Blinken Kiyevda RFga zarba berishda uzoq masofali raketalardan foydalanish masalasini muhokama qildi

Blinken va Lemmi Kiyevda, 2024-yil 11-sentyabri

AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken va Britaniya tashqi ishlar vaziri Devid Lemmi 11-sentyabr oqshomida Kiyevda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy, TIV rahbari Andrey Sibiga va ukrainalik boshqa rasmiylar bilan muzokaralar olib borishgan.

Davlat kotibi uchrashuvlarda Rossiya ichkarisidagi hadaflarga G‘arbning uzoq masofali aslahalari bilan zarba berish bo‘yicha Ukraina uchun qo‘yilgan cheklovlarni olib tashlash ehtimoli ham muhokama qilinganini tasdiqladi. Blinken bu boradagi munozara mazmunini AQSH prezidenti Jo Baydenga yetkazishini bildirdi.

Davlat kotibi Rossiyadagi hadaflarga zarba berishda uzoq masofali aslahalardan foydalanish eskalatsiyaga olib kelishi mumkinligi yuzasidan xavotirlar borligini qayd etdi. Ayni paytda, Blinkenga ko‘ra, bu e’tiborga olinishi lozim bo‘lgan yagona omil emas.

The Guardian gazetasi chorshanba oqshomida Britaniya hukumatidagi o‘z manbalaridan olingan ma’lumotga tayangan holda, London Rossiya ichkarisidagi hadaflarga zarba berishda Ukrainaga Storm Shadow raketalaridan foydalanishga ruxsat berish qarorini qabul qilib bo‘lganiga oid iddaoni o‘rtaga tashladi. Nashr Blinkenning so‘zlari AQSH tomonidan ham shunga o‘xshash qarorlar qabul qilinganiga ishora qilishini qayd etgan. Gazetaga ko‘ra, agar shunday qaror qabul qilinmaganida, Blinken va Lemmi Kiyevga safar qilib o‘tirmagan bo‘lardi. Biroq bu hozircha ochiqchasiga e’lon qilinmaydi. Bundan tashqari, nashrning yozishicha, “mulohazasiz va keraksiz” raketa zarbalariga yo‘l bermaslik uchun qator cheklovlar saqlab qolinishi mumkin.

Sentyabr oyida Vashingtonda Bayden va Zelenskiy uchrashuvi bo‘lib o‘tishi kutilmoqda. Ukraina prezidenti avvalroq mazkur uchrashuvda AQSH prezidentiga Rossiya bilan urushda Ukrainani g‘alabaga olib boruvchi harakat rejasini taqdim etilishini bildirgan edi. 11-sentyabr kuni Zelenskiy rejaning amalga oshishi AQSH yordamiga ham bog‘liq ekanini tasdiqlagan.

Ukraina rasmiylari o‘z Qurolli kuchlariga Rossiyaga uzoq masofali aslaha bilan zarba berishga ruxsat berish zarurligini urg‘ulab kelishmoqda. Vashington ham, London ham bu cheklovlar bekor qilingani haqida rasman e’lon qilgani yo‘q, biroq kuni kecha prezident Bayden ham, Blinken ham bu boradagi siyosat qayta ko‘rib chiqilishi mumkinligi haqida muhokamalar olib borilayotganini bildirishgan.

AQSH Davlat kotibi Qo‘shma Shtatlar tomonidan Kiyevga 700 million dollarlik yangi yordam paketi berilishini ham bildirgan. Bu yerda gap energetika va gumanitar sohadagi yordam haqida bormoqda. Britaniya ham Ukrainaga 780 million dollar qiymatga ega bo‘lgan yangi yordam paketini va’da qilgan.

Biz avvalgidek Ukrainaning g‘alaba qilishi g‘oyasiga sodiqmiz. Bizning Putinga jamoaviy mujdamiz dastagimiz susaymasligidan iboratdir”, deya bildirgan Blinken muzokaralar oldidan.

Ukraina TIV rahbari Sibiga bu muzokaralarni “tafsilotli va samarali” deb atagan. U qurol-aslaha, shu jumladan havoga qarshi mudofaa vositalari yetkazib berish masalasi muhokama qilinganini bildirib, uzoq masofali aslahadan foydalanishga qo‘yilgan cheklovni olib tashlashga chaqirgan.

AQSH va Ukrainaning boshqa ittifoqchilari ziddiyat eskalatsiyasi yoki yadroviy urushdan xavfsirab, Rossiyaga qarshi uzoq masofali raketalardan foydalanishga ruxsat bermay turishibdi. Ayni paytda, The Times nashrining yozishicha, Britaniya va Fransiya Ukrainaga o‘zining 560 kilometr masofaga uchib borishi mumkin bo‘lgan Storm Shadow raketalaridan foydalanishga ruxsat berishga tayyor, biroq ular avvalroq Ukrainaga radiusi 300 kilometrgacha bo‘lgan ATACMS raketalarini yetkazib bergan AQSH qarorini kutib turishibdi. Bu raketalar oldinroq anneksiya qilingan Qrim va Rossiya tomonidan ishg‘ol qilingan boshqa hududlardagi hadaflarga zarba berish uchun qo‘llanilgan, ammo ular bilan bevosita Rossiyaga tegishli bo‘lgan hududlarga hali zarba berilganicha yo‘q.