COVID-19 infeksiyasiga qarshi to‘liq emlangan insonlar boshqa emlanganlar bilan kichik guruhlarda niqobsiz yig‘ilishi mumkin. Ammo zarurat bo‘lmasa sayohatga chiqmaslik va jamoat joylarida niqob taqib yurish tavsiyasi o‘z kuchida qoladi, deb bayonot berdi prezident Jo Bayden ma’muriyati dushanba kuni.
AQSh Kasalliklarni nazorat qilish va oldini olish markazining (CDC) yangilangan qo‘llanmasida aytilishicha, to‘liq emlangan insonlar tahdid guruhiga kirmaydigan shaxslar bilan ham kichik guruhlarda niqobsiz uchrashsa bo‘ladi.
Emlanganlar soni shiddat bilan oshib borayotgan bir vaziyatda pandemiya cheklovlari birozgina yumshatilishi sog‘liqni saqlash masalasiga hamon ehtiyotkorlik bilan yondashilayotganidan dalolatdir. Prezident Bayden kasallanishlarning yana bir to‘lqini yopirilmasligi uchun amerikaliklarni hushyor bo‘lishga hamda tibbiy yo‘riqlarga amal qilishga chaqirdi.
Kasalliklarni nazorat qilish idorasiga ko‘ra, to‘liq emlangan insonlar katta yig‘ilishlarda ishtirok etmagani, shuningdek, ular hali emlanmagan yoki COVID-19 infeksiyasining og‘ir kechirishi mumkin bo‘lgan shaxslar bilan uchrashganda niqob taqqani ma’qul.
SDC rahbari Roshel Valenskiyning qayd etishicha, kuniga 60 mingta yangi kasallanish qayd etilayotgan bir paytda xavf guruhida bo‘lgan yoki hali emlanmagan aholi vakillarini muhofaza qilmoq darkor.
“Pandemiyani to‘liq yengganimiz yo‘q, aholining 90 foizdan ko‘prog‘i hali emlanmagan. Shu sabab, emlanganlar ham, emlanmaganlar ham zarurat bo‘lmasa sayohatga chiqmasligi va ko‘p odam yig‘iladigan joylarga borishdan tiyilishi lozim”, – deydi Valenskiy.
AQShda COVID-19 infeksiyasi tufayli nobud bo‘lganlar soni 525 ming kishidan oshdi. Koronavirus tahdidi bo‘rttirib ko‘rsatilayotganini da’vo qilib, jamoatchilikni pandemiya tez orada tugashiga ishontirishga uringan Trampdan farqli o‘laroq, Bayden prezidentligining ilk kunidanoq aholini niqob taqib yurishga undadi. Emlash jarayoni boshlangach, ba’zi shtatlar deyarli barcha cheklovlarni bekor qilmoqda.
Avvalgi hayot tarziga qaytishni intiqib kutayotgan amerikaliklar imkon qadar tezroq emlanishga harakat qilmoqda. Tadbirkorlar, xususan, sayohat, ko‘ngilochar va xizmat ko‘rsatish sohalari vakillari aholi to‘liq emlangach, ularning faoliyati yana jonlanishiga umid qilmoqda.
Yangi yo‘riqnomalar koronavirus hamon tarqalayotgan sharoitda emlangan aholi avvalgi hayot tarziga qay tarzda xavfsiz qaytishi mumkinligi borasidagi tavsiyalarni o‘z ichiga oladi, lekin hozircha omma kutayotgan jiddiy yengilliklar yo‘q.
“Yo‘riqnomalar dastlabki muhim qadam bo‘ldi. Bu bizning yakuniy marramiz emas. Ko‘proq aholi emlanib, jamoaviy immunitet hosil bo‘lgach, yo‘riqnomalar yangilanaveradi”, – deydi Valenskiy.
CDC ma’lumotiga ko‘ra, hozirda 30 million kishi, ya’ni AQSh aholisining 9,2 foizi Pfizer/BioNTech, Moderna va Johnson & Johnson vaksinalari bilan to‘liq emlangan. Aholining 18% foizi, ya’ni 58,9 millioni koronavirusga qarshi vaksinalarning kamida bitta dozasini qabul qilgan.
Qayd etilishicha, vaksinalar COVID-19 infeksiyasi bilan kasallanishning oldini oladi, emlangan insonlar infeksiyani tarqatishi mumkinligi haqida ham hozircha ma’lumot yo‘q. Lekin bu infeksiyaga yo‘liqish xavfi yuz foiz yo‘qolganini anglatmaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kasalliklarni nazorat qilish idorasi o‘tgan oyda kovidga chalingan inson bilan muloqotda bo‘lgan emlangan insonlar, agarda ularda kasallik asoratlari kuzatilmasa, 14 kunlik karantinga amal qilmasa ham bo‘ladi deb bayonot bergan edi.