Qashqadaryolik bloger Sherali Komilov 15-iyul kuni soat 17 lar atrofida Toshkent viloyati Qibray tumani Do‘rmon aholi punktida hibsga olingan. Bu haqda O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati rahbari Abdurahmon Tashanov Feysbukdagi o‘z sahifasi orqali ma’lumot tarqatdi.
Huquq faolining yozishicha, Sherali Komilov Qashqadaryo viloyati IIB Tergov bo‘limi tomonidan bir yil avval e’lon qilingan ayblov va qidiruv doirasida “15 nafarga yaqin IIO xodimi” ishtirokida qo‘lga olingan.
“Blogerning avval Qibray tumani IIBga, so‘ng O‘zbekiston Respublikasi IIVning 1-sonli tergov izolyatoriga olib ketilgani aytilmoqda”, deyilgan Tashanov postida.
“Ezgulik” rahbari Qashqadaryo viloyati IIB Tergov bo‘limi tergovchisi sanksiyasi bilan Sherali Komilov istiqomat qilgan xonadonda tintuv o‘tkazilgani, tintuv davomida blogerga tegishli ashyolar, texnikalar surishtiruv organi tomonidan olib ketilganini qo‘shimcha qilgan.
“Bloger Qashqadaryo viloyatiga etap qilinishi mumkin, unga nisbatan viloyat IIB tomonidan firibgarlik, tuhmat va haqorat singari ayblovlar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan”, deb yozgan Tashanov Sherali Komilovning so‘nggi bir yil davomida tergovdan yashirinib kelganini qayd etib, tergov organini “tergov jarayonida protsessual normalarga qat’iy amal qilishga” chaqirgan.
O‘tgan oyda Ozodlikning “OzodNazar” dasturi mehmoni bo‘lgan Sherali Komilov qariyb bir yildan buyon o‘ziga nisbatan uchta jinoyat ishi ochilib, to‘rt marta qidiruv e’lon qilinganini e’tirof etgan, shu vaqt oralig‘ida O‘zbekiston hududida bemalol yurganiga qaramay, o‘zini hech kim tutib ketishga urinmayotganini alohida ta’kidlab o‘tgan edi.
45 yoshli Sherali Komilov, ma’lumotlarga ko‘ra, mehnat faoliyatini dastlab huquq-tartibot idoralarida boshlagan, keyinchalik u xususiy tadbirkorlik va blogerlik bilan shug‘ullana boshlagan. Blogerlik faoliyati davomida u so‘nggi yillarda ko‘proq faol ravishda diniy kontent tarqatish bilan shug‘ullanuvchi blogerlar hamda diniy arboblar xatti-harakatlarini tanqid qilish bilan shug‘ullanib kelgan.