Ukrainadagi urush, Rossiyada cheklovlar kuchayishi va ksenofobiya avj olishi manzarasida markaziy osiyolik ko‘plab migrantlar o‘z nigohlarini Turkiyaga qaratdilar. Ushbu mamlakat sodda viza tartibi tufayli avvaldan migratsiya nuqtayi nazaridan jozibador edi. Biroq, migrantlar aytishicha, so‘nggi ikki yilda Turkiyada ham chet ellik ishchilar jiddiy qiyinchiliklar – muntazam tus olayotgan reydlar, deportatsiya va mehnat ekspluatatsiyasiga duch kela boshlagan.
“Mahallamizni o‘zbeklardan “tozalashdi”
Laleli – Istanbulning Yevropa qismi mavzelardan biri bo‘lib, asosan tijorat hisobiga yashaydi. Uning ulgurji savdo markazlari va son-sanoqsiz mayda do‘konlari doim gavjum bo‘ladi.
So‘nggi 20 yildan beri Markaziy Osiyo tadbirkorlari to‘qimachilik va ko‘nchilik mollari xarid qilgani aynan shu yerga keladilar. Shu bois Lalelidagi deyarli har bir do‘konda Markaziy Osiyo respublikalaridan kelgan xizmatchilarni uchratish mumkin.
Ulardan biri – samarqandlik 30 yoshli Dilnoza, ayollar kiyim-kechaklari do‘konida ishlaydi. Turkiyaga uch yil muqaddam kelgan.
“Erim ikkimiz alohida yashashga qaror qildik, kvartira sotib oldik. Pulimiz yetmadi, qarz olishga to‘g‘ri keldi. Qarzlarimizdan tezroq qutulaylik deb men ham ishlamoqchi bo‘ldim. O‘zbekistonda pul topish qiyin. Bu yerda oyiga 800 dollar olaman. O‘z vatanimda shunaqa haq to‘laydigan ish bo‘lganida jon deb ishlardim”, deydi Dilnoza.
Uning eri Anvar besh yildan beri kuryerlik qiladi: O‘zbekistondan Istanbulga oziq-ovqat, sigareta, elektron gajetlar keltiradi. Qaytishda dori-darmon, kiyim-kechak va tilla olib ketadi.
Er-xotinning Samarqandda ikki yosh bolalari qolgan. Bir yil avval Istanbulda uchinchi farzandlari tug‘ildi.
“Tuqqanimdan bir oy o‘tib yana ishga chiqdim. Chaqaloqqa onam qarab turdilar. Bir yoshga to‘lgach erim bolani Samarqandga olib ketdi. Ikki katta farzandim ham o‘sha yerda, qaynonamning uyida. Bolalardan uzoqda bo‘lish juda og‘ir. Kuniga bir necha marta Whatsapp'dan gaplashamiz. Yig‘lashadi, “Oyi, qachon kelasiz?” deb so‘rashadi nuqul. “Sabr qilinglar, oz qoldi” deb yupatishga urinaman”, hikoyasida davom etadi suhbatdoshimiz.
Ayol “oz qoldi” deb bolalarini aldayotgani yo‘q. Aytishicha, ikki oylardan so‘ng rostdan ham O‘zbekistonga qaytmoqchi: Turkiyada ishlash tobora qiyinlashyapti.
“Har yili ishlashga ruxsatnomamni oppa-oson uzaytirib olardim, lekin bu yil migratsiya idorasi ko‘plab chet elliklarga ruxsatnomani uzaytirishni rad qilishdi. Bizga o‘xshagan ko‘p migrantlar ishlaydigan Oqsaroy, Laleli va Qumqapi (Istanbulning Fotih tumanidagi mahallalar – Tahr.)da 3-4 oy avval ommaviy reydlar bo‘ldi. Odamlarni to‘da-to‘da qilib ushlashdi. Ishga borishga yuragim bezillab qoldi. Polislar qo‘liga tushmaslik uchun aylanma yo‘llardan yurdim. Ishxonadan chiqishim bilan uyga yugurardim. Bekorga ko‘chaga chiqmaydigan bo‘ldim. Ushlanganlar orasida o‘zbeklar ko‘p edi, hammasini avtobusga tiqib olib ketishdi. Xullas, mahallamizni o‘zbeklardan “tozalashdi”, deydi Dilnoza.
