Bishkek bilan Dushanbeni Mirziyoyev murosaga keltirdimi?

Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Qamchibek Tashiyev va Tojikiston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi raisi Sayimumin Yatimov.

Qirg‘iziston bilan Tojikiston o‘rtasida aprelning so‘nggi uch kunida bo‘lib o‘tgan qurolli to‘qnashuv 1 - may kuni to‘xtadi. Shu kuni kechga yaqin ikki qo‘shni davlat xavfsizlik xizmatlari rahbarlari o‘t ochishni to‘xtatish to‘g‘risida kelishuvga erishilganini e’lon qildi.

Bishkek bilan Dushanbening qo‘shma bayonoti e’lon qilinmay turib – 1 - mayga o‘tar kechasiyoq mojaroni bartaraf etishda Toshkent, shaxsan prezident Shavkat Mirziyoyevning roli katta bo‘lgani to‘g‘risidagi fikrlar o‘zbek ommaviy axborot vositalarida e’lon qilina boshladi.

Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish fondi vasiylar kengashi raisi Komil Allamjonov 1 - mayga o‘tar tunda, soat 1 dan 1 daqiqa o‘tganda Telegram-kanalida e’lon qilgan postida, jumladan, bunday yozdi:

“O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning sa’y-harakatlari va shaxsiy aralashuvi natijasida bugun bu muammo barham topdi. Tojikiston hamda Qirg‘iziston Prezidentlarining har biri bilan alohida suhbatlashib, o‘zaro murosaga erishildi”.

Bu post e’lon qilinganidan qariyb 16 soat o‘tib, 1 - may kuni kechga yaqin Qirg‘iziston va Tojikiston xavfsizlik xizmatlari rahbarlari Qamchibek Tashiyev va Saymo‘min Yatimovlar tomonlar o‘t ochishni to‘xtatishga kelishib olgani to‘g‘risida bayonot berdi.

O‘z posti davomida Komil Allamjonov prezident Mirziyoyevga mana bunday baho bergan:

“O‘zbekiston Rahbari dunyo hamjamiyati ko‘z o‘ngida Markaziy Osiyo mintaqasidagi o‘z ovoziga ega, eng avtoritet shaxs, vaziyatni barqarorlashtira oladigan lider sifatida namoyon bo‘ldi”.

O‘zbekiston prezidentining sobiq matbuot kotibi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligining sobiq rahbari Komil Allamjonovning bu posti ortidan xuddi shunday mazmundagi postlar, maqolalar ko‘plab e’lon qilinmoqda.

Қирғиз-тожик чегарасидаги зўравонликларда уйлар, мактаблар вайрон бўлди

Reaksiyalar xronikasi

Qirg‘iziston bilan Tojikiston o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuv 28 - aprelda boshlandi va bu voqeaga birinchi bo‘lib O‘zbekiston TIV munosabat bildirdi:

29 - aprel. O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi ikki qo‘shnini zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi.

30 - aprel. Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev tomonlarni o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi.

29 - aprel. Birlashgan millatlar tashkiloti bosh kotibining rasmiy vakili Farxan Xak xalqaro tashkilot qirg‘iz-tojik chegarasidagi vaziyatni tashvish bilan kuzatib turganini bildirdi.

30 - aprel. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali so‘zlashuv o‘tkazdi. O‘zbekiston rahbari shu kuni Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan ham telefon orqali muloqot qildi. Muloqotlar chog‘ida chegaradagi vaziyat muhokama qilingani xabar qilindi.

30 - aprel. Rossiya tashqi ishlar vazirligi e’lon qilgan bayonotda Rossiya tojik-qirg‘iz chegarasidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatayotgani, ikki qo‘shni mamlakat o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish va chegara masalalarini siyosiy yo‘llar bilan hal qilishga kelishib olinganini quvvatlashi bildirildi.

