Bayden va Putinning bayonotlari Ukraina masalasi yanada chuqurlashishiga ishora qilmoqda

Seshanba kuni Ukraina bo‘yicha Sharq va G‘arb qarama-qarshiligi keskin avj oldi. Rossiyalik qonunchilar Vladimir Putinga o‘z mamlakatidan tashqarida harbiy kuch ishlatishga ruxsat berdi. Jo Bayden va Yevropa yetakchilari bunga javoban Rossiya oligarxlari va banklariga qarshi qator sanksiyalar kiritdi.

“Associated Press” maqolasida keltirilishicha, ikkala yetakchining ham so‘zlari oldinda bundan ham katta qarama-qarshilik bo‘lishi mumkinligiga ishora qiladi. Putin hali Ukrainaning uch tomonida to‘plangan 150 000 harbiyni ortga siljitgani yo‘q, Bayden esa Rossiya uchun iqtisodiy notinchliklar olib kelishi mumkin bo‘lgan yanada qattiqroq sanksiyalardan o‘zini tiyib turibdi. Ammo bosqin bo‘lsa, kuchaytirilgan iqtisodiy zarbalar ham davom etishini istisno qilmayapti.

Bu javob choralari NATOning Rossiya bilan chegaradosh sharqiy qanotidagi Boltiqbo‘yi davlatlariga qo‘shimcha AQSh qo‘shinlarini joylashtirish bilan birga amalga oshirilmoqda.

Bayden Kreml xalqaro qonunlarni qo‘pol ravishda buzganini aytib, buni “Rossiyaning Ukrainaga bosqinining boshlanishi” deb atadi. U Putin agressiyada davom etsa, yana sanksiyalar bo‘lishidan ogohlantirdi.

"Biz Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun birlashamiz. Rossiya agressiyasiga qarshimiz” deya undan iqtibos keltiradi “Associated Press”.

Rossiyaning bosqinchilik uchun bahonalariga to‘xtalar ekan, Bayden shunday dedi: "Hech birimiz aldanmasligimiz kerak. Hech birimiz aldanib qolmaymiz. Hech qanday sabab yo‘q”.

AQShning masalaga diplomatik yechim topishga umidlari barbod bo‘ldi. AQSh davlat kotibi Entoni Blinken rossiyalik hamkasbi bilan payshanba kuni Jenevada bo‘lib o‘tadigan uchrashuvni bekor qildi. U Rossiyaning harakatlari inqirozni tinch yo‘l bilan hal qilish borasida jiddiy emasligini ko‘rsatayotganini aytdi.

G‘arb davlatlari va Yevropa Ittifoqining yigirmadan ortiq a’zolari bir ovozdan Rossiya rasmiylariga qarshi dastlabki sanksiyalarni ma’qulladi. Germaniya “Shimoliy oqim 2” gaz quvurini sertifikatlash jarayonini to‘xtatishini ma’lum qildi. Bu Moskva uzoq vaqtdan beri harakat qilib kelayotgan Kreml uchun manfaatli loyiha edi.

Qo‘shma Shtatlar Rossiyani G‘arb moliyasidan uzib qo‘ydi. Rossiyaning ikkita banki va qator shaxslarga sanksiya kiritdi. Yuqoridagi banklarning Amerika va Yevropa bozorlaridagi faoliyati cheklanib, AQShdagi aktivlari muzlatilgan.

Biroq Bayden hozircha Rossiyaga sanoat va harbiy sohalar uchun yuqori texnologiyalar eksportini taqiqlash va Rossiyaning butun dunyo bilan savdosiga putur yetkazadigan keng qamrovli taqiqlar qo‘yishdan o‘zini tiyib turibdi.

AQSh Boltiqbo‘yidagi qo‘shinlarini u faqat “mudofaa” maqsadida deb atadi va Rossiyaga qarshi jang qilish niyatida emasligini bildirdi. NATOning sharqiy qanotiga AQShdan 800 ga yaqin piyoda askarlar va 40 ta hujumkor samolyotlar yuborilmoqda. Shuningdek, F-35 qiruvchi samolyotlari va AH-64 Apache hujum vertolyotlari ham joylashtiriladi.

Seshanba kuni Rossiya yuqori palatasi a’zolari bir ovozdan Putinga mamlakat tashqarisida harbiy kuch ishlatishga ruxsat berganidan so‘ng, Putin butun qit’ada energiya tanqisligi va global iqtisodiy betartiblikni keltirib chiqaradigan inqirozni tugatish uchun uchta shart qo‘ydi.

Putinga ko‘ra, inqiroz hal bo‘lishi uchun Kiyev Rossiyaning Qrim ustidan suverenitetini tan olishi; NATOga qo‘shilish tashabbusidan voz kechishi va qisman demilitarizatsiya qilishi kerak.

Ukrainaga rus harbiylari yuborgani yoki yo‘qligi haqidagi savolga Putin shunday javob berdi: “Men qo‘shinlar hozir u yerga yuboriladi demadim”. Uning qo‘shimcha qilishicha, "voqealar rivojini oldindan bashorat qilishning iloji yo‘q. Bu mintaqada shakllanayotgan vaziyatga bog‘liq bo‘ladi".

Yevropa Ittifoqi Ukrainadagi ikki bo‘lginchi mintaqani tan olish uchun ovoz bergan 351 nafar rossiyalik deputatga, mudofaa va bank sektoridagi 27 nafar Rossiya rasmiylariga qarshi dastlabki sanksiyalarni e’lon qildi. Shuningdek, Moskvaning Yevropa Ittifoqi kapitali va moliyaviy bozorlariga kirishini cheklash maqsad qilingan.

AQSh Milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisining birinchi o‘rinbosari Jon Finer "Bizning fikrimizcha, bu Rossiyaning Ukrainaga bosqinining boshlanishi", dedi.

Rossiyaning harakatlari butun dunyo bo‘ylab qoralandi. Vashingtonda Kongress AQShni Ukrainani qo‘llashni davom ettirishga chaqirgan. Senatorlar sanksiyalar paketini ko‘rib chiqdi, biroq Oq uy shoshmayapti.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya bilan diplomatik aloqalarni uzishi mumkinligi haqida gapirdi va Kiyev Moskvadagi elchisini chaqirtirib oldi.

NATO rahbari Yens Stoltenbergning ta’kidlashicha, agar Putin Ukrainaga bostirib kirsa, G‘arb ham bunga hamohang tarzda harakat qiladi. U "Agar Rossiya yana Ukrainaga qarshi kuch ishlatishga qaror qilsa, sanksiyalar yanada og‘irroq bo‘ladi va anchagina qimmatga tushadi", deya ogohlantirdi.

Buyuk Britaniya bosh vaziri Boris Jonson Rossiyaning beshta banki va uchta badavlat shaxsiga nisbatan sanksiyalar kiritishini aytdi. U ham "yanada qattiqroq sanktsiyalar" haqida ogohlantirdi.

Zelenskiy xalqqa qilgan murojaatida zahiradagi harbiy xizmatchilar chaqirilayotganiga to‘xtaldi va buni harbiy harakatlar paytida ma’lum vaqtga tuziladigan tezkor rezerv ekanligini aytdi.

“Hozir to‘liq safarbarlikka ehtiyoj yo‘q. Biz Ukraina armiyasi va harbiy tuzilmalarni tezda qo‘shimcha to‘ldirishimiz kerak”, dedi u.