Britaniya: Putin yadroviy tahdid bilan Ukrainada yo‘liqqan muammolaridan chalg‘itmoqchi

Prezident Vladimir Putin va mudofaa vaziri Sergey Shoygu.

Britaniya mudofaa vaziri Ben Uollesning so‘zlariga ko‘ra, Vladimir Putinning yadroviy shaylik haqidagi ogohlantirishi Ukrainaga bosqindan chalg‘itishga mo‘ljallangan ritorikadir.

Reuters agentligining britan mulozimidan iqtibos keltirishicha, Putinning tahdid yadro qurolidan foydalanishga tayyorgarlikni oshirish bo‘yicha amaliy qadamlar bilan bog‘liq emas.

Yakshanba kuni Putin Rossiyaning yuqori darajadagi yadroviy shaylik holatga o‘tishi haqida e’lon qildi. Qo‘shma Shtatlar Moskvaning bu "xavfli ritorika"si urushni kuchaytirishi mumkinligidan ogohlantirdi.

"Putin o‘z fikrini aytdi. Biz buni ko‘rib chiqamiz", dedi Uolles Putinning yuqori yadroviy tayyorgarlik holatiga o‘tish haqidagi bayonotidan so‘ng.

Ikkinchi Jahon urushidan keyin Yevropa davlatiga qilingan eng yirik hujum tezkor g‘alabaga olib kelmadi, aksincha G‘arbning keng qamrovli va kelishilgan sanksiyalariga olib keldi.

Yakshanba kuni 27 davlatdan iborat Yevropa Ittifoqi o‘z tarixida birinchi marta urushayotgan davlatga qurol yetkazib berishga qaror qildi. Reuters’ agentligiga bir manbaning aytishicha, YeI Ukrainaga 450 million yevrolik (507 million dollar) qurol-yarog‘ jo‘natadi. Matbuot anjumanida Jozef Borrell Yevropa Ittifoqi Ukrainani qiruvchi samolyotlar bilan ta’minlashini xabar qildi.

"Ukrainaga qarshi bu urush bilan dunyo hech qachon avvalgidek bo‘lmaydi", deb yozdi Yevropa Ittifoqining tashqi siyosat bo‘yicha rahbari Jozef Borrel.

"Hozir kelajagimizni ishonch, adolat va erkinlik asosida qurish uchun har qachongidan ham ko‘proq birlashish vaqti keldi. Bunday bo‘lmaydi deb bir ovozdan baralla aytadigan fursat keldi”.

Yevropa Ittifoqining bosh ijrochi direktori Ursula fon der Lyaen Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lishini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Uollesning aytishicha, Putin Ukrainaga bostirib kirishga qaror qilishda mantiqsiz yo‘l tutgan va Putin bundan keying harakatlari haqida gapirmoqchi emas. U G‘arb tayyor holatda bo‘lishiga qo‘shimcha qildi.

"Ammo bir narsani unutmasligimiz kerakki, bu uning Ukrainadagi muammolaridan chalg‘itishga qaratilgan urinishi”.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Putin yadroviy qurolga ega bo‘lgan to‘xtatuvchi kuchlarni shay holatga keltirish haqida buyruq bergan bo‘lsa-da, Britaniya buni asosan ritorik maqsadga xizmat qiladi va Putin ulardan foydalanishni istamaydi, deb hisoblaydi.

Yakshanba kuni Shveysariya prezidenti Ignazio Kassis Shveysariya dushanba kuni Yevropa Ittifoqiga qo‘shilib, Rossiyaga qarshi sanksiya kiritish va Alp tog‘laridagi Rossiya aktivlarini muzlatib qo‘yishi "'ehtimoldan holi emasligini" aytdi.

Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди

Rossiya-Ukraina: Putin diplomatiyadan voz kechdi – AQSh

Kassisning aytishicha, yetti a’zodan iborat Federal Kengash dushanba kuni yig‘ilib, moliyaviy choralar bo‘yicha tavsiyalar beradi va bu iqtisodiyot bo‘limlari tomonidan ko‘rib chiqiladi.

"Prezident Putin so‘zlari aslida Rossiyaning haqiqatan ham yadroviy tayyorgarligi bilan bog‘liq emas. Bizningcha, bundan maqsad muloqot maydoniga to‘siq qo‘yib, hammaga o‘zini to‘xtatuvchi vositasi borligini eslatib qo‘yish", - dedi Uolles.