AQSH prezidenti Jo Bayden amerikalik fuqarolarning mamlakatda noqonuniy ravishda yurgan va rasman deportatsiya qilinishi lozim bo‘lgan yuz minglab er yoki xotinlariga nisbatan amnistiya e’lon qildi. Bu haqda G‘arb matbuoti xabar qilmoqda.
“Noqonuniy migratsiya Qo‘shma Shtatlarda prezident faoliyatini sezilarli darajada qiyinlashtirayotgan saylovoldi kampaniyasining eng muhim masalalaridan biriga aylandi”, deya qayd etgan Bi-bi-si.
May oyi oxirida Jo Bayden AQSH-Meksika chegarasi orqali migrantlar oqimini cheklashga qaratilgan farmon imzolagan edi. Unga ko‘ra, AQSH chegarasidan noqonuniy o‘tganlar Qo‘shma Shtatlarga boshpana so‘rab murojaat qilolmaydi. Bu chora chegarada odam o‘ta ko‘payib ketganda amalda bo‘ladi. Bunday vaziyatda immigratsiya xizmati xodimlari migrantlarning boshpanaga oid arizasini qabul qilmay, ularni mamlakatdan chiqarib yuborish huquqiga ega bo‘lishgan.
Oq uy AQSH fuqarolarining mamlakatda kamida 10 yildan buyon yurgan er yoki xotinlari turmushini yengillatishga qaror qilgan. Ularga vaqtincha ishlash uchun ruxsatnoma beriladi. Prezident ma’muriyati hisob-kitobiga ko‘ra, yangi tartibdan yarim milliondan ziyod foydalanishi mumkin.