BMT ekspertlari: Yil boshidan buyon Eronda 400 dan ziyod odam qatl etildi

Illyustrativ surat

Eronda joriy yil boshidan beri 400 dan ziyod kishi qatl etilgan. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkilotining ekspertlar guruhi ma’lum qildi.

Ayollar va qizlarga nisbatan huquqiy diskriminatsiya bo‘yicha ishchi guruhining besh a’zosi va olti nafar maxsus ma’ruzachidan iborat bu guruh BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashi tomonidan tuzilgan, biroq ular tashkilot nomidan ham ish ko‘rishlari mumkin.

Ekspertlar ma’lumotiga ko‘ra, qatl etilgan 400 kishidan 15 nafari ayollardir. Avgust oyida Eronda kamida 81 kishi qatl etilgan, bu iyul oyida qatl etilganlar sonidan (45 kishi) qariyb ikki baravar ko‘p. Qatl etilganlarning 41 nafari giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun sudlangan.

Ekspertlar 2021-yildan boshlab Eronda giyohvand moddalar bilan jinoyatlar uchun qatllar soni keskin oshib ketganini qayd etishgan. 2023-yili bunday ayblovlar bilan 400 dan ortiq odam qatl etilgan. Bu yuksalish giyohvand moddalar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun o‘lim jazosi qo‘llanishiga nisbatan cheklovlar kiritilganiga qaramasdan kuzatilgan.

Eronda o‘lim hukmi bilan yakunlangan mahkama jarayonlari, BMT ekspertlariga ko‘ra, ko‘pincha tegishli huquqiy protseduralar kafolatiga javob bermaydi.

“Adolatli sudlov va tegishli huquqiy protsedura huquqining jiddiy ravishda buzilayotganiga oid xabarlar bugungi kunda Eronda tatbiq etilayotgandek ko‘rinishdagi o‘lim jazosi noqonuniy qatl bilan tengligini anglatadi”, deya bildirgan ekspertlar.