O‘zbekiston Suzish federatsiyasi mansabdor shaxslari suzish sporti uchun ajratilgan mablag‘lar hisobidan terma jamoa a’zosi bo‘lmagan, aslida Federatsiya Bosh kotibi A. G. ning oila a’zolari bo‘lgan N. G., M. G. va boshqa jami 15 nafar fuqaroni Turkiyaga dam olishga yo‘llab, 405 million so‘m mablag‘ talon-toroj qilinishiga sabab bo‘lishgan. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.
BP federatsiya mablag‘lari hisobidan dam olish uchun Turkiyaga yuborilgan qolgan 13 nafar kishining shaxsi, bu odamlar kimlarning yaqini bo‘lgani, dam olishga nima uchun aynan shu shaxslar yo‘llanganiga oid ma’lumotlarni keltirgan emas.
Bosh prokuratura qaydicha, federatsiyada amalda o‘tilmagan o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlar uchun soxta buyruqlar asosida 458 million so‘m mablag‘ ham o‘zlashtirilgan.
“Bundan tashqari, Federatsiyaga xalqaro musobaqa va o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazish uchun homiylar tomonidan ajratilgan 1,2 mlrd. so‘m mablag‘lar maqsadsiz sarflanib, talon-toroj qilingan”, deyilgan xabarnomada.
Bosh prokuratura Suzish federatsiyasida jami 2 milliard so‘mdan ko‘proq mablag‘ talon-toroj qilingani yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilayotganini, nazorat tadbirlari davom etayotganini qayd etgan.