Xuddi shunday bayonotni 30 - aprelda Yevropa Ittifoqining tashqi aloqalar xizmati ham e’lon qildi.

30 - aprelga o‘tar kechasi Tojikiston Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbari Saymumin Yatimov bilan Qirg‘iziston hukumatining Botken viloyatidagi muxtor vakili O‘murbek Suvanaliyev o‘rtasida o‘t ochishni to‘xtatish, harbiylarni va harbiy texnikani chegaradan doimiy joyiga olib chiqib ketish to‘g‘risida kelishuvga erishilgani xabar qilingan edi.

30 - aprel. Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov Tojikiston prezidenti Emomali Rahmon bilan telefon orqali so‘zlashuv o‘tkazdi.

"Davlat rahbarlari ikki mamlakatning chegara hududlarida vaziyatni normallashtirish bo‘yicha kelishuvlarning bajarilishini ko‘rib chiqishdi", deyiladi Tojikiston prezidenti ma’muriyati rasmiy saytida e’lon qilingan rasmiy xabarnomadi.

1 - may. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov bilan telefon orqali so‘zlashuv o‘tkazdi.

1 - may Qozog‘iston prezidenti Qasim - Jomart Toqayev to‘qnashuvda qurbon bo‘lganlar munosabati bilan Qirg‘izistonga hamdardlik bildirdi.

1 - may. Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlud Chovusho‘g‘li Qirg‘iziston tashqi ishlar vaziri Ruslan Kazakbayev hamda Tojikiston tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin bilan telefon orqali so‘zlashuv o‘tkazib, ikki qo‘shni o‘rtasidagi vaziyatni muhokama qildi.

Toshkentni nima tashvishga soldi?

Tojikiston-Qirg‘iziston chegarasida yuz bergan qurolli to‘qnashuvga reaksiyalar xronikasidan O‘zbekiston ko‘proq e’tibor bergani ko‘rinib turibdi.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning fikricha, Toshkentning ko‘proq tashvishga tushgani bejiz emas:

“Qirg‘iziston-Tojikiston chegarasidagi to‘qnashuvlarning davom etishi O‘zbekistonning mintaqaviy va milliy manfaatlariga o‘ta jiddiy muammo yaratgan bo‘lur edi. Agar bu ikki qo‘shni davlatdagi to‘qnashuvlar to‘laqonli urush holatiga etganida, Rossiya va uning harbiy-xavfsizlik loyihalarining mintaqaga kirib, o‘rnashishi uchun o‘ta qulay imkoniyat bo‘lishi mumkin edi. Urushning davom etish xavfidan qo‘rqqan qo‘shni davlatlar ham, Moskvaning bu taklif va bosimlariga rozi bo‘lish ehtimoli oshar edi”.

Qirg‘izistonning sobiq bosh vaziri Feliks Kulov prezident Japarovni Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga murojaat qilib, qirg‘iz-tojik chegarasiga KXShT tinchlikni saqlovchi kuchlarini kiritishni so‘rashni taklif qilgan. Har ikki mamlakatda Rossiya harbiy bazalari joylashgan.

"O‘zbekiston - yaxshi qo‘shni, lekin bosim o‘tkazish imkoni yo‘q"

Kamoliddin Rabbimovning fikricha, O‘zbekistonning strategik manfaati Markaziy Osiyo mintaqasida tashqi qudratli kuchlarning, jumladan, Rossiyaning harbiy ishtiroki bo‘lmasligi hisoblanadi, bu mintaqa davlatlarining geosiyosiy mustaqilligi sharti sifatida ko‘riladi.

“O‘zbekiston shu paytgacha bu ikki davlat bilan munosabatlarni to‘liq ijobiylashtirishga erishgandi. Rasmiy Toshkent Qirg‘iziston yangi hokimiyati – Japarov ma’muriyatini legitimlashtirishda tashabbus ko‘rsatdi. Tojikiston bilan esa, aloqalar mutlaq ijobiy tus olgan. Ya’ni, O‘zbekiston bu ikki taraf tomonidan ham samimiy-neytral qabul qilindi, u yoki bu davlat tarafdori sifatida ko‘rilmadi”, dedi Rabbimov.

