Buxoroda 16 yoshli o‘smir yigit va 17 yoshli qizning nikohlanishi bilan bog‘liq holat Bolalar ombudsmani tomonidan alohida kuzatuvga olingan. Bu haqda Bolalar ombudsmani matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.
Avvalroq Kun.uz nashri Buxoro viloyatida voyaga yetmaganlar yoshlarning to‘yi bo‘lib o‘tgani haqida xabar qilgan edi.
Holat o‘rganilishi ortidan “29-iyun kuni Buxoro shahrida oilalarning o‘zaro kelishuvi asosida 2008-yilda Shofirkon tumanida tug‘ilgan A.A. (o‘g‘il bola) va 2007-yilda Qorako‘l tumanida tug‘ilgan R.N.ning (qiz bola) nikoh to‘yi bo‘lib o‘tgan”i aniqlangan va bu borada tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilgan.
Bolalar ombudsmani 2-iyul kuni voyaga yetmaganlarning ota-onalari N.S. va N.Q.ni O‘zbekiston Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47−3 moddasi (Nikoh yoshi to‘g‘risidagi qonunchilikni yoki nikoh tuzish tartibini buzish) bilan ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan hujjatlar sudga yuborilganini qayd etgan.
Xabarnomada, Oila kodeksining 15-moddasiga muvofiq, O‘zbekistonda nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh etib belgilanganini eslatilgan.
“Bu qonuniy talabning buzilishi bolaning ta’lim olish, sog‘lig‘ini saqlash hamda jismoniy, aqliy va ma’naviy uyg‘un ravishda kamol topish huquqlariga mutlaqo ziddir”, deya qo‘shimcha qilgan Bolalar ombudsmani.