Yevropa Kiyev bilan Rossiya gazi o‘rniga Ozarbayjon gazini olgan holda Ukraina orqali gaz tranzitini saqlab qolish variantlarini muhokama qilmoqda. Bu haqda Bloomberg agentligi o‘z manbalaridan olingan ma’lumotga tayangan holda xabar qildi.
Rossiya gazining Ukraina hududida orqali Yevropaga tranzit qilinishiga oid shartnoma muddati yil oxiriga borib tugaydi. Kiyev Rossiya “Gazprom” konserni bilan shartnomani uzaytirishni rejalayotgani yo‘q. Ayni paytda Ukrainaning “Naftogaz” shirkati vakili Aleksey Chernishov Ukrainada tranzit uchun zarur bo‘lgan butun infratuzilma mavjudligi va bundan foydalanish kerakligini bildirgan.
Ozarbayjondan Yevropaga gaz yetkazib berishdan foyda oladigan mamlakat Slovakiya bo‘ladi, deya qayd etgan Bloomberg. Agentlik bunday tranzit imkoniyati borligi haqida Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso may oyida Bokuga safaridan keyin gapirganini eslatgan. Fitsoga ko‘ra, agar bu borada kelishuvga erishilsa, Bratislava Ozarbayjondan gaz import qilishi, uning bir qismini o‘zi uchun olib qolishi, qolganini esa boshqa mamlakatlarga yo‘llashi mumkin.
Agar tranzit ayirboshlash shaklida tashkil etilsa, Rossiya uchun bunday reja foydali bo‘ladi. Bunaqada Moskva o‘z yonilg‘isini boshqa mintaqalarga yo‘llaydi.
Rossiya gazini Ozarbayjonnikiga almashtirishga oid qaror tezi bilan yil oxiriga borib qabul qilinishi mumkin. Kelishuvga jang maydonidagi vaziyat ham ta’sir ko‘rsatishi mumkinligi aytilmoqda.
Rossiya gazini Ukraina orqali Yevropaga tranzit qilish bo‘yicha besh yillik shartnoma 2019-yilda imzolangan. Uning asosiy xaridori haligacha Slovakiya va Avstriya bo‘lib qolmoqda.
Ukraina “Gazprom” bilan shartnoma tuzishdan qat’iyan bosh tortgan. Bu orada Kiyev Yevropa shirkatlari Ukraina quvvatlarini ijaga olishi mumkinligini bildirgan.