Bangivor moddalarning internetdagi targ‘iboti uchun javobgarlik belgilandi

Illyustrativ surat

O‘zbekistonda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari hamda psixotrop moddalarni telekommunikatsiya tarmoqlari va internetda tarqatish, reklama qilish, namoyish etish uchun javobgarlik belgilandi.

“Huquqiy axborot” kanalining ma’lum qilishicha, O‘zbekiston prezidenti tomonidan 5-oktyabr kuni imzolangan 971-sonli qonunga binoan Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslari hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari va psixotrop moddalarni qonunga xilof ravishda muomalaga kiritish jinoyatini voyaga yetmaganlarni jalb qilgan holda sodir etganlik uchun ham javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Adliya vazirligi tomonidan yuritiladigan “Huquqiy axborot” kanali bildirgisida bangivor moddalarning internetdagi targ‘iboti uchun qanday jazo ko‘zda tutilgani ochiqlanmagan.

Rasmiy ma’lumotda qayd etilishicha, giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar hisoblanmaydigan alohida toifadagi kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash, tashish yoki jo‘natish kabi harakatlar uchun BHMning 50 baravarigacha miqdorda jarima, 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari, 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari, 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash, 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish kabi jinoiy jazolar ko‘zda tutilgan.

Keyingi yillarda O‘zbekistonda o‘smirlar va yoshlar orasida psixotrop moddalar iste’moliga ruju qo‘yayotganlar ko‘paygani borasida xavotirlar mavjud. Jamoatchilik bangilikka qarshi kurashni kuchaytirishni taklif etib keladi.