Ayni paytda, siyosatshunosning fikricha, “O‘zbekistonning ikki tomonni yarashtirishga, urushni to‘xtatishga intilishi – to‘qnashuvlarning to‘xtashiga yagona sababchi omil bo‘ldi deyish – vaziyatni soddalashtirish bo‘ladi. Chunki O‘zbekistonning bu ikki qo‘shni davlat bilan aloqalari ijobiy, lekin, bosim o‘tkazish irodasi va imkoniyatlari yo‘q”.

Kamoliddin Rabbimovning fikricha, Bishkek bilan Dushanbe tashqaridan aralashuvsiz ham to‘qnashuvni uzoqqa cho‘zish niyatida emas edi:

“O‘zbekiston o‘zining milliy manfaatlaridan kelib chiqib, to‘qnashuvlarni to‘xtatishga intildi, lekin ikki qo‘shni davlatlarning o‘zlari ham shu bugungi holatda bir-biriga ma’lum signallar berish bilan cheklanish niyatida edi. Ya’ni, bu ikki qo‘shni davlatlarning o‘zlari davomli va to‘laqonli urushdan manfaatdor emas”.

Mojaroga barham berishda prezident Mirziyoyevning roliga mahalliy tahlilchilar oshig‘ich e’tibor berayotgani to‘g‘risida Kamoliddin Rabbimov bunday dedi: “Ha, bu bor gap. Bu barcha davlatlarda kuzatiladigan hol”.

"Mirziyoyevning ham, Toqayevning ham xizmati bor"

Ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuvni to‘xtatishga boshqa qo‘shnilarning qo‘shgan hissasi to‘g‘risida fikr bildirgan yana bir tahlilchi, Ozod Yevropa/Ozodlik radiosining Markaziy Osiyo bo‘yicha mutaxassisi Brus Pannier bunday dedi:

“Bu jarayonda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning hamda Qozog‘iston prezidenti, ning muayyan xizmati bor, albatta. Ikkalasi ham Qirg‘iziston va Tojikiston rahbarlari bilan mojaro boshlanishi bilanoq bog‘lanishdi”.

Brus Pannierning fikricha, prezidentlar bu mavzuni yaqin orada shaxsiy uchrashuvlarida yana muhokama qiladi:

“Prezident Qasim-Jomart Toqaev mayning o‘rtasida, prezident Mirziyoyev iyunning boshida Tojikistonga boradi va qirg‘iz-tojik chegarasidagi harbiy harakatlar Emomali Rahmon bilan so‘zlashuvlarda eng muhim mavzu bo‘ladi”.

Tahlilchi Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyodagi maxsus vakili Piter Burianning ham Qirg‘iziston va Tojikiston rasmiylari bilan doimiy muloqotda bo‘lib, vaziyatni yumshatishga qaratilgan harakatlariga e’tibor qaratdi.

Brus Pannier Rossiya prezidenti tutgan pozitsiya to‘g‘risida bunday dedi:

"Vladimir Putin Qirg‘iziston bilan Tojikiston o‘rtasidagi muloqotga vositachilik qilishda o‘z yordamini taklif qildi. Biroq Rossiyaning ikki qo‘shni o‘rtasidagi harbiy harakatlarga reaksiyasi o‘ta zaif bo‘ldi va shunday vaziyatda, ayniqsa, Qirg‘iziston hukumati o‘ziga Rossiya xolis vositachi bo‘la oladimi, degan savolni berishi kerak".

28, 29, 30 - aprel va 1 - may kunlari tojik-qirg‘iz chegarasida to‘qnashuvlar bo‘lib, natijada ikkala tomondan bir necha o‘nlab odam halok bo‘ldi va jarohat oldi.