Turkiyada noqonuniy migrantlarni aniqlash bo‘yicha reydlar 2023-yil maydagi prezident saylovidan keyin boshlandi va o‘shandan beri muntazam o‘tkazilmoqda. So‘nggi yarim yilda Istanbulda har kuni tekshiruvlar bo‘lyapti. Mahalliy OAVlar kuniga o‘nlab odam ushlanayotgani haqida yozmoqda. Ularning aksari deportatsiya qilinadi.
Reydlarga doir aniq ma’lumotlar ochiqlanmaydi. O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligi faqat qidiruvda bo‘lgan fuqarolarning ushlangani haqida axborot berdi. Konsullikka ko‘ra, 2024-yilning 10 oyi mobaynida 37 nafar o‘zbekistonlik qo‘lga olingan.
Eng shov-shuvli holatlar yil boshida sodir bo‘ldi. Yanvarda Istanbulda 39 yoshli Dilnoza Umarova hamda 41 yoshli Mavludaxon O‘lmasovalar ushlanib, yurtiga deportatsiya qilindi – ular O‘zbekistonda “jinsiy ekspluatatsiya maqsadida odam savdosi bilan shug‘ullanish”da gumon qilinib, qidiruvda bo‘lgan.
Undan avvalroq esa odam o‘g‘irlash, odam savdosi va fahsh ishlarga majburlashda gumon qilinib xalqaro qidiruvda bo‘lgan “Madam Klod”, “Fohishalar qirolichasi” va “Fahsh baronessasi” nomlari bilan mashhur 40 yoshli Nilufar Mirxanova Chanoqqala shahrida hibsga olingan edi.
Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, Mirxanova Rossiya, Belarus, Qirg‘iziston, Turkmaniston va O‘zbekistondan ko‘plab ayollarning Turkiyaga noqonuniy kelishiga yordam bergan bo‘lishi mumkin. Bu ayollar keyin fohishalik qilishga majburlangan.
Turk OAVlari Mirxanova islovotxonalar tashkil qilish hisobiga oyiga 40 ming dollargacha daromad qilgani haqida yozgan edi. U 8 yildan 12 yilgacha qamalishi aytilmoqda. Ayni paytda O‘zbekistonda Mirxanovaga doir jinoyat ishi bo‘yicha rasmiy ma’lumot yo‘q.
“Turkmaniston chegarani ochsa, mamlakatda hech kim qolmaydi”
Turkiya oxirgi 15-20 yildan beri turkmanlarning asosiy migratsiya yo‘nalishi bo‘lib qolayotir. Buning o‘z sababi bor: ikki mamlakat va ikki xalq umumiy tarix va madaniyat kabi rishtalar bilan bog‘langan.
Turkmanistondagi chuqur iqtisodiy inqiroz va iqtidordagi Berdimuhamedovlar rejimidan norozilik manzarasida so‘nggi yillarda Turkiyaga migratsiya ommaviy tus oldi.
Chorjo‘y (hozirgi Turkmanobod) shahrida tug‘ilib o‘sgan Alisher Saxatov – Istanbulda yashovchi turkman migrantlari orasida jamoat faoli sifatidatanilgan. U ijtimoiy tarmoqlarda Turkiyadagi vatandoshlari muammolarini yoritadi, turkman diplomatlarini va Turkmaniston hukumatini tanqid qiladi. Alisher Turkiyaga 2018-yilda xotini va uch bolasi bilan kelgan. Faol bunga uni vatanidagi “chidab bo‘lmas ahvol” majbu qilganini aytadi.
