Toshkent shahri va Samarqand viloyatida fuqarolarni xorijiy davlatlarga ishga yuborishni va’da qilgan shaxslar ushlandi, deb ma’lum qildi Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti.
Chilonzor tumanida DXX va IIBB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqarolar A.N. va D.I. qo‘lga olingan. Ular tanishlari yordamida aylanma yo‘llar orqali AQSHga ishga yuborish uchun fuqaro A.J.dan 14 ming dollar olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida yashovchi fuqaro esa ikki vatandoshdan go‘yoki yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari yordamida Angliyaga ishga yuborish evaziga 2500 dollar va 2,5 million so‘m olgani aniqlangan.
Har ikki holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan.
Keyingi yillarda o‘zbekistonliklarning noqonuniy yo‘l bilan AQSHga borishga urinishi holatlari ko‘paygan.
2023-yil oktyabr oyida Fox News so‘nggi ikki yil ichida O‘zbekiston fuqarolari AQSH chegarasini noqonuniy kesib o‘tganlar orasida uchinchi o‘rinni egallagani haqida xabar tarqatgan. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu muddat ichida 13624 nafar o‘zbekistonlik AQSHga noqonuniy o‘tishga harakat qilgan.
Ozodlik radiosi o‘tgan yil avgust oyida “O‘zbeklarning Amerikaga xatarli yo‘li” deb nomlangan surishtiruvni e’lon qilgan edi. Unda o‘zbekistonliklarning Qo‘shma Shtatlarga Lotin Amerikasi davlatlari, jumladan, Meksika orqali noqonuniy o‘tishga urinishi hikoya qilingan: