Shu kunlarda Turkiston viloyatining Sariog‘och tumanidagi Ma’muriy huquqbuzarliklar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sud yuzlab mehnat migrantlari ishlarini ko‘rib chiqmoqda. Ularning barchasi migratsiya qonunchiligini buzganlikda ayblanmoqda. Migrantlarning aksariyati O‘zbekiston fuqarolari.
Ozodlik qozoq xizmati muxbiriga ko‘ra, migrantlar qonunni buzib, mamlakatda ro‘yxatdan o‘tishda ko‘rsatilganidan ko‘proq vaqt qolishganini tan olishadi. Har ikki davlat fuqarolari Qozog‘istonga vizasiz, faqat sayyoh sifatida yoki shaxsiy tashrif bilan kirishi mumkin. Mamlakatda ishlash uchun ular alohida ruxsatnoma olishlari shart.
Biroq, odatda migrantlarning ro‘yxatdan o‘tish muddati o‘tgan bo‘ladi va bu ular uyga qaytayotganda chegarada aniqlanadi. Ularni ushlab turishadi, sud qilishadi, jarima solishadi va deportatsiya qilishadi.
Shu bilan birga, mehnat muhojirlari o‘z ishlari "juda sekin" ko‘rib chiqilayotganidan shikoyat qilmoqda. Ko‘pchilik sudning deportatsiya haqidagi qaroridan norozi.
Sariog‘och sudi raisi Berik Kaipovning aytishicha, uning sudida qonunga qat’iy rioya qilinadi: Qozog‘iston Ma’muriy kodeksiga ko‘ra, chet el fuqarolari ro‘yxatga olish muddati tugaganidan keyin o‘n kundan ortiq mamlakatda bo‘lsa, 92 300 tenge miqdorida jarima solish yoki Qozog‘iston hududidan chiqarib yuborish ko‘zda tutilgan.
"Dam olish kunlariga ko‘plab ishlar kelib tushadi, lekin biz ularni dushanbadan boshlab ko‘rib chiqamiz, shuning uchun odamlar ko‘p," deydi u, kuniga tuman sudi yuztacha ishni ko‘rib chiqishini qo‘shib.
Sud majlisi shu kunlarda fuqarolarning katta yig‘inini eslatadi. Bino oldida sud chaqirig‘ini kutayotgan odamlar to‘plangan, ular orasida ayollar va bolalar ham bor. Qo‘lga olinganlarning aksariyati O‘zbekiston fuqarolari, ba’zilari Tojikistondan kelganini aytishdi. Ularning barchasi "Jibek Joli" chegara punktida qo‘lga olingan. Ishlar sudga Milliy xavfsizlik xizmatining Chegara xizmatidan kelib tushgan.
O‘zbekiston fuqarosi Abdulaziz Abduqayimov Taraz shahridagi qahvaxonalardan birida oshpaz bo‘lib ishlagan. U Qozog‘istonda deyarli to‘qqiz oy bo‘lgan. Uning aytishicha, ish beruvchi uni qonun talabiga ko‘ra faqat dastlabki olti oy uchun ro‘yxatdan o‘tkazgan, Abdulaziz esa Tarazda yana uch oy ishlagan. Chegarachilar uni 1-noyabr kuni O‘zbekistonga uyga ketmoqchi bo‘lganida qo‘lga olishgan.
"Kvartirani kuniga uch ming tengega ijaraga olganmiz. Bitta xonada o‘n besh kishi uxlardi. Ularning barchasi O‘zbekiston fuqarolari. Biz Qozog‘istonga ishlagani keldik," dedi u 4-noyabr kuni "Ozodlik" muxbiriga.
4-noyabr kuni sudda Abdulaziz kabi yuzga yaqin odam bo‘lgan. Ba’zilari kutaverib charchaganidan yo‘lkaning shundoq o‘ziga yotish joyi tayyorlab olgan. Yo‘lning qarama-qarshi tomonida mahalliy aholi allaqachon ovqatlanish shoxobchasini tashkil qilgan. "Issiq ovqat, arzon sho‘rva, palov," deya sotuvchilar yangi xaridorlarni chorlaydi.
