Bryussel Gruziyani “xorijiy agentlar”ga oid qonundan voz kechishga chaqirdi

Estoniya, Litva va Islandiya tashqi ishlar vazirlari Tbilisidagi mitingda, 2024-yil 15-mayi

Yevrokomissiya va YIning tashqi ishlar mutasaddisi Jozep Borrel 15-may kuni rasman Gruziya rasmiylarini “Tashqi ta’sir shaffofligi to‘g‘risida”gi qonunni tasdiqlashdan voz kechishga chaqirdi. Tanqidchilar bu qonunni Rossiyadagi “xorijiy agentlar to‘g‘risida”gi repressiv qonunning muqobili, deb atashmoqda.

YI rahbariyati bayonotida qonunning butunlay qabul qilinishi Gruziyaning yevropacha istiqboliga salbiy ta’sir ko‘rsatishi aytilgan. Yevrokomissiya mulozimlari fikricha, qonun loyihasi fuqarolik jamiyatiga putur yetkazib, OAV erkinligi uchun xavf tug‘diradi.

“Qaysi yo‘lni tanlash Gruziya qo‘lida. Biz Gruziya rasmiylarini qonun loyihasini qaytarib olishga chaqiramiz”, deyilgan bayonotda.

Unda, qonun kuchga kirgan taqdirda, konkret oqibatlari qanday bo‘lishi mumkinligi haqida aytilgan emas. Biroq Financial Times nashrining YIdagi uch mulozim so‘zlariga tayangan holda qayd etishicha, bu taqdirda Gruziyaning YIga kirish arizasi muzlatiladi. O‘tgan yili Gruziya rasman Yevropa Ittifoqiga kirishga a’zo mamlakat maqomini olgan edi, vaholanki bu haqdagi muzokaralar hali boshlangan ham emas.

Gruziyada bahsli qonun qabul qilinishi yuzasidan Qo‘shma Shtatlar ham tashvish bildirib, Tbilisi rasmiylarini undan voz kechishga chaqirgan. AQSH Davlat kotibi o‘rinbosari Jeyms O'Brayen 14-may kuni Tbilisidagi matbuot anjumanida, agar seshanba kuni qabul qilingan qonun loyihasi hozirgidek YI va NATO me’yorlariga zid shaklda qoladigan bo‘lsa, AQSH Gruziyaga ko‘p million dollarli yordam dasturini qayta ko‘rib chiqib, norozilarga qarshi repressiyalarga aloqador bo‘lganlarga qarshi sanksiyalar joriy etishi mumkinligini bildirgan.

Qonun loyihasi 14-may kuni Gruziya parlamenti tomonidan uchinchi - yakuniy o‘qishda ma’qullangan. Uning muhokamasi va qabul qilinishi Tbilisidagi ko‘p ming kishilik ko‘cha namoyishlari manzarasida amalga oshgan. Politsiya parlament binosi oldida yig‘ilayotgan namoyishchilarga qarshi tez-tez kuch qo‘llayapti, ikki o‘rtada to‘qnashuvlar sodir bo‘lmoqda. Hujjat hali kuchga kirgan emas, Gruziya prezidenti Salome Zurabishvili unga veto qo‘yishni va’da qilgan. Biroq parlament prezident vetosidan ustun kelish uchun yetarli ovozga ega.

15-may kuni Tbilisida qonun loyihasiga qarshi galdagi aksiya bo‘lib o‘tdi. Norozilik yurishida Gruziyaga tashrif buyurgan Estoniya, Litva va Islandiya tashqi ishlar vazirlari ishtirok etishdi. Ular parlament oldidagi minbardan turib miting qatnashchilariga murojaat qilishdi. Litva TIV rahbari Gabrielyus Landsbergis Gruziya xalqi uchun yevropacha istiqbol istayotganini bildirdi. Avvalroq vazirlar mamlakat prezidenti Salome Zurabishvili va parlament raisi Shalva Papuashvili bilan uchrashishgan.

Bahsli qonun qabul qilinsa, o‘z moliyasining 20 foizdan ko‘prog‘ini xorijdan oladigan barcha tashkilotlar va guruhlar xorijiy agent o‘laroq ro‘yxatdan o‘tishlari lozim bo‘ladi. Qonun loyihasi tashabbuskorlari qonun Gruziyani chet eldan moliyalashtiriladigan norozilik aksiyalari, radikal partiyalar va propagandachi mediadan himoya qilish uchun zarurligini aytishmoqda. Mazkur qonunni buzganlar yirik miqdorda jarima to‘lashlari kerak bo‘ladi. Hujjat mualliflari undagi moddalar Rossiya qonunchiligidan emas, AQSH qonunchiligidan olinganini urg‘ulamoqdalar.

Muxolifatchilar, xususan, Mixail Saakashvilining “Yagona milliy harakat” partiyasi tarafdorlari qonun loyihasi fuqarolik jamiyatiga qarshi qatag‘onlarni mashru’lashtirib, Gruziyani G‘arbdan yuz burishiga va “Rossiya tomonidan yutib yuborilishi”ga olib kelishini iddao qilishmoqda.

Gruziyadagi bahsli qonun loyihasiga qarshi norozilik aksiyalari xususida Ozodlik avval ham bir necha maqola va videolavhalar tayyorlagan: