Armaniston muxolifati bosh vazir Pashinyanga ultimatum qo‘ydi (VIDEO)

Armaniston poytaxtida minglab odam norozilik namoyishiga chiqdi, 5 - dekabr, 2020.

5 - dekabr kuni Armaniston poytaxtida minglab odam norozilik namoyishiga chiqdi.

Muxolifat bosh vazir Nikol Pashinyan iste’fosini talab qilmoqda.

Tog‘li Qorabog‘da harbiy to‘qnashuvlarni to‘xtatish uchun Rossiya vositachiligida tinchlik sulhi imzolanganidan beri Armaniston muxolifati Pashinyan iste’fosini talab qilmoqda.

Shanba kuni 20 mingga yaqin namoyishchi Yerevan markazida to‘planib, «Nikol – xoin» va «Nikolsiz Armaniston» deb hayqirdilar.

Buning ortidan namoyishchilar bosh vazirning rasmiy qarorgohiga yo‘l oldilar.

10 - noyabr kuni Moskva vositachiligida tuzilgan bitim ortidan Armaniston siyosiy inqirozga yuz tutdi. Tinchlik sulhi Ozarbayjon va etnik arman qo‘shinlari o‘rtasida 44 kun davom etgan harbiy to‘qnashuvlarga barham berdi.

Kelishuvga muvofiq, Tog‘li Qorabog‘ning bir qismi va uning atrofidagi barcha hududlar Ozarbayjonga o‘tdi. Sulh Armaniston uchun jang maydonida mag‘lubiyat o‘laroq ko‘rilmoqda.

1994 - yilda otashkesim imzolanganidan beri etnik armanlar rasman Ozarbayjon tarkibiga kiruvchi Tog‘li Qorabog‘ni va uning atrofidagi yetti tumanni boshqarib kelayotgan edilar.

Namoyishchilar agar Pashinyan 8 - dekabrga qadar lavozimidan ketmasa, mamlakatda ommaviy itoatsizlik boshlanishi haqida ogohlantirdilar.

Joriy hafta boshida 17 muxolifat guruhi 1990 - yillarning boshlarida bosh vazir va mudofaa vaziri o‘laroq ishlagan Vazgen Manukyanni muddatidan ilgari parlament saylovlari o‘tkazilguniga qadar muvaqqat «inqirozga qarshi hukumat»ga yetakchi etib tayinladilar.

Namoyishchilar oldida nutq so‘zlagan Manukyan, Pashinyan «madaniyatli tarzda» ketish imkoniyatidan foydalanishi kerakligini aytdi.

Manukyanning aytishicha, yangi hukumat Rossiya vositachiligida imzolangan kelishuvga amal qilishi kerak, chunki ayni damda Yerevan Ozarbayjon va uning ittifoqchisi Turkiya bilan urush olib borishga qodir emas.

Ammo u yangi hukumat Armanistonning eng muhim ittifoqchisi bo‘lgan Rossiya bilan hamkorlikda kelishuvdagi ba’zi noaniq masalalarni hal qilishga intilishini aytdi.

Kelishuvda Tog‘li Qorabog‘ning yakuniy maqomi haqida hech nima deyilmagan.

Armaniston prezidenti Armen Sarkisyan ham siyosiy inqirozni bartaraf etish uchun muddatidan oldin parlament saylovlarini o‘tkazishga va muvaqqat hukumat tuzishga chaqirdi.

Ammo Pashinyan iste’foga chiqishdan bosh tortmoqda va uning «Mening qadamim» fraksiyasi hanuz 132 o‘rinli parlamentda hukmrondir.

Pashinyan imzolangan tinchlik shartnomasi Armaniston uchun «yomon» ekanini tan olgan bo‘lsa-da, kelishuv Tog‘li Qorabog‘ni saqlab qolish uchun Armaniston oldidagi yagona yo‘l ekanini aytmoqda.

5 - dekabr kuni xalqqa qilgan murojaatida Pashinyan yana bir bor Armanistonning urushdagi mag‘lubiyatini o‘tgan rahbariyatning muvaffaqiyatsizliklari va chuqur ildiz otgan korrupsiya mahsuli o‘laroq ko‘rsatishga urindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashga katta e’tibor qaratib kelayotgan islohotchi Pashinyan 2018 - yilda ommaviy norozilik namoyishlari ortidan hokimiyatga kelgan edi.