“Nastoyashcheye vremya” telekanali “Migrant Media” bilan hamkorlikda “Bu bizning o‘z yerimiz” nomli hujjatli filmni suratga oldi. Filmda Rossiya bosqiniga qaramay Ukrainada yashashda davom etayotgan migrantlar haqida hikoya qilinadi. Kartina qahramonlari – Qirg‘izistonda, Tojikistonda, Turkmanistonda yoki O‘zbekistonda tug‘ilgan va hozirda Kiyev, Xarkov va Odessada yashayotgan oddiy odamlar.
Ular urush davri qiyinchiliklari, Ukrainada boshqa millat va dinlar mansublariga munosabat va eng asosiysi – nega mamlakatdan ketishni istamasliklari haqida so‘zlab berishadi.
Ukrain armiyasi askarlari
O‘zbekistonlik Mirodil Yunusovning bir emas, ikki o‘g‘li frontda. U urushning ilk kunini shunday xotirlaydi: “Dahshat ichida uyg‘ondik. Evakuatsiyaga ketinglar, deyishdi. Biz ketdik, o‘g‘illarim qoldi. Ular ertasigayoq armiyaga askarlikka yozilishdi”.
Mirodil o‘zi ham frontga jo‘namoqchi bo‘lganini, ammo harbiy komissariatdagilar “qarib qolgan ekansiz”, deb uni qabul qilishmaganini aytadi. Hozir o‘g‘illari Kremennaya ostonasida jang qilishmoqda ekan.
“Bir gal uch kun ulardan xat-xabar bo‘lmadi. Juda ham qo‘rqdim. Kremennaya atrofida har bir qarich yer minalangan. O‘g‘illarim BTRda askarlarni olib yurishadi. Bir gal jangga askar tashlab, ikkinchi chiziqda ularni o‘t ochib, pana qilib turishibdi. Ikki-uch kundan so‘ng jang tugagach, askarlarni olib, ortga qaytishgan. Qo‘ng‘iroq qilishganida quvonib ketdim”, deydi Mirodil aka.
U Sharqiy Yevropadagi eng katta buyum bozori bo‘lmish Xarkovdagi “Barabashovo” bozorida osh pishiradi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
2022-yil martda Rossiya armiyasi “Barabashovo”ni o‘qqa tutadi, Mirodilning oshxonasiga tutash rastalar yonib ketadi. Biroq u tushkunlikka tushmay oshpazlikni davom ettiradi:
“Oshimni juda arzonga sotaman, suv tekinga... Urush vaqtida odamlar bir-birlariga tirgak bo‘lishi kerak”, deydi u ishonch bilan.
Qozog‘istonlik Ruslan Maxanbetaliyev Xarkovda yashaydi, uning katta o‘g‘li Rashid frontda.
“Qozog‘istonda tug‘ilgan bo‘lsa ham, Ukrainani mudofaa qilyapti. Boshidayoq aytdi: “Ota, urushga ketaman, Ukrainani himoya qilishga. Biz ko‘chmanchi xalqmiz. Lekin urushdan qochib u yoqqa ketsak, u yoqda urush chiqib, bu yerga kelsak, shu hayot bo‘ladimi? Kim jang qiladi?” Men o‘g‘limni qaytarmadim, fotiha berdim”, hikoya qiladi ota.
Rashid frontga oddiy askar bo‘lib ketgan ekan, janglarda o‘zini ko‘rsatgach unga “Jasurligi uchun” medali va kichik serjant unvonini berishibdi.
“U bilan faxrlanaman, o‘g‘lim Ukrainani himoya qilayotganiga xursandman”, deydi Ruslan.
Rovshanbek Ro‘zmetov Turkmanistonda tug‘ilib, voyaga yetgan. 54 yoshda, millati o‘zbek. Ona tilidan tashqari, turkman, rus va ukrain tillarini biladi.
“Armiyaga chaqirilganimda 18 yoshda edim, – deydi u. – Shu tariqa men, harbiy xizmat bahonasida umrimda birinchi marta Ukrainaga keldim. Xizmat vaqtida bu xalqni tanidim, ular oqko‘ngil, bag‘rikeng odamlar ekaniga amin bo‘ldim”.
Ro‘zmetovning kasbi – advokat, lekin hozir u Ukraina QK tarkibida frontda jang qilmoqda.
“Urush boshlangan kun juda yaxshi yodimda, – hikoya qiladi Rovshanbek. – Uyda edim. Xotinim, bolalarim ham. Ustma-ust portlash saslarini eshitishimiz bilan urush boshlanganini tushundik”.
Qonun Ro‘zmetovga voyaga yetmagan uch farzandini olib, Ukraina hududidan chiqib ketishga izn berardi. Biroq u bunday qila olmadi. “Farzandlarimning Vatanini bu ahvolda tashlab ketsam, keyin ularning ko‘zlariga qandoq qarayman, deb o‘yladim. Chunki bolalarim shu yerda tug‘ilishdi, shu yerda ulg‘ayishyapti. Ketish – ularga, xotinimga nisbatan xiyonat bo‘lur edi”, deydi Rovshanbek.
