Associated Press: AQSh qariyb 20 yil deganda Bagram aerodromini Afg‘onistonga topshirdi

Qariyb 20 yil deganda AQSh harbiylari Bagram aerodromini tark etdi. Bu haqda Associated Press agentligi xabar bermoqda.

Bagram aerodromi AQSh Tolibonni ag‘darish hamda 2001 - yilning 11 - sentabrida Amerikaga qarshi terror hujumlarini amalga oshirgan “al-Qoida” jangarilarini qo‘lga olish uchun olib borgan harbiy amaliyotlar epitsentri bo‘lib kelayotgan edi.

Ismini oshkor qilmaslik sharti bilan so‘zlagan ikki AQSh rasmiysi aerodrom to‘laligicha Afg‘oniston Milliy xavfsizlik va mudofaa kuchlariga topshirilganini aytgan.

Rasmiylardan biri, shuningdek, AQShning Afg‘onistondagi bosh qo‘mondoni general Ostin Miller “hali ham kuchlarni himoya qilish uchun barcha imkoniyat va vakolatlarni o‘zida saqlab qolganini” aytgan.

Miller juma kuni Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘ani bilan uchrashdi. Prezident saroyi “Twitter”da G‘ani bilan Miller “AQShning Afg‘onistonga ko‘rsatayotgan doimiy yordami va hamkorlikni, xususan, mudofaa va xavfsizlik kuchlarini qo‘llab-quvvatlash masalasini” muhokama qilgani haqida yozdi.

Uchrashuvning boshqa tafsilotlari ochiqlanmadi. Shunday bo‘lsa-da, AQSh allaqachon Afg‘oniston milliy xavfsizlik kuchlarini moliyalashtirish uchun 2024 - yilgacha har yili qariyb 4 milliard dollar to‘lashga rozi bo‘lgan. Hech kim Millerning G‘ani bilan uchrashuvini xayrlashuv deb atamagan bo‘lsa-da, Bagram aerodromi bo‘shatilgani fonida uchrashuv xayrlashuv bo‘lganini xulosa qilish mumkin.

Bu orada Afg‘onistonning Bagram bo‘yicha tuman ma’muri Darvish Raufiy Amerika harbiylari bir kecha-kunduzda mahalliy rasmiylar bilan kelishmasdan olib chiqib ketilganini, natijada juma kuni erta tongda o‘nlab talonchi bazaga to‘siqsiz kirganini aytdi.

“Ular to‘xtatib qolindi, ba’zilari hibsga olindi, qolganlari esa bazadan chiqarib yuborildi”, dedi Raufiy Associated Press agentligiga bergan intervyusida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ko‘p o‘tmay Afg‘oniston Milliy xavfsizlik va mudofaa kuchlari aerodromni nazoratga olgan va talonchilar qo‘lga olingan.

“Afsuski, amerikaliklar Bagram tumani rasmiylari yoki hokim bilan hech qanday kelishuvsiz ketishdi”, degan Raufiy.

“Hozirda Afg‘oniston xavfsizlik kuchlari bazaning ichida ham, tashqarisida ham nazoratni qo‘lga olgan”.

Mudofaa vazirining matbuot kotibi o‘rinbosari Favod Omon erta tongda sodir bo‘lgan talon-toroj haqida hech narsa demadi. Kotib baza topshirilganini aytdi va Afg‘oniston Milliy xavfsizlik va mudofaa kuchlari uni “himoya qiladi va terrorizmga qarshi kurashda foydalanadi”, deyish bilan cheklandi.

Toliblar Amerikaning Bagram aerodromidan chiqib ketganini mamnuniyat bilan kutib olishdi. Jangari guruh matbuot kotibi Zabihulloh Mujohidin “Twitter”da buni “ijobiy qadam” deb atadi va “mamlakatning barcha hududlaridan xorijiy kuchlarni olib chiqib ketishga” chorladi.

AQShning avvalgi ma’muriyati Tolibon bilan Amerikaning barcha qo‘shinlarni Afg‘onistondan olib chiqib ketish to‘g‘risida shartnoma imzolagan edi.

Bagram aerodromi bo‘shatilgani AQShning Afg‘onistonda qolgan 2 500 – 3 500 nafar askarining so‘nggi guruhi mamlakatni tark etgani yoki jo‘nab ketish arafasida ekanidan dalolat beradi.

Prezident Jo Bayden qo‘shinlar 11 - sentabrgacha olib chiqib ketilishini va’da qilgan edi.

