O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-may kuni “Jadidlar merosi davlat muzeyini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorini imzoladi. Qaror matni O‘zA saytida yoyinlangan.
Qarorda yangi muzey Buxoro shahridagi “Hovli Poyon” majmuasida tashkil etilishi aytilgan.
Hujjat bilan “Jadidlar merosi” muzeyi faoliyatining asosiy vazifalari quyidagilar etib belgilangan:
- jadidlik harakatiga oid mamlakatimiz va xorijdagi turli manbalar va tarixiy hujjatlarni aniqlash, to‘plash, saqlash, o‘rganish, tiklash, nusxalash, e’lon qilish, ular asosida Muzey fondini boyitib borish va ekspozitsiyalarni yaratish, shuningdek, madaniy-ma’rifiy va ilmiy-tadqiqot faoliyatini amalga oshirish;
- ma’rifatparvar jadidlarning Vatanimiz va jahon tarixidagi muhim o‘rni va ahamiyatini, milliy istiqlolimizning ma’naviy asoslarini yaratishdagi hissasi va fidoyiliklarini haqqoniy yoritish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish;
- muzey ekspozitsiyalarini yaratishda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va mustahkamlash.
Qarorga muvofiq, muzey binosini mukammal ta’mirlash, jihozlash va hududini obodonlashtirish, Muzey ekspozitsiyasini yaratish bilan bog‘liq xarajatlar qaror ilovasiga muvofiq ajratiladigan manbalar hisobidan, muzeyni saqlash xarajatlari – Buxoro viloyati mahalliy byudjeti mablag‘lari, Muzeyning o‘z daromadlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan qoplanishi, muzeyga shtat birliklarini ajratish hamda xodimlarga ish haqi to‘lash esa Madaniy meros agentligi tizimidagi muzeylar uchun belgilangan tartibga muvofiq amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Prezident matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, 31-may kuni Shavkat Mirziyoyev Buxoro viloyatiga safar qilgan. Buxoroga tashrifini Bahouddin Naqshband maqbarasi ziyoratidan boshlagan prezident viloyatda amalga oshirilayotgan loyihalarni ko‘zdan kechirgan, mahalliy faollar bilan uchrashgan va yangi xalqaro aeroport doxil yirik obyektlar qurilishiga start bergan.