Turkmanistonlik o‘zbek suhbatdoshimiz “slavyanlarga sira o‘xshamaydigan aft-angori bilan” Ukrainada tinch, bexavotir yashashini aytadi: “2006-yildan beri ko‘chada birov mendan hujjat so‘ramaydi. Ilgari, 2006-yilgacha ba’zan militsiya to‘xtatib, tekshirish uchun hujjat talab qilardi. Hozir bunaqa narsa yo‘q”.
Rovshanbek Ukrainani – e’tiqod erkinligi va diniy xilma-xillikka nisbatan toqatliligi uchun ham maqtaydi. “Masjidlarga bemalol kirib-chiqamiz, namoz o‘qiymiz, o‘zimiz istagandek yashaymiz. Hech kimning biz bilan ishi yo‘q”, deydi u.
Mayya Vergolyas ham Turkmanistonda, Toshhovuz shahrida tug‘ilgan. Maktabni bitirganidan so‘ng Yekaterinburgga o‘qishga borgan. Ayol talabalik yillarini eslarkan, bir voqeani esga oladi:
“Kunlarning birida Sverdlovskda (shaharning sovetcha nomi – NV) tramvayda ketayotib yurtdoshlarimni uchratib qoldim. Biz o‘z tilimizda gaplasha boshladik: qalaysan, nima qilib yuribsan, deb. Bir mahal orqamizdan qanaqadir kampir butun vagonni boshiga ko‘tarib shang‘illadi: “Hoy, chulchutlar, o‘chir hammang ovozingni. Men senlarni tushunmayapman, ruscha gapirlaring!”
Taqsimotdan so‘ng Vergolyas Kiyevga ishga jo‘natiladi, 1989- yildan beri u Ukrainada yashaydi. Shu yerda oila qurib, farzand ko‘rgan. Biologiya fanlari doktori, Inson anatomiyasi va fiziologiyasi kafedrasi professori. Ammo hozirda Mayya hududiy mudofaa safida instruktor bo‘lib xizmat qiladi, ya’ni odamlarga urush vaqtida o‘zini qanday himoya qilishni o‘rgatadi.
Ayol Rossiya Ukrainaga bostirib kirgan kun eslarkan, ko‘ziga yosh oladi: “O‘g‘lim bilan erim kech bo‘lganiga qaramay, uxlashmadi. Mening ham uyqum qochdi. Ular bir nimalarni muhokama qilishardi. Saharga yaqin ko‘zim ilingan ekan. Bir payt erim turtib, uyg‘otdi. Soat beshlar chamasi. “Tur, urush boshlandi”, dedi u. Angrayib qoldim. Rostakam urush boshlanganiga ishongim kelmasdi sira...”.
Aytishicha, 2014-yili Rossiya Ukrainaning Qrim yarimorolini va sharqiy hududlarini anneksiya qilganida Rossiya kanallarini ko‘radigan va propagandaga ishongan Turkmanistondagi qarindoshlari unga ta’na qilganlar. “Yodimda, amakimning o‘g‘li menga: “Ukraina nima qiladi urushib? Ular faqat rus tili muomalada qolsin, deyishyapti-ku axir. Rus tilini joriy qilinglar, shunday urush ham bo‘lmaydi”, degandi. Ularga axborot shunaqa shaklda yetkazilgan”, deydi Vergolyas.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Volontyorlar
Etnik qozoq aka-uka Darmenovlar Kiyevda yashashadi. Rossiya bosqini boshlanganidan so‘ng ular volontyor bo‘lib, tinch aholiga va harbiylarga yordam berishmoqda.
Og‘a-ini volontyor sifatida birinchi bo‘lib Gostomelda ishlashgan ekan. “Rus bosqinchilari ketganidan so‘ng u yerda bir necha kungina volontyorlik qildik, – hikoya qiladi Rustam. – Shaharda harbiylar juda ko‘p, har besh metrga blokpostlar qo‘yilgandi. Hujjatlarimiz mashina pesh oynasi yoniga qo‘yib qo‘yardik, chunki har besh qadamda ko‘rsatishga to‘g‘ri kelardi”.
Gostomelda aka-ukalar palov, bo‘g‘irsoq pishirib mahalliy aholiga tarqatishgan, so‘ngra urush avvalida Rossiya qo‘shinlari okkupatsiya qilgan butun Kiyev viloyatini kezib, volontyorlik qilganlar.
