BMT: Urush boshidan beri Ukraina aholisi 10 millionga qisqardi

Donetsk viloyatining Mirnograd shahrida yashovchi keksa ayol (arxiv surati)

Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga keng ko‘lamli bosqin boshlagan 2022-yil fevralidan buyon bu mamlakat aholisi 10 million kishi yoki taqriban to‘rtdan birga qisqargan. Bu haqda 22-oktyabr kuni BMT ma’lumot tarqatdi.

Xalqaro tashkilot Ukrainada aholi soni qisqarishiga sabab bo‘lgan omillar qatorida qochqinlar oqimi, tug‘ilishning kamaygani va jangovar harakatlar natijasida odamlarning halok bo‘lishi kabilarni sanab o‘tgan.

BMTning Sharqiy Yevropadagi aholi jamg‘armasi rahbari Florens Bauerning Jenevadagi matbuot anjumanida bildirishicha, aholi soni keskin kamaygani urush tufayli qariyb kimsasiz qolgan hududlar, asosan faqat qariyalar qolgan qishloqlarda ayniqsa yaqqol seziladi. Mulozima bu borada aniq hisob-kitobni chiqarish va aholining to‘liq ro‘yxatga olish ishlari faqat urush tugaganidan keyingina amalga oshirilishi mumkinligini qo‘shimcha qilgan.

SSSR parchalangan 1991-yilda aholisi soni 50 milliondan ko‘proq kishini tashkil qilgan Ukrainada xuddi Sharqiy Yevropadagi qo‘shnilarida bo‘lgani kabi demografik vaziyat jiddiy tarzda yomonlashgan. Rossiya bosqinidan bir yil avval – 2021-yilda Ukrainada qariyb 40 million kishi yashar edi, deya qayd etgan Reuters agentligi.