“Chorjo‘yda men chiqindilarni utillashtiruvchi korxonada ishladim, keyin hammol bo‘ldim. Lekin meni “o‘z ixtiyorimga ko‘ra” ishdan bo‘shatishdi, chunki “juda ko‘p narsa” talab qilardim. Masalan, shaharga prezident kelib qolsa kommunal xizmatlarning barcha xodimlarini surunkasiga 26-30 soatlab ishlatishardi. Ketishga ruxsat berishmas, ishdan haydash bilan tahdid qilishardi. Prezident 2-3 kunga qolsa, kommunal xizmatlarning hech bir xodimi uxlamasdi. Men bundan norozi bo‘lib qo‘shimcha soatlar uchun haq talab qildim, ular meni ta’qibga olishdi, hatto qamatmoqchi bo‘lishdi. Bosim, tazyiqlar boshlandi. Ahvolga chidab bo‘lmay qolgach, ketishga qaror qildim. Aholining katta qismi to‘yib ketgan. Turkmaniston chegarani ochadigan bo‘lsa, hamma ketadi, shaharlar, qishloqlar huvillab qoladi”, deydi Alisher Saxatov.
Ashxobod turli yo‘llar bilan ommaviy migratsiyani to‘xtatishga urinmoqda. 2022-yil sentyabrda Turkmaniston Anqaradan 2007-yildan beri turkmanlar uchun amal qilayotgan vizasiz rejimni bekor qilishni so‘radi.
Bu odamlarga jiddiy muammolar tug‘dirdi. Turkiya hududiy migratsiya idoralari pasporti muddati o‘tgan Turkmaniston fuqarolarining yashash ruxsatnomasi muddatini uzaytirish haqidagi arizalarini qabul qilmay qo‘ydi. Vizasiz rejim bekor qilinganidan beri turkmanistonliklar yangi pasportni faqat o‘z vatanlarida olishlari mumkin, ammo keyin Turkiyaga qaytishga umid qilmasa ham bo‘ladi.
Alisher Saxatov Turkmanistonning Turkiyadagi Bosh konsulligi o‘z fuqarolariga nikohga kirish yoki yangi tug‘ilgan chaqaloqlarni identifikatsiya qilish uchun zarur hujjatlarni berishdan bosh tortayotganini aytadi.
2022-yilda Istanbuldagi turkman faollaridan bir guruhi Turkiyadagi turkmanlarning muammolarini hal etishda ko‘mak so‘rab prezident Sardor Berdimuhamedov nomiga yozilgan maktubni topshirish uchun Turkmaniston konsulxonasi binosi yoniga keladi. Alisher aytishicha, aksiya qayg‘uli yakun topgan.
“Bizning oldimizga konsul Merdan Mustakov chiqdi. U qo‘llariga kastet taqib oldi-yu yon-atrofimizda turk huquqbonlari, advokatlar, bolasi bilan kelgan faol ayollar turganiga qaramay, kastet bilan bizni do‘pposlashga tushdi. Shu voqeadan so‘ng Turkmaniston konsulligi shahar markazidan chekkaroq mavzega ko‘chirildi”, deydi suhbatdoshimiz.
“Turkmaniston dunyodagi hech bir davlat qilmagan ishni qildi – boshqa mamlakatdan fuqarolarini kiritishni cheklashni iltimos qildi, – deydi Ozodlikka bergan izohida inson huquqlari bo‘yicha yurist va AQSHning Janubiy Kaliforniya universiteti professori Stiv Sverdlov. – Turkmanistonning Turkiyadagi elchixona va konsulxonasi pasport va boshqa biometrik hujjatlarning muddatini cho‘zib berishni rad qilmoqda. Bu butun dunyo bo‘yicha umum qabul qilingan amaliyotga xilof. Konsullik o‘z fuqarolarini boshqa mamlakat hududida qonuniy yashashga imkon beruvchi hujjatlar bilan ta’minlash uchun ochiladi-ku o‘zi”.
Sverdlovga ko‘ra, Turkiyadagi turkmanlar juda mushkul ahvolda qolganlar.
