BMTning uy-joy huquqi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Toshkentga keldi

BMTning uy-joy huquqi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Balakrishnan Rajagopal

BMTning uy-joy huquqi bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Balakrishnan Rajagopal 19-avgust kuni O‘zbekistonga kelgan. Bu haqda Ozodlikka maxsus ma’ruzachi bilan uchrashgan O‘zbekiston inson huquqlari “Ezgulik” jamiyati faoli Abdurahmon Tashanov ma’lum qildi.

Tashanovga ko‘ra, maxsus ma’ruzachi Balakrishnan Rajagopal 19−30-avgust kunlari Toshkent, Jizzax, Samarqand va Buxoro viloyatlariga tashrif buyuradi.

Maxsus ma’ruzachining missiyasi uy-joyga nisbatan milliy qonunchilik asoslarini aniqlash, amalda uy-joy huquqini himoya qilish, jumladan, uy-joylarning arzonligi va yaroqliligi, xizmatlardan foydalanish hamda majburiy ko‘chirish holatlarini o‘rganishdir.

BMT mulozimi o‘z tadqiqotlari davomida hukumat tomonidan uy-joy huquqidan barcha aholi guruhlarining foydalanishi uchun ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni surishtiradi.

Shuningdek, ma’ruzachi iqlim inqirozining uy-joy huquqiga bo‘lgan ta’siri, aholining uy-joy masalalari va shaharsozlik bo‘yicha qarorlar qabul qilinishida ishtirokini o‘rganadi, renovatsiya sohasidagi o‘zgarishlarni baholaydi.

“BMT ma’ruzachisi Toshkent, Jizzax, Samarqand va Buxoro kabi shaharlarga va ular yaqinidagi tumanlarga, jumladan, talabalar turar joylari va oilada turli murakkabliklarga uchragan yoki boshpanasiz qolgan shaxslar uchun mo‘ljallangan yashash manzillariga borishi kutilmoqda.

Bir qancha rasmiy uchrashuvlar, fuqarolik jamiyati va biznes doiralar vakillari bilan muloqotlar ham rejalashtirilgan”, deyilgan “Dunyo” axborot agentligining janob Balakrishnan Rajagopal tashrifiga oid xabarida.

Tashrif yakunida matbuot anjumani o‘tkazadigan BMTning maxsus ma’ruzachisi kelgusi yilning mart oyida BMTning Inson huquqlari bo‘yicha kengashiga o‘z hisobotini taqdim etadi.