BP: “Chorvoq”dagi fojiali avariya yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

"Chorvoq" suv omboridagi skuterlar (illyustrativ surat)

“Chorvoq” suv omborida ikki kishining o‘limiga sabab bo‘lgan avariya yuzasidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 260-moddasi (Temiryo‘l, dengiz, daryo yoki havo transportining harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

Favqulodda vaziyatlar vazirligi qaydicha, mazkur avariya 20-iyul kuni soat 14:30 larda sodir bo‘lgan. Vazirlik xabarnomasida Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanidagi “Chorvoq” suv omborining “Burchmulla” suv havzasiga dam olish maqsadida kelgan zangiotalik 19 yoshli fuqaro skuterni haydash vaqtida boshqaruvni eplay olmay, qarshisidagi katamaranga borib urilgani, oqibatda katamaranda bo‘lgan ikki nafar farg‘onalik fuqaro voqea joyida vafot etgani ma’lum qilingan. Ijtimoiy tarmoqlarda avariya qurboni bo‘lgan farg‘onaliklarning biri 26, yana biri 28 yoshda ekani aytilgan.

BP mulozimi Hayot Shamsutdinov holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilayotganini qo‘shimcha qilgan.