Deputat Qodirov o‘lim jazosini tiklashni taklif qilmoqda

Qonunchilik palatasi deputati Alisher Qodirov

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” partiyasi lideri Alisher Qodirov O‘zbekistonda o‘lim jazosi tiklanishi lozimligiga ishora qildi. Deputatning bunga oid bayonoti Toshkentning Yashnobod tumanida bir erkak o‘zi bilan birga yashagan ayolning 3 yashar o‘g‘ilchasini pichoqlab o‘ldirganiga oid xabarlar ortidan berilgan.

Avvalroq mahalliy nashrlar muqaddam sudlangan 31 yoshli erkak o‘zi bilan birga yashagan ayol bilan janjallashganidan keyin uning 3 yashar o‘g‘lining yelkasi, boshi va ko‘zlariga 12 marta pichoq tiqib olgani, buning oqibatida bolakay kasalxonaga olib borilgunicha jon taslim qilgani haqida xabar qilishgan. Xabarlarda iddao qilinishicha, qotillikda gumonlangan erkak ham, o‘ldirilgan bolaning onasi ham narkoman bo‘lgan.

Voqea ortidan Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani, gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlanib, tergov harakatlari olib borayotganini ma’lum qilgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokama qilinayotgan bu voqeaga munosabat bildirar ekan, deputat Alisher Qodirov “murg‘ak bolaga vahshiylik qilgan inson yashamasligi kerak”ligini urg‘ulagan.

Hayvonlashib ketgan jinoyatchini soliqlarimiz hisobiga sog‘ligini saqlab, qornini to‘ydirib, boshqa inson bo‘lib qolishini kutib o‘tirish – mantiqsiz! Bundaylardan jamiyatni tozalash kerak!”, deya ta’kidlagan “Milliy tiklanish” lideri.

Ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmentida deputatning bu fikrini qo‘llab-quvvatlayotganlar ham, bu fikrga qarshi chiqayotganlar ham topiladi. Qodirovning fikriga qarshi chiqayotganlardan biri bloger Shahnoza Soatova bo‘lib, uning mulohazasicha, bu taklif ko‘plab mudhish va ortga qaytarib bo‘lmas oqibatlarni keltirib chiqarishidan tashqari samarasiz hamdir.

“Ehtirosga berilib, bitta muammoni bartaraf etish uchun boshqa muammoni taklif qilmasdan, sabablarga qaragan ma’qul”, deb yozgan Shahnoza Soatova.