Bir yarim mingga yaqin boshqaruv xodimi tadbirkorlik qilayotgani aniqlandi

Illyustrativ surat

O‘zbekistondagi 1488 nafar boshqaruv xodimi 1653 ta tadbirkorlik subyektida ta’sischilik asosida faoliyat yuritib kelayotgani aniqlandi. Bu raqamlar 12-noyabr kuni tashkil qilingan brifingda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi matbuot kotibi Sherzod Safarov tilidan yangradi.

O‘zbekiston Respublikasining “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, vazirlik va idoralar, davlat unitar korxonalari va muassasalari, davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar va mahalliy davlat hokimiyati organlari xodimlarining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi taqiqlanadi.

“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunda ham davlat fuqarolik xizmatchisining tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishi bo‘yicha cheklov ko‘zda tutilgan.

Ammo bu turdagi qonunbuzarlik holatlari to‘xtagan emas. Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi joriy yil sentyabr oyida Transport, Madaniyat hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklarining 116 nafar mulozimi, oktyabr oyida esa Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi, Tog‘-kon sanoati va geologiya, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar hamda Energetika vazirliklarining 160 nafar boshqaruv xodim tadbirkorlik bilan shug‘ullanib kelgani haqida xabar bergandi.

Agentlik matbuot xizmatiga ko‘ra, qonunchilik hujjatlarini “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonun talablariga muvofiqlashtirish maqsadida tegishli qonun hamda Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilib, vazirlik va idoralar bilan kelishilmoqda.

Hukumat qarorida tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan shaxs davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilingandan so‘ng tadbirkorlik faoliyatini to‘xtatib turish tartibini joriy etish nazarda tutilgan.