Aprel oyi o‘rtalarida Vashington Amerikaning “abadiy urushi” tugatilishini ma’lum qilgan edi. Bundan ko‘p o‘tmay, AQSh askarlari va 7000 ga yaqin NATO davlatlari yuborgan qo‘shinlar 4 - iyul – Amerika Mustaqillik kuniga qadar olib chiqib ketilishi qisman ayon bo‘lgan edi.

NATO askarlarining aksariyati joriy hafta holatiga ko‘ra Afg‘onistonni tinchgina tark etgan. Associated Press tomonidan tahlil qilingan bir nechta hukumat bayonotlari shuni ko‘rsatadiki, Yevropa qo‘shinlarining aksariyati imi-jimida Afg‘onistondan olib chiqib ketilgan.

AQSh xavfsizlik nuqtai nazaridan kelib chiqib, so‘nggi amerikalik askar Afg‘onistonni qachon tark etishini ochiqlashdan bosh tortib keladi.

Qolaversa, ayni paytda Kobuldagi Hamid Karzay xalqaro aeroportini himoya qilish borasida muzokaralar davom etmoqda. Ayni paytda aeroportni Turkiya va AQSh askarlari qo‘riqlamoqda. Ushbu himoya “Qat’iy qo‘llab-quvvatlash” missiyasida belgilangan bo‘lib, bugungi kunda aynan shu missiya tugatilmoqda.

Aeroportni muhofaza qilish bo‘yicha Turkiya va Afg‘oniston hukumati va ehtimol AQSh o‘rtasida yangi shartnoma imzolangunicha “Qat’iy qo‘llab-quvvatlash” missiyasi uzaytirilishini kutish mumkin.

Shuningdek, AQSh Afg‘oniston poytaxtidagi yirik elchixonasini himoya qilish uchun 650 ga yaqin askarni mamlakatda qoldiradi. Ularning qolishi to‘g‘risida Afg‘oniston hukumati bilan ikki tomonlama shartnoma imzolanishi kutilmoqda.

AQSh va NATO qo‘shinlari olib chiqib ketilar ekan, Tolibon mamlakatning bir necha qismida Afg‘oniston hukumati xavfsizlik kuchlarini engib, o‘nlab tumanni egallab oldi.

Hukumat mamlakat xavfsizlik kuchlariga yordam berish uchun shafqatsiz zo‘ravonliklarni sodir etib nom chiqargan harbiylashtirilgan guruhlarni jonlantirdi. Bu esa xavotirga sabab bo‘lmoqda.

Joriy haftada Miller matbuot anjumani o‘tkazib, zo‘ravonlikning davom etishi Afg‘onistonda fuqarolar urushi keltirib chiqarishi mumkinligidan ogohlantirdi va bu holat dunyoni tashvishlantirishi kerakligini aytdi.

Afg‘oniston poytaxti Kobuldan bir soatlik masofada joylashgan Bagram aerodromi orqali 2012 - yilga kelib 100 000 dan oshiq AQSh harbiysi uchib o‘tayotgan edi.

AQSh harbiylarining olib chiqib ketilishi ramziy ma’noga ega. AQSh Afg‘onistonga bostirib kirib, so‘ng Bagram orqali chiqib ketayotgan ikkinchi mamlakatdir.

Aerodromni 1950‑yillarda Sovet Ittifoqi qurgan. SSSR kommunistik hukumatni qo‘llab-quvvatlash uchun 1979 - yilda Afg‘onistonga bostirib kirganidan keyin, Bagram sovet harbiylari uchun asosiy bazaga aylangan. 10 yil davomida sovetlar AQSh dastaklagan mujohidlarga qarshi kurashgan.

2001 - yilda AQSh va NATO Bagramdan foydalana boshlaganda aerodrom xarobaga aylangan edi. Raketa va snaryadlar izlariga to‘la binolar qulab tushgan, majmua devorlarining yirik qismi buzilgan edi.

Ulkan bazada ikkita uchish-qo‘nish yo‘lagi mavjud. Yangi yo‘lak 2006 - yilda 96 million dollarga qurilgan. Majmuada 110 ta devor bilan o‘ralgan uchoq saqlash maydonchasi bor. “GlobalSecurity” xavfsizlik tahlil markazi ma’lumotlariga ko‘ra, Bagramda uchta katta angar, boshqaruv minorasi va ko‘plab qo‘shimcha bino mavjud. Bazada 50 o‘rinli shifoxona mavjud. Shifoxonaning uchta operatsiya zali va zamonaviy stomatologiya klinikasi ham bor. Shuningdek, majmuada afg‘onistonliklar qo‘rqadigan qamoqxona joylashgan.

Afg‘oniston rasmiylari hali AQSh va NATO harbiylari Bagram aerodromidan chiqib ketishni tamomlagani to‘g‘risida bayonot bergani yo‘q.