Asakada o‘qituvchilarga chiqindi tozalatgan direktor jarimaga tortildi

Illyustrativ surat

Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi qoshidagi Davlat mehnat inspeksiyasi Andijon viloyatining Asaka tumanidagi 37-umumta’lim maktabida o‘qituvchi-pedagoglar maktab direktori tomonidan majburiy mehnatga jalb qilinganini tasdiqladi.

Vazirlik matbuot xizmati qaydicha, inspeksiya tomonidan o‘rganish chog‘ida direktor maktabda qurilish ishlari olib borilgani, shu sababli qurilishdan chiqqan chiqindilarni tozalash ishlariga 30 ga yaqin o‘qituvchi-pedagog va texnik xodimlarni majburan jalb qilgani, xodimlar ish stavkalari va dars soatlari qisqarib ketishidan xavotir olib, ushbu ishlarni uning ko‘rsatmasi asosida bajarganini tan olgan.

Xabarnomada o‘rganish davomida O‘zbekiston Mehnat kodeksining 25-moddasi hamda Vazirlar Mahkamasining 349-sonli qarori talablari buzilganligi aniqlangani, shu sababli Asaka tumanidagi 37-umumta’lim maktabi direktoriga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 51-moddasi 2-qismiga asosan bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravari, ya’ni 34 million so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanilgani qo‘shimcha qilingan.

Ozodlik avvalroq Namangan viloyatining Pop tumanidagi 43-maktab direktori ta’til chog‘ida o‘qituvchilarni majburiy mehnatga jalb qilgani, pirovardida u BHMning 50 baravari (17 million so‘m) miqdorida jarimaga tortilgani haqida xabar qilgan edi.