Blinken: Shimoliy Koreyadan bo‘lgan 8 000 harbiy Kursk viloyatida yuribdi

Janubiy Koreyaning tashqi ishlar va mudofaa vazirlari Vashingtonda AQSH Davlat kotibi va Pentagon rahbari bilan muzokaralar o‘tkazishdi

AQSH Rossiyaning Kursk viloyatida bo‘lgan shimoliy koreyalik harbiylar yaqin orada Ukraina Qurolli kuchlari bilan jangga kirishishini kutmoqda. Bu haqda 31 oktyabr kuni AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken bildirdi. “Amerika ovozi” xabariga ko‘ra, o‘z so‘zida Xitoyni Pxenyanni tiyib turish uchun o‘z ta’siridan foydalanishga chaqirgan.

AQSH Davlat kotibi Rossiya shimoliy koreyalik askarlarga artilleriya, dronlar bilan ishlash hamda quruqlikdagi amaliyotlarda qo‘l keladigan taktik priyomlarga o‘rgatayotganini, bu esa mazkur kuchlardan jabhada foydalanish niyati borligini ko‘rsatishini ma’lum qilgan.

Blinken Rossiyada 10 ming nafar shimoliy koreyalik harbiy yurgani, ularning taqriban 8 ming nafari allaqachon Kursk viloyatida ekanini qayd etgan. Rossiyaning bu viloyatida Ukraina qo‘shinlari avgust oyida egallagan mavqelarini qo‘lda tutib turishibdi.

Qo‘shma Shtatlar va Janubiy Koreya mudofaa va tashqi ishlar vazirlari o‘zaro uchrashuvda bunga javob berishning qator variantlarini muhokama qilishgani aytgan AQSH bosh diplomati Moskva tomonidan shimoliy koreyalik askarlarni Ukrainaga qarshi urush “go‘shtqiymalagich”ida foydalanilishi Kreml “zaifligining ochiq belgisi” ekanini qayd etgan.

Shu kunning o‘zida Shimoliy Koreya tomonidan qit’alararo ballistik raketa uchirilgani haqida xabarlar paydo bo‘lgan. Raketa Koreya yarimorolining sharqiy sohilidagi Shimoliy Koreya hududiy suvlariga borib tushishdan avval ilk bor 86 daqiqa davomida parvozda bo‘lgan. Bu haqda Janubiy Koreya va Yaponiya rasmiylari ma’lum qilishgan.

Janubiy Koreya qo‘mondonligi raketa Shimoliy Koreya poytaxti bo‘lmish Pxenyandan mahalliy vaqt bilan taxminan ertalabki soat 7:10 da uchirilganini qayd etgan.

Raketa qariyb vertikal ravishda uchirilgan bo‘lib, 7700 kilometr balandlikka yetgan, deya xabar qildi Reuters agentligi Yaponiya Mudofaa vazirligidan olingan ma’lumotga tayangan holda.

Tokioda maxsus chaqirilgan matbuot anjumanida Yaponiya Vazirlar Mahkamasining bosh kotibi Yosimasa Xayasi 31-oktyabr kuni sinovdan o‘tkazilgan Shimoliy Koreya raketasiga o‘xshash raketa oddiy trayektoriya bo‘ylab uchirilganda 15 ming kilometr masofaga yetishi mumkinligini bildirgan.