"Asalarilar o‘layotgan bo‘lsa, kimyoviy dorilar sabab". Qirg‘iziston tog‘laridagi asalarichilar

Ko‘chmanchi asalarichilar Qirg‘iziston tog‘larida asal to‘plamoqda. Norin viloyati, 1-avgust, 2024

Qirg‘iz asalarichilarining uch avlodi mamlakat bo‘ylab ko‘chib yurib bolari boqadi. Global iqlim o‘zgarishi oilaviy biznesga ham ta’sir qilmoqda: asalari qutilarini tobora baland tog‘liklarga olib chiqishga to‘g‘ri kelyapti. Asalarichilar bu gal Sirdaryo irmoqlari boshlanadigan Eki Norin vodiysini makon tutishgan.

Markaziy Osiyoda eng yirik daryo bo‘lmish Sirdaryo to‘rt mamlakat – Qirg‘iziston, Tojikiston, O‘zbekiston va Qozog‘iston bo‘ylab oqib o‘tib, Orol dengiziga quyiladi. Ozodlik jurnalisti va fotografi Pyotr Trotsenko oddiy insonlar – baliqchilar, bozorchilar, dehqonlar hayoti orqali daryoning bugungi ahvoli haqida hikoya qilish maqsadida Sirdaryo va uning irmoqlari yoqalab safarga chiqdi.

Bu yerlarning baland tog‘ iqlimiga xos bo‘lmagan issiq ob-havoga qaramay, Tinichbek Satarov yenglari uzun qalin kurtka va to‘rli panama kiyib, ko‘chma asalari xo‘jaligidan xabar olgani jo‘naydi.

Tinichbek 36 yoshda, asalarichilik bilan shug‘ullanayotganiga 10 yildan oshgan. U may oyidan avgustga qadar gullagan yaylovlarni qidirib butun Qirg‘izistonni kezib yuradi. Tinichbekning otasi va akasi ham asalarichi. Ikki o‘quvchi o‘g‘li esa yozgi ta’til vaqtida unga ko‘maklashadilar.

Qalin kiyim asalarilardan o‘zini himoyalash uchun zarur. Lekin, o‘zi aytishicha, bolari chaqishiga ko‘nikib ketgan.

Asalarichi Tinichbek Satarov katta o‘g‘li Ulug‘bek bilan. Qirg‘iziston, Norin viloyati, 1-avgust, 2024

– Akam bolari qutilarini anavi tomonga, tog‘ ortiga qo‘ygan, – deydi Tinichbek janub tomonga qo‘li bilan ishora qilib. – Biz esa otam va o‘g‘illarim bilan bu yerda ishlayapmiz. Safarni Chuy viloyatidan boshlaymiz, so‘ngra Isiqko‘lga boramiz, u yerdan Norin viloyatiga kelamiz. Eki Norin – bizning so‘nggi manzilimiz. Hademay bu yerda oxirgi asalni olib, Bishkekka qaytamiz. Undan u yog‘iga bolarilar qo‘ldan yeydi, ularni qishga tayyorlash kerak bo‘ladi.

Vodiy nomi bo‘lmish Eki Norin o‘zbekchada “ikki Norin” degani: bu yerda ikki tog‘ daryosi – Katta va Kichik Norin birlashib, Norin daryosini hosil qiladi. Norin Markaziy Osiyoning eng muhim suv arteriyalaridan biridir. U Farg‘ona viloyatini kesib o‘tgach, O‘zbekiston hududida Qoradaryo bilan birlashib Sirdaryoni hosil qiladi.

Katta va Kichik Norin tutashib, Narin daryosini hosil qiladigan nuqta. Qirg‘iziston, Norin viloyati, 1-avgust, 2024

Tinichbek aytishicha, Eki Norin vodiysida olingan asal shifobaxsh sanaladi va juda qadrlanadi.

– Bol qancha baland tog‘liklarda olingan bo‘lsa, shuncha yaxshi. Tog‘larda tekisliklardagidek ko‘p asal yig‘ib bo‘lmaydi, lekin ozginayu sozgina – sof va nihoyatda shirin asal olasiz. Masalan, Chuy viloyatida 30 ga yaqin o‘simliklar gullaydi, bu yerda, baland tog‘likda gullaydigan o‘simliklar soni 15 dan oshmaydi. Shu bois Norin asali Qirg‘izistonda juda yuqori baholanadi.

Tinichtik Satarov Qirg‘iziston tog‘larida asal to‘playdi. Norin viloyati, 1-avgust, 2024

Bolarilar gulchang izlab uzoqqa uchmasligi va ko‘proq bol yig‘ishi uchun Tinichbek ko‘chma asalari xo‘jaligini gullagan yaylovga mumkin qadar yaqin joylashtirgan.

Qutilar tevaragida minglab qanotchalardan chiqayotgan g‘uv-g‘uv havoni to‘ldirgan. Arilar qo‘llarimga, kameraga qo‘nadi. Tinichbek bergan himoya kiyimini kiyib olganim uchun parvo qilmay, fotoapparat ko‘targancha uyalar atrofini aylanaman.