Muhojirlar ham o‘sha yerda ovqatlanadi: kimning omadi kelsa, stul topib oladi, lekin ko‘pchilik cho‘nqayib yoki yerda o‘tirib ovqatlanadi. "Ozodlik" sovuq yerga bor-yo‘qlarini to‘shab, bolalarini yotqizgan ayollarni ko‘rdi.
Mehnat muhojirlari o‘z qishloqlarida ish topish mumkinligini, lekin juda kam maosh olishlarini aytishdi. Qozog‘istonda ular ko‘proq pul topishadi va har qanday og‘ir ishga rozi bo‘lishadi.
"Biz Stepnogorskdagi fermada ishlardik, mol boqardik. Fermada to‘rt yuzga yaqin hayvon bor. Ular go‘sht va sut ishlab chiqaradi. Ikki traktorchining ishini yolg‘iz o‘zim eplardim," deydi o‘zbekistonlik 42 yoshli Zafar Rajabov.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Zafar Rajabov Qozog‘iston prezidentiga "bizni kechirish"ni so‘rab murojaat qildi.
«Biz bu yerda 500 kishimiz, to‘rt kundan beri kutib turibmiz. Bizga yordam bering, bir marta kechiring», dedi u Qasim-Jomart Toqayevga murojaat qilib.
Hozir sud oldida to‘plangan migrantlar shu kunlarda ishlab topgan barcha pullarini oziq-ovqat va uy-joy ijarasiga sarflaganidan xavotirda.
Tojikiston fuqarosi Sardor Nasrullayev chegarachilar uni noqonuniy ushlagan, deb hisoblamoqda. Uning aytishicha, u so‘nggi to‘rt yil davomida Qozog‘istonda ishlagan. Avgust oyida u Qozog‘istonga kelib, "mehmon" vizasini rasmiylashtirib, IIN olgan. Qozog‘istondagi muddati tugashidan bir hafta oldin uyga qaytmoqchi bo‘lgan.
«Chegarachilar hujjatlarimni tekshirib ham ko‘rishmadi. Ular shunchaki Qozog‘istonga ikki kun oldin kelganim haqida bayonnoma yozib, sudga jo‘natishdi. Sud hech qanday sababsiz deportatsiya qilish haqida qaror chiqardi. Men bu qarordan rozi emasman», deydi Nasrullayev.
Tushdan keyin sud oldida odamlar soni keskin ko‘payadi. Sud kotiblari ko‘chaga chiqib, mehnat muhojirlarini nomma-nom chaqirishadi – bir martada taxminan o‘n kishini.
Sud binosidan chiqqanlarning aksariyati sudya Qozog‘iston hududidan chiqarib yuborish to‘g‘risida qaror qabul qilganini aytishdi. Jarimani to‘lashga qurbi yetmaydiganlar sud qaroriga rozi bo‘lmoqda. Ammo Qozog‘istonda ishlab, O‘zbekiston va Tojikistondagi oilalarini ta’minlayotganlar bunga rozi emas. Ularning deyarli hech biri sud qarori ustidan apellyatsiya shikoyati bermayapti.
Sariog‘och ma’muriy sudi ma’lumotlariga ko‘ra, migrantlar bilan bog‘liq ishlar soni o‘tgan yilga nisbatan keskin oshgan. O‘tgan yil davomida ushbu tuman sudida Qozog‘istonga ishlash uchun kelib, ro‘yxatdan o‘tmagan 17 ming kishining ishlari ko‘rib chiqilgan. Bu yil esa atigi 10 oyda 17 mingta ish ko‘rib chiqildi.
Qo‘shni Keles va Qozigurt tumanlarida ham ko‘rib chiqilayotgan ishlar soni o‘n mingtaga yetgan.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Xuddi shunday holat o‘tgan yili ham kuzatilgan edi. 2023-yil noyabr oyida migratsiya qonunchiligini buzganlikda ayblanib, sudgacha yetib borgan mehnat migrantlari soni keskin ko‘paygan. O‘shanda Sariog‘och sudiga kuniga 200 tadan, ba’zi kunlarda 800 tagacha ish kelib tushar va sud ma’muriyati ularni ro‘yxatga olishga ulgurolmas edi. Natijada viloyat sudi migrantlar ishlarini Qozigurt va Keles tuman sudlari o‘rtasida taqsimlagan.