“Yaqinda tadqiqot ishlari bilan Istanbulda bo‘lganimda turkman migrantlari Turkiyada deyarli noqonuniy yashayotganlarini aytishdi. Men ularning ko‘zlarida qo‘rquv ko‘rdim. Ayrimlari 14-15 yillab hech qanday hujjatsiz yashayotgan ekan. Ular istalgan vaqtda deportatsiya qilishlaridan qo‘rqishmoqda, chunki hujjatlarini yangilay olishmayapti va hujjat bo‘lmagach, eng oddiy huquqlaridan foydalana olishmayapti. Butun Turkiyada bunaqa odamlarning ahvoli ayanchli”, deydi ekspert.
Turkiya migratsiya idoralari ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatda 200 mingga yaqin turkmanistonlik qonuniy istiqomat qiladi. Huquqbonlar va mustaqil manbalar hisobicha, Turkiyadagi turkmanlar soni bir millionga yetgan bo‘lishi mumkin.
Turkmaniston hukumati, jumladan Turkiyadagi dipmissiya migrantlar muammolariga izoh bermaydi, rasmiy statistikani ochiqlamaydi. Turkman OAVlari esa migrantlar muammolarini chetlab o‘tadi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
“Qizlar politsiyaga arz qila olishmasligini bilib, haddilaridan oshishyapti”
Turkiyadagi turkman migrantlarining salmoqli qismini ayollar tashkil qiladi. Ular asosan enaga yoki kasal boquvchi bo‘lib ishlashadi. Turkiyada bu og‘ir va kam haq to‘lanadigan ishlar sanaladi. Ammo turkman ayollari jon deb ishlaydilar, chunki o‘z vatanlarida bu pulning (oyiga taxminan 700 dollar) yarmini ham topa olmaydilar.
Yomon tomoni – ular jismoniy va jinsiy zo‘ravonlik qurboni bo‘lishi mumkin. Noqonuniy ahvollari ularni aybdorlarni jazolash uchun kurashish imkonidan mahrum qiladi.
Maral – Istanbulda yashovchi turkmanistonlik ayol. Aytishicha, turkman ayollari noqonuniy maqomi tufayli turli xavflarga yo‘liqishmoqda.
“Ish beruvchilar aksarimizning hujjatlarimizda muammo borligini biladi. Shu bois ham qo‘rqmay bizga shilqimlik qilishadi, qo‘pol muomalada bo‘lishadi. Biron ishni noto‘g‘ri qilsak haqqimizni bermay haydab yuborishdan ham toymaydilar, chunki biz politsiyaga murojaat qila olmasligimizni bilishadi”, deydi Maral.
Yaqinda Maralning bir keksa erkakka qarash uchun yollangan dugonasi shunday munosabatga duch kelibdi.
“Dugonam 60 yoshda. Haligi erkak unga hirs bilan qarab yurarkan. Bir necha marta shama qilibdi, dugonam ko‘nmapti. Niyatiga yetolmagach, uydan bir nimalar yo‘qolayotganini bahona qilibdi va politsiya chaqiribdi. Dugonamni ushlab, deportatsiya markaziga jo‘natishibdi”, deydi Maral.
Ayolning so‘zlariga ko‘ra, dugonasi hech nima o‘g‘irlamagan, ra’yini qaytargani uchun ish beruvchi unga tuhmat qilgan.
“Bechora ko‘p yig‘laydi, lekin aybsizligini isbotlay olmaydi, chunki bu yerda u qonuniy yashamaydi”, hikoyasini tugatadi Maral.
33 yoshli Muhabbat ham Turkmanistondan kelgan. Ikki oy muqaddam u Silivridagi ayollar deportatsiya markaziga tushib qolgan ekan, lekin advokat yordamida u yerdan chiqishga muvaffaq bo‘libdi.
Muhabbat Turkiyada turkman ayollarning sirli yo‘qolib qolishi holatlari ko‘payganini aytadi.
