xavfsizlik agentligi (MXA) xodimlari va tahlilchilari ikki yil mobaynida Usama bin Ladin yordamchisining telefon qo‘ng‘iroqlari kuzatib, uni tinglab borishgan. Bu “Al-Qoida” (AQSH va YIda faoliyati taqiqlangan tashkilot) lideri yashirinib o‘tirgan joyni aniqlashga yordam bergan. Bu haqda MXA sobiq direktori Jon Darbi The Washington Post nashri bergan intervyusida so‘zlab bergan.

Darbiga ko‘ra, Usama bin Ladin yordamchisi geolokatsiyasini aniqlash uchun signal razvedkasi (SIGINT) vositalaridan foydalanilgan. AQSH maxsus xizmatlari qidirayotgan shaxslar o‘rtasidagi radiosignallar, telefon so‘zlashuvlari va internet-trafikni tutish va tahlil qilish ishlari olib borilgan.

AQSH razvedkasi Usama bin Ladinning yordamchisi haqida ma’lumotga ega bo‘lgani va “1-raqamli terrorchi”ni aynan u orqali topishga muvaffaq bo‘lingani haqida xalqaro terror tarmog‘i rahbari o‘ldirilganidan ko‘p o‘tmay 2011-yili xabar qilingan edi. Usama bin Ladin tashqi dunyo bilan yordamchisi orqali muloqot qilgan, u elektron aloqa vositalaridan foydalanmagan va konspiratsiya qoidalariga jiddiy amal qilgan.

Usama bin Ladin yangi tarixdagi eng qonli xurujlar, shu jumladan 2001-yil 11-sentyabridagi terror hujumini uyushtirganlikda ayblangan.