Bishkek shahrida militsiya va Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari ekstremizm va noqonuniy migratsiyaga qarshi navbatdagi reyd o‘tkazib, Qirg‘iziston hududida noqonuniy yurgan chet el fuqarolarini aniqlashgan. Bu haqda Ozodlikning qirg‘iz xizmati Bishkek shahar ichki ishlar boshqarmasi matbuot xizmatidan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.
Huquq-tartibotchilarga ko‘ra, reyd chog‘ida militsiya poytaxt hududida noqonuniy yashab, ishlayotgan 64 nafar xorijlikni SHIIBga olib kelgan.
Ularga qarshi Qirg‘iziston hududida yurish va ishlash tartibini buzganlik bo‘yicha jami 48 ta bayonnoma tuzilgan, tartibbuzarlarga umumiy hisobda 264 ming so‘mlik (3 ming AQSH dollari atrofida) jarima solingan.
Qirg‘izistonda maxsus xizmatlar va huquq-tartibotchilar aprel oyidan buyon Qirg‘izistonda noqonuniy yashayotgan yoki ishlayotgan xorijliklarni aniqlash bo‘yicha faol ish olib borishmoqda. Bu kabi tadbirlar may oyi o‘rtalarida Bishkekda chet ellik talabalar bilan mahalliy yoshlar o‘rtasida chiqqan mojaro ortidan yanada kuchaytirilgan. IIVning ana shunday reydlaridan biri natijalariga ko‘ra, aniqlangan tartibbuzarlik tufayli yetkazib berish xizmatida ishlovchi 400 dan ziyod xorijlik talabaning mehnat faoliyati to‘xtatilgan.
Xorijliklarga qarshi davom etayotgan reyd va tekshiruvlar manzarasida Qirg‘iziston IIV xorijliklarga nisbatan mamlakatga kirish va yurish tartibini buzganlik uchun jarima miqdorini oshirishni taklif qilgan.