“Biz qozoqmiz deb aytmasdik, – davom etadi Rustam. – Bir kuni bitta aholi maskaniga borib qoldik. U yerda ilgari buryatlar bo‘lgan ekan. Ular o‘zlarini xo‘jayinlardek tutishgan, odamlarni talashgan, xo‘rlashgan. Biz duragaymiz: tomirimizda slavyan qoni ham, qozoq qoni ham bor. Ota tarafimiz toza qozoqlar bo‘lgani uchun ularga tortganmiz ko‘proq. Rossiya armiyasining talonchi buryat askarlaridan jabr ko‘rgan kishilar bizga duch kelganda sarosimaga tushib qolishardi. Shunda “cho‘chimang, biz buryat emasmiz”, deb ularni tinchitardik”.
Rustamning ukasi Damir 2022-yil yozda Kiyev Milliy tibbiyot universitetini tamomladi, 2023-yil boshlaridan beri u jismoniy toliqqan ukrain harbiylarining tiklanishiga ko‘maklashmoqda.
Rossiya o‘z bosqinini “rusiyzabon aholini himoya qilish” bilan xaspo‘shlayotgani Damirni g‘azabga soladi.
“Biz o‘z yurtimizdamiz, biz emas, ular bostirib kelishdi, yana-tag‘in bizni natsistlar deyishadi, kimlarnidir kamsitishda ayblashadi!” deydi u.
Darmenov umr bo‘yi ruscha gaplashganini, lekin hech qaachon hech kim e’tiroz bildirmaganini aytadi.
Boboyi Shayx laqabli kishi Ukrainaga Tojikistondan kelgan, u xarkovliklarga har kuni palov pishirib beradi. “Maqtanish emas-ku, lekin mening ishimga uncha-muncha odam dosh berolmaydi. Beshta qozonda osh pishiraman – beshta o‘choqning o‘ti, olov tafti hazilakam emas. Ko‘nikib ketganman. Lekin bir oy ro‘zada qiyinroq bo‘ldi”, deydi u.
Boboyi Shayx qiyinchiliklarga qaramay ukrainlarga yordam berishga qat’iy bel bog‘laganini urg‘ulaydi. “Odamlarga achinaman. Bunaqa kunlar mening ham boshimdan kechgan. 1991-yilda bizda ham urush, ocharchilik bo‘lgan, barini ko‘rganman”, ma’yus tortadi suhbatdoshimiz.
U Ukraina go‘yo musulmonlarning huquqlarini poymol qilayotgani haqidagi mish-mishlarga ishonmaslikka chaqiradi. “1996-yildan beri Ukrainadaman, bunaqasini ko‘rmadim, eshitmadim. Namoz o‘qishimga biron marta monelik bo‘lgan emas. Kim qaysi xudoga sig‘inishi bilan bu yerda hech kimning ishi yo‘q”, deydi Boboyi Shayx.
Serfarzand ota-onalar
Ukrainada 2022-yilda 206 ming nafar, 2023-yilning birinchi yarmida esa salkam 100 ming nafar bola tug‘ildi. Rossiya bosqini tufayli ayollar ba’zan farzandlarini yerto‘lalarda dunyoga keltirdilar.
Qirg‘izistonlik Jamoldin Qosimovning to‘rt bolasi bor, oila Odessada yashaydi. Kenjasi urush vaqtida tavallud topgan.
“Urush boshlanganida xotinim to‘rtinchi farzandimizga homilador edi, shuning uchun eson-omon qutulib olarmikan deb ko‘p xavotir oldim. Dard kechasi tutdi, bizni tug‘ruqxonaga qo‘yishmadi”, deydi u.
Jamoldin 10 yildirki Odessaning mashhur go‘sht bozorida ishlaydi, qo‘y va mol go‘shti sotadi.
“Harbiy holat joriy qilingunicha hammasi yaxshi edi, keyin savdo deyarli to‘xtab qoldi. Urushning birinchi haftasida umuman ishlaganimiz yo‘q. Keyin sekin-asta bozor jonlana boshladi, ayniqsa keyingi paytlarda savdo iziga tushyapti, xudoga shukr”, deydi suhbatdoshimiz.
Yana bir serfarzand ota, Qumarbek Raman – maktablar tarmog‘i sohibi. U Qirg‘izistonda tug‘ilib, katta bo‘lgan, 2018-yilda Ukrainaga ko‘chib kelgan. Qumarbek Ukrainada o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan: uning bir nechta xususiy maktabi, bog‘chalari bor.
Qumarbek bizga xususiy maktablaridan birini ko‘rsatdi. Urush bo‘layotganiga qaramay maktab ishlayapti.
“Bino to‘rt qanotdan iborat, bu qanot boshlang‘ich sinflarga mo‘ljallangan. Birinchi, ikkinchi va uchinchi sinflar shu yerda o‘qiydi. Yana kichikroq xonalar bor, ularni bombapanagohga aylantirganmiz”, izoh beradi u.
Qumarbekning uch farzandi bor, kenja qizi Ukrainada tug‘ilgan, ota-ona unga Miroslava deb ism qo‘ygan ekan. “Mamlakatda tinchlik, osoyishtalik bo‘lsin deb shu ismni tanladik”, deydi ota.