“Bunaqa voqealar ko‘p. Qarindoshlari politsiyaga arz qilishsa ularga: “Yo‘qolgan ayol noqonuniy yasharkan, ro‘yxatda turmagan, hujjati yo‘q, uni qayerdan topamiz, qanday topamiz?” deyishar ekan. Shaxsan o‘zimga singillari yo‘qolib qolgan bir ayol murojaat qildi. Qizlar ishga ketgancha bedarak yo‘qolgan. O‘lishganmi yoki biron kor-hol bo‘ldimi – noma’lum”, deydi Muhabbat.
Stiv Sverdov Turkiyada ayniqsa turkman migrant ayollari o‘ta mushkul ahvolda qolishganini tasdiqlaydi.
“Migrantlar bilan uchrashuvimiz chog‘ida ulardan turkman ayollarini jinsiy zo‘rlash holatlari haqida eshitdim. Ular Turkiya huquq idoralariga murojaat qila olmasligi juda achinarli. Chunki pasportlari muddati o‘tgan, qo‘lga tushishsa, Turkmanistonga badarg‘a qilishlari mumkin, vatanda esa ular yanada og‘ir ahvolga tushadilar. To‘g‘ri, Turkiyada yuridik yordam beruvchi alohida inson huquqlari tashkilotlari bor. Ammo buncha migrantga yetmaydiular. Biz, huquq himoyachilari Turkiyani o‘z majburiyatlariga rioya qilishga va turkman migrantlarining legallashuvi uchun sharoit yaratishga chaqiramiz. Shuningdek, ularni qiynoq va boshqa shafqatsiz munosabat kutib turgan vatanlariga badarg‘a qilmaslikni iltimos qilamiz”, deydi Stiv Sverdlov.
Istalmagan migrantlar
So‘nggi yillarda Turkiya tojik mehnat migrantlari uchun Rossiyadan keyingi ikkinchi yo‘nalish sanalardi. Joriy yil boshida vaziyat tubdan o‘zgardi.
2024-yil 28-yanvarda Istanbuldagi Muqaddas Mariya katolik cherkovida o‘q ovozlari yangradi. 52 yoshli turk fuqarosi o‘ldi. Hukumat “Islom davlati” terrorchi tashkilotiga aloqador ikki kishini cherkovga qurolli hujum uyushtirishda aybladi. Keyinroq ma’lum bo‘ldiki, ulardan biri Tojikiston fuqarosi ekan.
Ikki oy o‘tgach Moskva viloyatidagi “Krokus Siti Xoll” konsert zalida terakt yuz berib, kamida 145 kishi (jumladan 6 yosh bola) o‘ldi, 551 kishi yaralandi. Hujumda Tojikiston fuqarolari bo‘lmish o‘ndan ortiq kishini aybladilar.
“Krokus”ga hujum uchun javobgarlikni “ID” o‘z zimmasiga olgach Turkiyada ushbu guruh tarafdorlariga qarshi reydlar boshlanib ketdi. Hürriyet gazetasi ma’lumotiga ko‘ra, qo‘lga olinganlar orasida Turkiyaga hujum uyushtirishga hozirlik ko‘rgan bir tojikistonlik bo‘lgan.
Boz ustiga, “Krokus”dagi terakt ijrochilaridan ikki nafari – Tojikiston fuqarolari Shamsiddin Fariduniy va Saidakramiy Rajabalizoda – teraktdan oldinroq Turkiyada bo‘lishgani va hujumga bir necha kun qolganida Moskvaga qaytishga o‘rtaga chiqdi.
Tojikistonliklar Turkiyada 90 kungacha vizasiz yurgan bo‘lsa, ushbu voqealardan keyin Anqara ular uchun viza rejimini joriy etdi. Bu tartib amalga kiritilgunga qadar Turkiyada yashab turgan tojikistonliklar endi, u yerda qonuniy qolish uchun vatanlariga qaytib, viza olishlari kerak bo‘ladi.
