Buxoro viloyatining Buxoro va Qorako‘l tumanlarida gaz ta’minotidan norozi aholi magistral yo‘lni to‘sib qo‘yishidan bir kun o‘tib, ushbu tumanlarda gaz ta’minoti qisman tiklangani aytilmoqda.
10 - dekabrga o‘tar kechasi gazsiz qolgan Qorako‘l tumanining “Do‘stlik” va “Qorako‘z” mahallalari aholisi O‘zbekistonni Turkmaniston va Eron bilan bog‘lovchi M37 xalqaro avtomagistral yo‘lini to‘sib qo‘ydi.
Bundan oldin Buxoro tumanida ham tabiiy gaz va elektr taqchilligidan norozi aholi yo‘lni to‘sib qo‘ygani haqida xabar qilingandi.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videolarda, asosan, ayollardan iborat o‘nlab odam transport vositalari harakatini to‘xtatishga urinayotgani ko‘rinadi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
Buxoro tumanidagi norozilik aks etgan videoda bir necha o‘n odam, asosan, ayollar yo‘lni to‘sib qo‘yishga urinayotgani aks etgan. Odamlar xonadonlari gazsiz qolganini aytishadi.
"Muammo qisman bartaraf etildi"
Buxoro viloyati hokimligi rasmiylari har ikki tumandagi aksar xonadonlarda tabiiy gaz bosimi tushib ketgani va bu aholi noroziligiga sabab bo‘lganini Ozodlikka tasdiqlashdi.
Hokimlikning ismi ochiqlanmasligini so‘ragan rasmiysi, 10 - dekabr kuni Ozodlik bilan suhbatda Qorako‘l va Buxoro tumanlarida "gaz ta’minoti bilan bog‘liq yuzaga kelgan muammo qisman bartaraf etilgan"ligini aytdi.
"Buxoro tumanining "Rabotipoyon", Qorako‘l tumanining "Qorako‘z" va "Do‘stlik" mahallalarida gaz bilan bog‘liq muammolar bo‘lgan. Havo keskin sovib, gaz iste’moli ko‘payishi sabab ko‘p xonadonlarda tabiiy gaz bosimi pasayib ketgan.Kechani o‘zida "Hududgaz Buxoro"ga muammoni bartaraf etish topshirig‘i berildi. Bugundan Qorako‘lga mana gaz yetarli bosimda berilyapti. Ba’zi joylarda bosim kamroq bo‘layotgan bo‘lishi mumkin, yaqin kunlarda ularniki ham hal bo‘ladi", - dedi Buxoro viloyati hokimligi rasmiysi.
Hududgaz Buxoro" MChJ bayonotida ham Buxoro va Qorako‘l tumanida gaz bosimi so‘nggi kunlarda uch baravariga tushib ketganligi, 10 - dekabr kuniga kelib hududda gaz ta’minoti tiklanganligi aytiladi.
"Kogon” magistral gaz quvurlari boshqarmasiga qarashli “Qorako‘l” gaz taqsimlash stansiyasidan tumandagi iste’molchilarga 6 atmosfera bosimi ostida yetkazib berilayotgan tabiiy gazni gaz taqsimlash stansiyasidagi 2-raqamli jo‘mrak orqali 1,8-2 atmosferaga qisqartirilishi natijasida aholi xonadonlariga tabiiy gaz ta’minoti to‘xtab qolgan. Bu esa tumandagi “Do‘stlik” va “Qorako‘z” mahalla fuqarolar yig‘ini aholisining noroziligiga sabab bo‘lgan. Ayni vaqtda, hududda gaz ta’minoti tiklandi", - deyiladi "Hududgaz Buxoro" MChJ bayonotida.
Qorako‘l tumanidagi "Do‘stlik" va "Qorako‘z" mahallalarida yashovchi ba’zi aholi vakillari norozilik ortidan gaz ta’minoti tiklanganini aytishdi. Ayni vaqtda ayrim xonadon egalari gaz bosimi hamon pastligidan nolimoqda.
"Hozircha bor, lekin bosim past. Uch kun oldin umuman yo‘q edi. Yana uzib qo‘yishmasa bo‘ldi. Chunki odamlar sal norozi bo‘lsa, vaqtincha gaz berib, uzib qo‘yishi oldingi yillari bo‘lgan", - deydi Qorako‘l tumani ahli vakillaridan biri.
M37 xalqaro avtomagistral yo‘li O‘zbekistonni Turkmaniston va Eron bilan bog‘lovchi yo‘l hisoblanadi.
Buxoro viloyat hokimligi rasmiysining Ozodlikka aytishicha, norozilik sabab avtomobillar qatnovi to‘xtab qolmagan.
"Kim yo‘l to‘ssa, muammoni hal qilib berish yechim emas"
Toshkentdagi "Ezgulik" inson huquqlari tashkiloti rahbari Abdurahmon Tashanov O‘zbekistonda energetik bo‘xron ko‘lami katta ekani, kim janjal ko‘tarsa yoki yo‘l to‘ssa, muammosini hal qilish masalaning yechimi emasligini aytadi.
"Bu yil qish odatdagidan erta, 12 daraja sovuq keldi. Gaz yo‘q. Yillar davomida bu sohaga investitsiya qilinmadi. Muammoni hukumat ham tan olyapti. Lekin kim janjal qilsa yoki yo‘l to‘ssa, muammoni borib hal qilib berish, bu - yechim emas. Chunki gaz taqchilligi faqat Buxoroda emas. Toshkentda ham gaz past. Qish hali oldinda. Agarda muammo miqyosli hal qilinmasa? ijtimoiy norozilik ko‘payaveradi, tinchi bo‘lmaganidan keyin yo‘l to‘sishlar yana bo‘lishi mumkin. Lekin muhimi hukumat, hokimliklar shu muammoni tan olyapti. Ilgarigi hukumat tan olmagan. Muammoning yechimi uni tan olishdan boshlanadi", - deydi Tashanov.
O‘zbekistonda har yili qish mavsumida gaz va elektr ta’minotidagi uzilishlar dan norozi aholining chiqishlari kuzatiladi.
Браузерингиз HTML5 ни қўллаб- қувватламайди
O‘tgan yili gaz va elektr ta’minotidagi muntazam uzilishlar ortidan Andijon, Farg‘ona, Sirdaryo va Qoraqalpog‘istonda aholi norozilik bildirib, yo‘llarni to‘sib qo‘ygan edi.