Satarovlar oilasining Eki-Norin vodiysidagi mobtl asalari qutilari. Norin viloyati, 1-avgust, 2024

Satarovlar xo‘jaligida 130 quti bor, ularda 30 mingdan ziyod bolari mehnat qiladi. “Shundan 10 minggi nektar yig‘adi, qolganlari uyaning o‘zida ishlaydi, ichkarida ham yumush yetarli”, izoh beradi asalarichi.

Asalarichi Tinichtik Satarov.

Tinichbek o‘z ishini sevishini, ishlab charchamasligini va yiqqan asali keyingi mavsumgacha oilasini boqishga bemalol yetishini aytadi. “Boshida ancha qiynaldik. Qutilar yasab, eski tirkama sotib olib, uni asalari boqishga mo‘ljallab qayta jihozladik. Bu ishlarga ko‘p kuch, vaqt va mablag‘ ketdi. Otam jonimizga ora kirdi: u ilgari payvandchi bo‘lib ishlagan, ko‘chma asalari xo‘jaligini deyarli qo‘lda yasab berdi”, deydi u.

Asalarichilarning vagonchasi uyalar, asalni so‘rib olishga moslab jihozlangan burchak hamda ikki qavatli karavotlar va mo‘jaz oshxonadan iborat yashash bo‘lmasini o‘z ichiga oladi.

Tinichtik Satarovning kichik o‘g‘li. Norin viloyati, 1-avgust, 2024

Asalarichilar oilasi boshlig‘i Risbek Satarov bu yil 64 yoshga to‘ladi. Yaqinda u nafaqaga chiqdi, endi bor vaqtini asalarichilikka va nabiralari tarbiyasiga sarflamoqda – nabiralari katta bo‘lgach, oilaviy biznesni yana ham rivojlantirishiga umid qiladi. Risbek aka toza havoda muntazam ishlash sog‘liq uchun nihoyatda foydali ekanini aytadi. “Asalarichilik qilmaganimda hozir balki uyda hassa tayanib yurarmidim”, deydi bobo yarim hazil, yarim chin ohangda.

Asalarichi Risbek Satarov. Norin viloyati, 1-avgust, 2024

Satarovlar asalni chakana sotishadi – shunda ko‘proq foyda qolar ekan. Lekin ba’zan hosilning bir qismini ulgurji xaridorlarga pullaydilar. Tog‘ asalining bir kilosi 500-600 som (6-7 dollar) turadi.

Tinichbekka ko‘ra, hosil ko‘p jihatdan ob-havoga bog‘liq. Agar yoz o‘ta issiq kelmasa, gul va gulchang ko‘p bo‘ladi, shunga yarasha asal ham.

Biroq iqlim o‘zgarishi asalari xo‘jaligiga ham daxl qilmoqda: havo yil sayin isib, har yozda harorat yangi rekord ko‘rsatkichlarga chiqyapti. Ko‘chmanchi asalarichilar esa salqinroq va namroq havo qidirib, tobora baland tog‘liklarga chiqishga majbur bo‘layotir.

Tinichbek fikricha, Eki Norin vodiysi bolari boqish uchun ideal joy, eng avvalo – suv ko‘p bo‘lgani uchun. “Suv bo‘yida o‘t-o‘lan shirador, gullar ko‘p bo‘ladi, shu bois asal xushbo‘y chiqadi”, deydi u.

Asalarilar.

Yaqinda Satarovlar oq asal hosilini olishdi: bolning bu turi Norinning esparset o‘simligidan olinadi va eng shifobaxsh hisoblanadi. Tinichbek aytishicha, oq asal xaridorlar o‘rtasida talash o‘lib ketar ekan. Esparset ko‘pyillik o‘t bo‘lib, gulga boy bo‘ladi, hatto jazirama havoda ham o‘zidan nektar chiqaradi. Esparsetni mollar ham yaxshi ko‘radi.

Suhbatimiz ekologiya mavzusiga buriladi. Tinichbekdan dunyoda asalarilar yoppasiga qirilib ketayotgani sababi haqida so‘rayman. Asalarichi ushbu muammodan xabari borligini, lekin o‘z xo‘jaligida bunaqasi hali bo‘lmaganini aytadi.

– Asalarilar o‘lib ketayotgan bo‘lsa, bunga fermerlar dalalarda kimyoviy dorilarni ayamay ishlatayotgani sabab bo‘lyapti. Hozir kimyo aralashmagan hech bir ekin qolmadi, shekilli, – deydi Tinichbek. – Qulupnay, malina, olma – hammasi dori bilan yetishtirilmoqda, ularni qanday yeyishadi, hayronman. Shu bois meva-sabzavotlarni faqat o‘zim taniydigan, ishonadigan fermerlardan olaman. Shubhali mevalarni yemayman, bolalarga ham yedirmayman.

Tog‘da gullash mavsumi tugab, butun asal yig‘ib olingach Satarovlar qutilarni saranjomlab, hosilni sotish va keyingi mavsumga hozirlik ko‘rish uchun shaharga tushadilar. Tinichbek Qirg‘iziston iqlimi asalarichilik bilan yana ko‘p yillar shug‘ullanishiga imkon berishiga va nafaqat bolalari, balki nabiralari ham bu ishni davom ettirishlariga umid qilib yashamoqda.