Tojikiston Mehnat vazirligi ma’lumotiga ko‘ra, Turkiyada ikki-besh ming nafargacha tojikistonlik bor. Aksari – bozor, qahvaxona va fabrikalarda ishlaydigan mehnat migrantlari.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Qayumars – 22 yoshda. U Tojikiston shimolidagi Xo‘jand shahridan. Yigitcha Istanbuldagi qahvaxonalardan birida ishlaydi. Aytishicha, Turkiyaga kelgunicha Rossiyada ishlagan, ksenofobiya zo‘raygani tufayli u yerdan ketishga qaror qilgan. Kayumars Istanbul va Moskvada bo‘lgan hujumlardan so‘ng Turkiyada ham tojik migrantlariga toqatsizlik darajasi oshgan.
“Tojiklarni terrorchi deyishsa g‘alati bo‘lib ketaman. Tunov kuni go‘sht do‘koniga kirgandim. Sotuvchi: “Millating nima?” deb so‘radi. “Tojikman”, dedim. “Tojiklar orasida terrorchilar ko‘p”, dedi sotuvchi. Bu gap ko‘nglimga og‘ir botdi. Go‘sht sotib olmay, do‘kondan ketdim. Bir necha kishining jinoyatidan butun bir millat jabr ko‘rmasligi kerak”, deydi suhbatdoshimiz.
Ekspertlar fikricha, Turkiyada Tojikiston fuqarolari uchun viza rejimining bekor qilinishi bir necha muhim oqibatlarga olib kelgan.
“Ko‘plab tojiklar Turkiyaga erkin kelib-ketish va yashash imkoniyatidan mahrum bo‘lib og‘ir ahvolga tushishdi. Viza ololmaganlar uyga qaytishga majbur bo‘lishdi, Tojikistonda esa ish yo‘q – Turkiyadan kelgan pul hisobiga kun kechirib yurgan oilalar uchun bu jiddiy zarba. Boshqa chorasi bo‘lmagan migrantlar Turkiyada noqonuniy qolishlari mumkin, ammo bu qo‘lga tushish va deportatsiya bo‘lish xavfini oshiradi. Noqonuniy maqomi – ijtimoiy va tibbiy xizmatlarsiz qolish deganiki, bu ham ularning ahvolini yanada og‘irlashtiradi. Vizasiz tartibzning bekor qilinishi ayrim hollarda kamsitish holatlari ko‘payishiga olib keldi”, deydi tojikistonlik migratsiya masalalari bo‘yicha ekspert Shuhrat Latifov.
Stiv Sverdlov fikricha, Turkiya Markaziy Osiyoning ayrim respublikalari fuqarolari uchun viza rejimini joriy etish bilan, noilojlikdan u mamlakatga borgan odamlarni yanada radikal va ekstremal sharoitga tashlayotganini urg‘ulaydi.
“Viza rejimi joriy qilingach Turkiyadagi tojiklar, xuddi turkmanlarga o‘xshab juda katta va jiddiy muammolarga yo‘liqishdi. Viza tartibi ularni o‘z mamlakatiga qaytib ketib ketishga majbur etadi, holbuki bu odamlar vatanidagi ijtimoiy-iqtisodiy tanglikdan, siyosiy tazyiqlardan qochib u yerga borganlar. Turkiya Markaziy Osiyodagi xalqlarga qardoshlik, do‘stlik da’vo qiladi. Shunday ekan, har kuni turk iqtisodiyotiga foyda keltirayotgan bu kishilarni himoya qilsin. Turkiya bozorlarida, mehmonxonalarida har qadamda migrantlarga duch kelasiz. Ko‘plab migrantlar kichik tadbirkorlik bilan shug‘ullanishadi, restoranlar va do‘konlarni yurgizishadi. Bular bari mamlakat iqtisodiyoti uchun juda muhim. Shu bois Turkiya turkmanlar, tojiklar va o‘zbeklarning huquqlari ta’minlanmasligini hisobga olib, ular bilan tizimli ish olib borishi kerak”, deydi Stiv Sverdlov.