BMT Xavfsizlik kengashining doimiy bo‘lmagan besh a’zosi almashadi

BMT Bosh assambleyasining majlislar zali

BMT Bosh assambleyasi 6-iyun kuni Pokiston, Somali, Panama, Daniya va Gretsiyani BMT Xavfsizlik kengashiga doimiy bo‘lmagan a’zo o‘laroq saylash haqida qaror qabul qildi. Ularning muvaqqat a’zo sifatidagi ikki yillik muddati 2025-yilning 1-yanvaridan boshlanadi. Mazkur besh davlat hozirgi paytda BMT Xavfsizlik kengashida doimiy bo‘lmagan a’zolar vazifasini bajarayotgan Ekvador, Yaponiya, Malta, Shveysariya va Mozambik o‘rnini egallashadi.

Xavfsizlik kengashi sanksiya kiritish va kuch ishlatishga ruxsat berish kabi yuridik majburiyat yuklovchi qarorlarni qabul qilishi mumkin bo‘lgan BMTning yagona organi bo‘lib hisoblanadi.

BMT Xavfsizlik kengashiga jami 15 ta (beshta doimiy va o‘nta doimiy bo‘lmagan a’zo) davlat kiradi.

Kengashda doimiy a’zo maqomiga ega bo‘lgan besh davlat — AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Rossiya va Xitoy qabul qilinayotgan qarorlarga veto qo‘yish huquqiga ega. Kengashning boshqa barcha a’zolari doimiy bo‘lmagan a’zo maqomiga ega bo‘lib, har yili besh davlatdan iborat guruhlar bo‘yicha saylanadi.