Bayden Ukrainaga 33 milliard dollar yordam ajratmoqchi

AQSh prezidenti Jo Bayden Kongressdan Ukrainani dastaklash uchun 33 milliard dollar ajratishni so‘radi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy AQSh qonunchilarini Bayden so‘rovini tezkorlik bilan ma’qullashga chorladi.

33 milliard dollarning 20 milliardi qurol-yarog‘, o‘q-dori va boshqa harbiy yordam uchun; 8,5 milliardi Ukraina hukumatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtisodiy yordam uchun; qolgan 3 milliardi esa gumanitar yordam uchun ajratilishi aytilmoqda. Bu mablag‘ AQShda moliyaviy yil oxirigacha, ya’ni joriy yilning sentabr oyigacha Ukrainaning urush ehtiyojlarini qoplash uchun mo‘ljallangan.

“Bu chora Ukrainani erkinlik uchun kurashida dastaklash uchun kerak”, - dedi Bayden payshanba kuni.

“Ushbu kurashning narxi arzon emas, ammo tajovuzkorlikka bo‘ysunish yanada qimmatga tushadi”.

AQSh Ukrainaga o‘z qo‘shinlarini yoki NATO qo‘shinlarini yuborishdan bosh tortmoqda, biroq Vashington va uning Yevropadagi ittifoqchilari Kiyevga dron, og‘ir artilleriya, uchoqlarga qarshi Stinger hamda tanklarga qarshi Javelin raketalari kabi qurol-yarog‘larni yetkazib bermoqda.

Ukraina prezidenti Zelenskiy Baydenning bu tashabbusini “juda muhim qadam” o‘laroq olqishladi.

“Men Amerika xalqiga va shaxsan prezident Baydenga minnatdorchilik bildiraman. Umid qilamanki, Kongress mamlakatimizga yordam berishni ko‘zlovchi ushbu so‘rovni tezda ma’qullaydi”, - dedi u videomurojaatida.

Oq uyning bildirishicha, Baydenning taklifi AQSh rasmiylariga rossiyalik oligarxlarning yanada ko‘proq mol-mulkini musodara qilish, bundan tushgan mablag‘ni Ukrainaga berish hamda sanksiyalardan qochganlarni jinoiy javobgarlikka tortish imkonini beradi.

Xususan, Adliya departamenti AQShning o‘tmishda reketlarga qarshi qo‘llanilgan “Reket ta’siridagi va korrupsiyalashgan tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonuni doirasida sanksiyalardan bo‘yin tovlagan odamlarni javobgarlikka tortishi uchun yo‘l ochadi.

Bayden, shuningdek, pul yuvish bo‘yicha jinoyat ishlarining da’vo muddatini besh yildan 10 yilga uzaytirish orqali prokurorlarga bunday ishlarni ko‘rib chiqish uchun ko‘proq vaqt bermoqchi. Prezident, shuningdek, Rossiya bilan korrupsion munosabatlardan tushgan mablag‘ni bila turib saqlaganlarni jinoiy javobgarlikka tortmoqchi.

Bu choralar AQShning Rossiya 24-fevralda Ukrainaga bostirib kirgani uchun jazolash, shuningdek, Kiyevga shaharlarni vayronaga aylantirayotgan urushdan qutulishga yordam berishga qaratilgan sa’y-harakatlarining bir qismidir.

Bayden Pentagondan tadqiqot va ishlanmalarni moliyalashtirish va xorijiy mamlakatlar, jumladan, Rossiya tomonidan solinadigan tahdidlarga qarshi kurashish uchun rekord summalarni ajratishni so‘radi.

Ammo Bayden taklif qilayotgan moliyaviy yordam Kongressda muammolarga duch kelishi mumkin. Bayden mart oyida COVID-19ga qarshi kurash uchun 22,5 milliard dollar ajratilishini so‘ragan. Senat va Namoyandalar palatasidagi demokratlar ushbu paket Ukrainaga yordam chorasi bilan bir vaqtda ko‘rib chiqilishiga chorlashi mumkin.

Qonunchilar Ukrainaga yordam ko‘rsatish uchun mablag‘ ajratishni keng qo‘llab-quvvatlasa-da, payshanba kuni Kongressdagi respublikachilarning yordamchilari urushni moliyalashtirishni pandemiyaga qarshi kurash bilan birlashtirishga qaratilgan urinishlar tashabbuslar qabul qilinishini mushkullashtirishi mumkinligini aytishdi.

“Ular buni qanday qilishlari menga qiziq emas”, - dedi Bayden.

“Buni alohida yoki birgalikda qilishlari mumkin, ammo bizga ikkalasi ham kerak”.

Rossiyaga Ukrainaga bostirib kirganidan beri AQSh Kiyevga ajratgan harbiy yordam ko‘lami 3 milliard dollardan oshdi.

Rossiya OAVlari Ukrainaga qarshi urushni hanuz “maxsus harbiy amaliyot” nomi bilan atalmoqda. Ular Rossiya qo‘shinlari yog‘dirgan bomba va snaryadlardan tinch aholi o‘layotganini inkor qilishda davom etyapti, Kreml propagandasiga ishonilsa, bular bari – bebosh ukrain “natsistlari” va “banderachilar”ning ishi.

Bu orada AQSh va uning Yevropadagi ittifoqchilari Rossiya prezidenti Vladimir Putinga aloqador badavlat shaxslarning 30 milliard dollarlik aktivlarini, jumladan yaxtalar, vertolyotlar, ko‘chmas mulk va san’at asarlarini muzlatib qo‘ydi.