Botir Zokirov qurilish vaziri lavozimidan ketdi

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Botir Zokirov lavozimidan bo‘shatildi. Bu haqda 17-iyul kuni prezident raisligida Toshkentda o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida bildirilgan.

Yig‘ilishda qayd etilishicha, Botir Zokirov o‘z lavozimidan “sog‘ligi tufayli” ozod etilgan, uning o‘rniga esa vazirning birinchi o‘rinbosari Sherzod Hidoyatov vazir vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.

Hidoyatov birinchi o‘rinbosar lavozimiga tayinlangan 2019-yilning sentyabriga qadar Tashkent City Xalqaro ishbilarmonlik markazi qurilishi direksiyasini boshqargan, undan avval esa Toshkent shahrining sobiq hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayevga tegishli Akfa shirkatlar guruhida qurilish bo‘yicha direktor vazifasida ishlagan.

Shu oy oxirida 61 yoshga to‘ladigan Botir Zokirov 2019-yilning sentyabridan buyon qurilish vaziri lavozimida ishlab kelayotgan edi. Ishdan bo‘shatilgan mulozimga boshqa biror lavozim beriladimi yoki u sog‘lig‘ini tiklash bilan mashg‘ul bo‘ladimi – hozircha ma’lum emas.

Avvalroq mahalliy matbuotda qurilish vaziri Botir Zokirovga aloqador “Trest-12” shirkatiga millionlab dollarlik qurilish loyihalari bir necha marta tendersiz berilgani haqida xabarlar chiqqan edi.